Dekabr oyi boshida Asad rejimi qulaganidan keyin rossiyalik harbiylarning transportlari kolonnalari Suriyaning har tarafidan shimolga, Tartus porti tomon harakatlanayotgani aks etgan kadrlar tarqalgandi. Keyinroq olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari esa harbiy texnikalar Tartusda to‘planib turganini ko‘rsatdi.
Planet Labs tomonidan 29 yanvar kuni olingan yangi tasvirlarda esa endilikda portdagi qurol va texnikalarning katta qismi g‘oyib bo‘lganini ko‘rish mumkin — shu kunlarda Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador harbiy kemalar Tartusni tark etgandi.
Bu Kremlning Damashqdagi yangi hukumat bilan «ochiq» muzokaralari fonida ro‘y berdi.
Bu muzokaralar Suriyadagi o‘tish davri hukumati port ijarasi bo‘yicha Rossiya bilan kelishuvni bekor qilgani haqidagi xabarlar ortidan bo‘lib o‘tdi. Ammo hukumat vakillari hozircha bu borada yakuniy qaror qabul qilingani haqida rasmiy xabar bermagan.
Tartus so‘nggi yillarda Rossiya uchun O‘rta Yer dengizidagi muhim baza bo‘lib kelgandi — bu yerda kemalarga yoqilg‘i quyish, zaxialarni to‘ldirish va kemalarni ta’mirlash mumkin edi. Ammo ilgari portda turgan harbiy kemalar Asad rejimi qulaganidan keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rinmaydi.
Kreml port ustidan nazoratni saqlab qolishga urindi va dekabrda Rossiyaning Tartusdagi mavjudligi bo‘yicha Suriyaning yangi hukumati bilan muzokaralar olib borilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Ammo, aftidan, Moskva endi nisbatan eng qimmatbaho qurol-aslahalarini Tartusdan olib ketishga qaror qilgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Rossiya oxirgi bir necha hafta mobaynida Hmeymim aviabazasidan ham o‘z qurol va texnikalarini olib ketganini ko‘rsatgan.
Dengiz kuzatuv xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita kema — «Sparta» va «Sparta II» Tartus portiga 21 va 22 yanvar kunlari langar tashlagan. Ularning ikkisi ham «Oboronlogistika» MChJga tegishli — bu Rossiya mudofaa vazirligiga ishlaydigan hamda AQSh sanksiyalari ostidagi kompaniyadir. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, ular Rossiya qurollarini tashish bilan shug‘ullanadi. Bu kemalar transport vositalarini tashiy oladi.
MarineTraffic saytiga ko‘ra «Sparta II» Tartus portini 27 yanvar, dushanba kuni tark etgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirida ko‘rish mumkinki, portda bungacha ko‘plab harbiy texnikalar joylashtirilgandi, endi esa ular qolmagan.
Kema bortidagi transponder signali 28 yanvar tongida qisqa muddatga MarineTraffic servisi tomonidan qayd etilgan, bu vaqtda «Sparta II» O‘rta Yer dengizini Kipr sohillari yaqinida kesib o‘tayotgandi. Shundan keyin signal kelmagan, bu esa katta ehtimol bilan transponder o‘chirib qo‘yilganini anglatadi.
29 yanvar kuni esa sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yana bir kema portni tark etganini ko‘rsatdi. Ekspertlar bu «Sparta» ekanini aytishgan. Tasvirlar esa portda turgan konteynerlarning ham aksari olib ketilganini ko‘rsatadi.
«Sparta» bortidagi transponderdan signal kema Tartusda to‘xtaganidan buyon qayd etilmagan, bu esa u ham o‘chirib qo‘yilganini taxmin qilish uchun asos bo‘ladi.
Xalqaro dengiz tashkiloti 300 tonnadan ortiq yuk tashuvchi kemalarning barchasi o‘z signalini doimiy ravishda translatsiya qilishini talab etadi, alohida holatlarda istisno qilinadi.
Kema transponderini qonuniy sabablar bilan ham o‘chirishi mumkin, masalan, qaroqchilik xavfi yuqori bo‘lgan hududda suzayotganida. Ammo, NATOga ko‘ra, signal o‘chirib qo‘yilishi kema «noqonuniy faoliyatini yashirish»ga urinayotganidan ham darak berishi mumkin.
Harbiy-dengiz tahlilchisi, Belgiya floti sobiq leytenanti Frederik Van Lokeren BBC bilan suhbatda sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan kelib chiqqan holda portni tark etgan kema «Sparta» ekaniga ishonchi komilligini bildirgan.
BBC Verify ilgari «Sparta»ning harakatini kuzatgan. Kema langar tashlagan joy endi bo‘sh turibdi.
Bu kemalar aynan qayerga yo‘l olgani noma’lum. Van Lokeren ular Liviya tomonga harakatlanganini taxmin qiladi, Rossiya ushbu mamlakat sharqida, Tobrukdagi general Xalifa Haftarni qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylari va harbiy texnikalarini joylashtirgan.
O‘tgan haftada Ukraina razvedkasidagi manba BBC Verify uchun izohida dekabr oyi o‘rtalaridan boshlab Rossiya samolyotlari kamida 10 marta Suriyaning Hmeymidan Liviyadagi aviabazalarga harbiylar va texnikalar tashib o‘tganini bildirgan.
Van Lokeren kemalar Rossiyaga yo‘l olgani va keyinroq «harbiy jihozlar katta ehtimol bilan Ukraina frontiga borishi»ni ham istisno etmaydi.
Harvard universitetining sobiq SSSR mamlakatlaridagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Dmitriy Gorenburg ham oxirgi voqealar Rossiyaning Tartusdagi mavjudligi poyoniga yetganini aytadi.
«Hammasini olib chiqish uchun qo‘shimcha kemalar ham kerak bo‘ladimi, yo‘qmi, buni bilmayman. Ammo menimcha bunisi muhim emas. Rossiyaning bazadagi harbiy mavjudligi tugashi — vaqt masalasi. Keyin nima bo‘lishini esa ko‘ramiz», — degan u.