O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi ta'lim strategiyasidagi yangicha yondashuv

O‘zbekiston 12:43 / 01.06.2018 8852

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida ta'lim muhitining hozirgi holati uning jamoasi tomonidan ijodiy fikr yurita oladigan hamda boshqaruv, muhandislik-texnika, pedagogika va boshqa soha yo‘nalishlari lavozimlari iyerarxiyasida moslasha oladigan yuqori malakali ofitserlarni tayyorlash bo‘yicha vazifalarni hal etish yo‘llari tanlanayotgani va jarayonga yangicha yondashilayotganini ko‘rsatmoqda.

Yetakchi xorijiy davlatlarning ofitser kadrlarni tayyorlash, turli ko‘rinishdagi mashg‘ulotlarning yakuniy natijalariga erishishning samarali shakl va usullarini o‘rganish, shuningdek, konferensiyalar, ilmiy-uslubiy seminarlar va «davra suhbatlari»ni o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini puxta o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi tomonidan Mudofaa vazirligi harbiy kadrlar buyurtmachisi, mamlakatning yetakchi oliy ta'lim muassasalari ekspertlari va mutaxassislari, professorlari hamda fan doktorlari ishtirokida Qurolli Kuchlar Akademiyasida ta'lim strategiyasini aniqlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, yangi Davlat ta'lim standarti, Qurolli Kuchlar Akademiyasi bitiruvchilariga qo‘yiladigan malaka talablari, o‘quv rejalari hamda o‘quv fanlari dasturlari shular jumlasidandir.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi qoshida tashkil etilgan Oliy va o‘rta maxsus harbiy ta'lim muassasalari Ilmiy-uslubiy kengashi doirasida harbiy ta'lim jarayonini takomillashtirish, mamlakatning harbiy ta'lim muassasalarida o‘quv-tarbiyaviy faoliyatni tashkil etishning yagona mexanizmini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar tarkibi yuklamasini bugungi kun talab etayotgan me'yorga keltirish, shuningdek, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha harbiy  ta'lim muassasalarining milliy hamda xorijiy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro mustahkam aloqa o‘rnatishning amaliy shakl va usullarini belgilash masalalari tizimli ravishda ko‘rib chiqilmoqda.

O‘quv auditoriyalarining zamonaviy multimedia va interfaol kompyuter texnologiyalari bilan to‘liq jihozlanganini, ta'lim oluvchilarning shaxsiy kompyuter texnologiyalari bilan ta'minlanganini hisobga olgan Qurolli Kuchlar Akademiyasi jamoasi, birinchi navbatda, ta'lim oluvchi tomonidan sifatli bilim olishiga qaratilgan ta'limning yangi shakl va uslublarini ishlab chiqdi.

Ofitser kadrlarni tayyorlash jarayonida mamlakatning yetakchi oliy ta'lim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning harbiy-ta'lim va tadqiqot markazlari ekspertlari va mutaxassislarini Qurolli Kuchlar Akademiyasida dars o‘tishga jalb qilish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda bir qator Kelishuv va Memorandumlar imzolangan bo‘lib, birgalikda olib boriladigan ishlarning «Yo‘l xaritalari» amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Qurolli Kuchlar Akademiyasi Tayanch ta'lim muassasasi sifatida boshqa harbiy ta'lim muassasalari, «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari, shuningdek, mamlakatning boshqa litsey va kollejlarida mavjud bo‘lgan maxsus guruhlari faoliyatini joylarga professor-o‘qituvchilarni yuborish, ular tomonidan maslahatlar berish va uslubiy yordam ko‘rsatish, o‘quv-uslubiy hamda ilmiy yo‘nalishlarda tashkil etilgan tadbirlarga jalb qilish yo‘li bilan tizimli ravishda o‘quv-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Qurolli Kuchlar Akademiyasi faoliyatida pedagoglar tarkibining professionallik hamda uslubiy tayyorgarligiga alohida, birinchi darajali e'tibor qaratilgan. Ofitserlarni professor-o‘qituvchilar tarkibiga mansub lavozimlarga konkurs asosida saralash va tayinlash tizimi joriy etilgan bo‘lib, ular o‘zlarining pedagog sifatidagi malakalarini uzluksiz ravishda mamlakatning oliy o‘quv yurtlarida, professionallik malakalarini esa qo‘shinlarda hamda xorijda malaka almashish, ilmiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish, konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlarda ishtirok etish yo‘li bilan oshirishlari ta'minlab kelinmoqda. Akademiyada pedagoglarning ish natijalari, ularning professionallik va ma'naviy-ma'rifiy jihatdan o‘sishini baholashning, shuningdek, xizmat va pedagoglik faoliyatlarini rag‘batlantirishning  amaliy mexanizmi joriy etilgan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi

Nisbatan qisqa muddat ichida Qurolli Kuchlar Akademiyasining ilmiy imkoniyatlari o‘z natijalarini berdi. Buning isbotini bugungi kungacha Qurolli Kuchlar Akademiyasiga pedagoglik faoliyatini olib borishga 10 nafar fan doktorlari va 50 nafar fan nomzodlari hamda falsafa doktorlarining jalb qilinganligida ko‘rish mumkin. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hali ham yuqori sur'atlarda davom ettirilmoqda.

Umuman, hozirda Qurolli Kuchlar Akademiyasi oldiga boshqaruvning turli yo‘nalishlari, ya'ni taktika yo‘nalishidan to tezkor-strategik (strategik) yo‘nalishigacha mansub bo‘lgan bilimdon va vakolatli ofitserlarni tayyorlash vazifasi qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishda Akademiya jamoasi tomonidan doimiy ravishda ta'limning yangi usul va shakllarini izlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: