O‘zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo‘min O‘tbosarovning vafotiga bir oy bo‘ldi. Suxandonning vafoti haqida 2016 yil 1 yanvar kuni xabar berilgan edi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali diktor Muslimbek Yo‘ldoshev o‘zining Feysbukdagi sahifasida Abdumo‘min O‘tbosarovni xotirladi.
Quyida bu yodnoma qisqartiriilgan shaklda berilgan.
“Bugun, do‘stimning bu dunyo tashvishlarini tashlab ketganiga bir oy bo‘ldi. Oxirati obod bo‘lgani rost bo‘lsin. Omin!
Quyida ming yil oldin olingan bir fotosuratni e'lon qilayapman. Laylak qorlar yer yuzini oqlikka burkayotgan lahzalarda Chorbog‘da tushilgan...
Muxlislardan uzr so‘ragan holda yana qayg‘uli mavzuda yozishga majburman. Oramizdan yana bir munosib inson, mohir suxandon, o‘z ishining ustasi, jamoat va jamiyatda hurmat qozongan, bosgan qadamida odamlarga yaxshilik ulashib yurgan qadrdonimiz - Abdumo‘min O‘tbosarov ketib qoldi. O‘ttiz yildan ortiqroq yelkama-yelka ishladik. O‘tgan yillar davomida ne yerlarga qadamimiz yetmadiyu, ne insonlar bilan hamsuhbat bo‘lmadik. Qanchadan-qancha ko‘ngilli yo ko‘ngilsiz voqea va hodisalar oqimida birga suzdik. Oldinma-keyin sochimizga oq tushdi. Ketma-ket unvonlar, mukofotlarni qo‘lga kiritdik. O‘zimiz ham, farzandlarimiz bilan birga ham tog‘lar oshdik, ko‘ngilga erk berdik. Qayerda yurmaylik, uyimizni, ishimizni, demakki burch va vazifamizni bajarishni oldingi qatorga qo‘ydik.
... U mening do‘stim edi. Qadrdonim edi. Shogirddan hamkasb, hamkasbdan - do‘st, do‘stdan - jigarlik darajasiga sazovor bo‘la olgan ukam edi. Mehnatkashligi, halolligi, intiluvchanligi, ishbilarmonligi va oilaparvarligi menga juda yoqardi. Umuman, u nima qilsa, menga ma'qul bo‘laverardi. Menga uning bunyodkorligi yoqardi. U yo‘q narsalarni bor qilishni yaxshi ko‘rardi.
... Hoji onam ba'zi-ba'zida "Muslimbey, shu o‘rtog‘ing yaxshi bola. Gap-so‘zi durust. Uni ehtiyot qil. U bir so‘m sarflasa, san ikki so‘m sarfla. U bir marta mehmon qilsa, san ikki marta siyla. Tiling tez, odamning yuziga aybini shartta gapirasan. Unga bunaqa qilmagin, ayab yurgin" derdilar. Onam, onaizorimning imtihonidan o‘tgan do‘st edi Abdumo‘min. Bilmadim, onam aytganlarini qanchalik uddaladimu, lekin bugun shukr qilamanki, shuncha yil ichida bir nima tufayli xafalashganimiz, tushunmovchilik sabab arazlashganimiz yoki bir hafta yo‘qlashmay qolganimiz yo‘q.
U bilan ishlagan ijodkorlar - rejissyor va muharrirlar, mualliflar undan doimo ko‘ngillari to‘lgan tarzda hamkorlik qilishgan bo‘lishi kerak. Chunki u yengil-yelpi ish qilmasdi. O‘zi boshqalarni doimiy nazoratda ushlab turadigan odam, qanday qilib chala-chatti ish qilib ketishi mumkinligi aqlga sig‘maydi. Televideniyeda, telefilmda, kinoda va radioda yaxshi ishlar qilib ketdi. Shu unga nasib etdi. Bundan ham ko‘prok bo‘lishi mumkin edi, ijodiy ishlari. Lekin majburiyati, talabgirligi bois, katta-katta ommaviy tadbirlarda ko‘proq band bo‘lishiga to‘g‘ri kelardi-da. Shunga qaramay, radiodagi oxirgi ishlaridan biri - "Amir Temur siymosi" radiofilmi bo‘ldi. Pirimqul Qodirov asari asosida tayyorlangan bu ishi Abdumo‘min O‘tbosarovning haqiqiy suxandonlik ishi, informatsiyaviy yoki publitsistik emas, badiiy ishi bo‘ldiki, bu uning O‘zbekiston xalq artisti unvoniga loyiq va shuni oqlaydigan ijodiy ishi edi va men bundan yana bir bora xursand bo‘ldim. Bugun, u olamdan o‘tib qolganida esa, mana shu ishidan yana bir marta qoniqish hosil qildim. Chunki aynan mana shu radiofilmi avlodlarga qoladigan ish bo‘ldi. Ijodida yangi sahifa bunyod qildi”.
Kun.uz cayti Abdumo‘min O‘tbosarovni xotirlab eng yaqin hamkasblari bilan suhbat uyushtirdi
Nasiba Maqsudova: Abdumo‘min kelin izlab yurgandi
Galina Melnikova marhum hamkasbi Abdumo‘min O‘tbosarovning so‘nggi kunini yodga oldi