Amerikaning Barrett-Jackson auksionida ilk Acura NSX superkari 1,2 million dollarga sotildi. Bu 156 ming dollardan boshlanadigan bazaviy kupelardan qariyb 8 marotaba qimmatdir.
Avtomobilni Hendrick Motorsports kompaniyasi asoschisi va NASCAR poyga jamoasi egasi, tijoratchi Rik Xendrik sotib olgan. Avvalroq amerikalik milliarder Chevrolet Corvette Stingray (1,15 million dollar), Corvette Z06 (1 million dollar) va BMW M5 «30 Jahre» (700 ming dollar) kabi qimmatbaho “toychoq”lar egasi bo‘lgandi.
Acura NSX 2017 kupesi 3,5 litrli biturbolashgan motor bilan ta'minlangan. Turbomotordan tashqari mashinani uchta elektrodvigatel harakatlantiradi. Shundan ikkitasi old o‘qni aylantirishga mo‘ljallangan. Acura NSX`da jami 573 ot kuchi bor.
Barrett-Jackson kimoshdi savdosida Acura NSX`dan tashqari Ford Focus RS`ning dastlabki nusxasi ham sotilgan. 550 ming dollarga pullangan mazkur qimmatbaho avtomobil savdosidan tushgan mablag‘ bolalar uchun xayriyaga sarflanadi.