O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining yangi o‘rinbosari tayinlandi

O‘zbekiston 12:00 / 01.02.2016 8054

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 26 yanvardagi qaroriga muvofiq, Abbosjon Mirzorahimov madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Abbosjon Mirzorahimov vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishidan avval Madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy-ma'rifiy muassasalar, muzeylar, axborot resurs markazlari boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

U 1997—2001 yillar Termiz davlat universiteti (bakalavr), 2001—2003 yillar O‘zbekiston Milliy universiteti (magistr), 2006 yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti (aspirantura), 2011—2012 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan. Tarix fanlari nomzodi.

Vazir o‘rinbosari lavozimida Abbosjon Mirzorahimov Ma'naviy-ma'rifiy muassasalar, muzeylar va axborot-resurs markazlari boshqarmasi, Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi, Badiiy ekspertiza boshqarmasi, «O‘zbekmuzey» respublika jamg‘armasi, respublika muzeylari, «Moziydan sado» jurnali tahririyati, ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalar ishini muvofiqlashtiradi, ularda ishning samarali tashkil etilishi, mehnat va ijro intizomlariga amal qilinishini nazorat qiladi.

«O‘ylaymizki, yangi tayinlangan vazir o‘rinbosari ma'naviy-ma'rifiy muasassalar tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini yanada takomillashtirish, sohani yanada rivojlantirishda ijobiy natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ladi», — deyiladi vazirlik matbuot xizmati axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: