Yevropa Ittifoqi ham, AQShning yangi ma’muriyati ham Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazish zarurligiga ishonchi komil, chunki u tajovuzkor, dedi 30 yanvar, payshanba kuni DW nashriga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas. «Bu urushni aynan Rossiya boshlagan. Rossiya tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini bombardimon qilishni to‘xtatib, Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish orqali uni tugatishi mumkin. Shuning uchun biz ularga (Rossiya rasmiylari) bosim o‘tkazishimiz kerak», — deydi Kallas.
Vashingtonda ham bu vaziyatni «tushunish bor», «bundan tashqari, prezident Tramp (Rossiya prezidenti Vladimir) Putinga nisbatan juda qattiq bayonotlar berdi. Shunday ekan, menimcha, biz ham vaziyatni xuddi shunday tasavvur qilamiz», deya qayd etdi Yevropa diplomatiyasi rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubio bilan birinchi telefon suhbatidan so‘ng u Vashington ham Bryussel kabi Ukrainada vaqtinchalik sulh emas, barqaror tinchlik o‘rnatilishini istashiga amin bo‘ldi. «Bizga Rossiyaning yangi hujumi ehtimolini istisno qiladigan tinchlik kerak. Shuni yodda tutishimiz kerakki, Rossiya Federatsiyasi o‘z yalpi ichki mahsulotining 9 foizini harbiy sanoatga kiritadi. Shuning uchun biz kuchli bo‘lishimiz kerak», dedi Kaya Kallas.
AQSh va YeI Moskvaga bosimni davom ettirishga kelishib oldi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas «Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlikka» erishish uchun Rossiyaga «maksimal bosim»ni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda YeI vakili 28 yanvar kuni Rubio va Kallas o‘rtasidagi birinchi telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi AFP.
Ikkala diplomat ham «asosiy global muammolar, jumladan, Rossiyaning Ukrainadagi urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat va Xitoy tomonidan qo‘yilayotgan muammolar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash» muhimligini ta’kidladilar», deya ma’lum qildi Bryussel.
Suhbat davomida Kallas o‘z suhbatdoshiga Yevropa komissiyasi Rossiyadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarga bojlarni oshirishni taklif qilganini aytdi. Yangi bojlar «ehtimol, Rossiyaning eksport daromadlariga va Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urush olib borish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi bayonotda.