Noqobil o‘g‘lini pichoqlagan ota

Jamiyat 10:34 / 13.12.2016 27575

Sarvar aka (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qizi Nozimani uzatdi. To‘y yaxshi o‘tdi, endi bemalol dam olsa bo‘ladi. Xotini Hanifa opa bilan to‘y taassurotlarini o‘rtoqlashib o‘tirganida, rafiqasi unga qizining uyiga olib borish uchun “qovurdoq” tayyorlashi lozimligini, buning uchun kartoshka kerakligini aytdi. Sarvar aka o‘g‘lini chaqirib, xolasining uyidan kartoshka olib kelishni buyurdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Doston shoshilgancha darvoza tomon yo‘naldi. To‘ydagi “ellik-ellik”lardan boshi tars yorilgudek edi, shu bois yo‘lni kafega burdi. Kafeda spirtli ichimlik iste'mol qildi-da, yana yo‘lida davom etdi. Xolasining uyiga borsa, pochchasi bekorchilikdan zerikib o‘tirgan ekan, uni narda o‘ynashga taklif qildi. Allamahalgacha karta, narda o‘ynagan Doston kartoshkani ko‘targancha, uyiga yo‘l oldi.

Uyiga qaytib, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Qo‘ng‘iroqni bir necha marotaba jiringlatsa-da, hech kim darvozani ochmadi. Bu holatning uning asabini buzdi. Jahli chiqib, darvozani oyog‘i bilan tepa boshladi. To‘y tashvishlaridan charchab, uxlab qolgan Hanifa opa darvozaning vahimali taqillashidan uyg‘onib ketib, hovliga yugurdi.

-  Kim u? – deb so‘radi Hanifa opa hovliqqancha.

-  O‘lib qolganmisizlar? Nimaga darvozani ochmayapsizlar? – baqirdi g‘azabdan o‘zini qayerga qo‘yishni bilmagan Doston.

-  Uzr, bolam, uxlab qolib eshitmabman. Yana ichib oldingmi? Nimaga yosh joningga rahming kelmaydi-ya?...

Kayfi taroq Doston onasining gapini tushunadigan ahvolda emasdi, uning nazarida butun dunyo unga qarshi edi.

-  Ataylab ochmadingiz... Meni ko‘chada qoldirmoqchimiz hali? Adashasiz... Men ko‘chada qoladigan bola emasman... – degancha onasining qo‘lidan ushlab, tortqilay boshladi.

Hovlidagi shovqin-surondan Sarvar aka ham uyg‘onib, tashqariga chiqdi. O‘g‘lining onasini qo‘lidan tortqilayotganini ko‘rib, jahli chiqdi.

-  O‘zingni bos, Doston! Onanga qo‘l ko‘tarma, qo‘yib yubor!

Doston quturgandan quturar, ichkilik o‘z kuchini ko‘rsatardi. O‘g‘lini tinchlantira olmagan Sarvar aka oshxonaga yugurdi. Uning ko‘zi stol ustida turgan pichoq charxlanadigan qayroq toshga tushdi. O‘g‘lining onasiga biron kor-hol yetkazishidan qo‘rqqanidan, toshni ko‘tarib tashqariga yugurdi. Jahl chiqqanda aql qochar, deganlaridek, u o‘g‘lining boshiga qayroq tosh bilan urdi. 

Boshiga tushgan zarbdan Doston onasining qo‘lini qo‘yib yuborib, boshini changalladi. Vahimaga tushgan Hanifa opa “jiyanim Sardorni chaqirib kelaman”, deb ko‘chaga otildi.

-  Qanaqa bolasan o‘zi? Nega onanga qo‘l ko‘taryapsan?

Otasining bu gaplari boshini changallab o‘tirgan Dostonni yanada quturtirib yubordi. Endi u so‘kinib, otasiga hujum qildi. Sarvar aka yana oshxona tomonga yugurdi, g‘azabdan o‘zini boshqara olmay, stol ustidagi pichoqni olib, sherday hamla qilayotgan Dostonning ko‘kragiga to‘rt marotaba sanchdi...

Doston ko‘kragini changallagancha hovli chetidagi so‘riga quladi. Shu payt eshikdan jiyanini boshlagancha Hanifa opa kirib keldi. Sardor Dostonning ahvolini ko‘rgach, Sarvar akadan unga nima bo‘lganini so‘radi. Ammo Sarvar aka javob beradigan holda emasdi, qilgan ishining oqibatini o‘ylab, dahshatga tushgandi. Dostonning zo‘rg‘a nafas olayotganini ko‘rgan Sardor uni zudlik bilan shifoxonaga olib ketdi...

Ko‘proq yangiliklar: