Rivojlanayotgan bozorlar bu safargi global inqirozdan ancha yaxshi o‘tgani aytildi

Iqtisodiyot 20:48 / 23.01.2025 2342

Oxirgi bir necha yil dunyo uchun ancha alg‘ov-dalg‘ovli yillar bo‘lgan bo‘lsa ham, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti bu safargi global shoklarga nisbatan ancha bardoshli bo‘lib chiqdi. Shu kunlarda Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Gita Gopinat shu haqda so‘z yuritdi.

“Bir ijobiy holatga e’tibor qaratishni istardim. Rivojlanayotgan bozorlar oxirgi bir necha yilni ancha yaxshi o‘tkazdi. Eslab ko‘ring, avvallari AQSh Federal zaxirasi foiz stavkalarini 450 bazaviy punktga oshirsa, pandemiya ro‘y bersa, energiya narxlari keskin oshib ketsa, rivojlanayotgan bozorlarda hozirgidan ancha ko‘proq sarosima kuzatilardi. Biz buni yaxshi eslaymiz, chunki Xalqaro valuta jamg‘armasida shu ish bilan shug‘ullanamiz. Esimda, ko‘plab majlislar o‘tkazilardi: biz o‘tirib, ehtimoliy noxush ssenariylarni tuzardik. Oxirgi yillarda shu narsa bo‘lgani yo‘q.

Bunga uzoq muddatli investitsiyalar evaziga erishildi. 1990-yillardan boshlab, ehtiyotkorlik bilan, oqilona pul-kredit siyosatini yuritishga o‘tish, moliyaviy sektorni tartibga solish, chet el valutasidagi qarzlarning haddan tashqari ko‘payib ketmasligiga e’tibor berila boshlandi. Bularning barchasi iqtisodiyotning salbiy ta’sirlarga chidamliligini oshirdi. Bu – juda yaxshi namuna”, – dedi Xalqaro valuta jamg‘armasi rasmiysi.

Ko‘proq yangiliklar: