Farg‘onada “Gai” xodimi jarima maydoniga olib ketayotgan BYD voyaga yetmagan bola boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashdi

O‘zbekiston 09:44 11263

Oltiariq tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Farg‘ona viloyati YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 30 yanvar kuni sodir bo‘lgan. O‘tkazilayotgan reyd tadbiri davomida 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro M.G‘. amakisi Yo.G‘.ga tegishli BYD Song mashinasini tegishli hujjatlarsiz boshqarganligi aniqlangan. Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, YPX inspektori R.Q. mashinani jarima maydonchasiga olib ketayotganda 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan X.N. boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashgan. Damas mashinasi bolaning ustozi A.S.ga tegishli bo‘lgan.

O‘smir Damas’ni ikkinchi darajali yo‘ldan asosiy yo‘lga haydab chiqqan. Asosiy yo‘ldan kelayotgan BYD Song esa Damas’ga kelib urilgan.

YTH oqibatida Damas haydovchisi X.N. tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda BYD Song kamerasiga yozilib qolgan YTH videosi tarqaldi. Unda ko‘rinishicha, YPX inspektori mashinani aholi yashash punktida 87 km/soat tezlikda boshqargan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning bildirishicha, YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: