AQSh prezidenti Donald Tramp 20 yanvar kuni Oq uyga qaytganidan keyin 48 daqiqadan kamroq vaqt ichida o‘nlab farmonlarni imzolagan, bu haqda Oq uyning yutub-kanalidagi videoyozuv orqali bilish mumkin. Quyida Trampning prezidentlik lavozimidagi dastlabki qarorlari haqida qisqacha.
Bayden prezidentligi davrida qabul qilingan 78 ta qarorni bekor qildi
Donald Tramp AQShning oldingi prezidenti ma’muriyati «populyar bo‘lmagan, inflatsiyali, noqonuniy va radikal amaliyotlarga mukkasidan ketgani»ni aytgan. Tramp o‘z qarori bilan Kubaga «terrorizm homiysi bo‘lgan mamlakat» maqomini tirkagan, inflatsiyani qisqartirish bo‘yicha qonunning «yashil» bandlarini bekor qilgan, federal xizmatchilarga masofadan ishlashni taqiqlagan, shuningdek rasmiylar kovidga qarshi emlanishi lozimligi bo‘yicha talabni bekor qilgan.
Tug‘ilish huquqi asosida AQSh fuqaroligini olishni cheklash
Tramp kindik qoni to‘kilgan tuproq huquqi (AQShda tug‘ilgan har qanday shaxs ushbu mamlakatning to‘la huquqli fuqarosi hisoblanishi prinsipi) bo‘yicha fuqarolik olishni bekor qilishga qaratilgan farmonini imzolagan. Bu huquq AQSh Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan hamda 1898 yilda Oliy sud tomonidan tasdiqlangan. Fuqarolik huquqlari va erkinliklari himoyasi bo‘yicha guruhlar koalitsiyasi 20 yanvar kuni Trampning farmoni ijro etilishini to‘xtatishga urinib, sudga da’vo kiritgan. Kaliforniya va Nyu York kabi shtatlar prokurorlari farmonga e’tiroz bildirishi kutilmoqda.
Immigratsiya va boshpana taqdim etish bo‘yicha keng qamrovli cheklovlar kiritildi
Tramp noqonuniy migrantlar oqimini to‘xtatish uchun Amerika-Meksika chegarasida favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Shuningdek, AQSh prezidenti qochqinlarni qabul qilishni to‘rt oyga to‘xtatib turish va boshpana so‘ragan, ammo ushbu maqomni olish talablariga javob bermaydiganlarni chiqarib yuborishni tezlashtirishga farmoyish bergan. Tramp Amerika-Meksika chegarasida turgan holda boshpana so‘ragan shaxs da’vosi ko‘rib chiqiladigan davrda AQShda emas, Meksikada qolishini talab qiluvchi qoidani ham tiklagan. Bundan tashqari, Tramp Meksika narkokartellarini terrorchilik tashkilotlari deb e’lon qilgan, bu esa noqonuniy migratsiga qarshi kurashishda qurolli kuchlardan foydalanishga imkon beradi.
Kapitoliy shturmi ishtirokchilari afv etildi
Tramp 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirishda ayblanganlarning aksariyatini «to‘liq, har tomonlama va so‘zsiz afv etish» to‘g‘risidagi farmonini imzolagan. Afv etilganlar soni 1500 ga yaqin. 14 kishiga, jumladan Proud Boys va Oath Keepers ekstremistik guruhlari yetakchilariga nisbatan chiqarilgan hukmlar bekor qilingan.
AQShda tiktok blokirovkasi kechiktirildi
Tramp tiktokni taqiqlashni 75 kun keyinga surish haqidagi farmonini imzoladi. U Adliya vazirligiga platforma mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi sababli 2024 yil aprelida qabul qilingan, tiktokni blokirovka qilish to‘g‘risidagi qonunni ijro etish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmaslikni buyurgan. Trampning ma’lum qilishicha, AQSh ijtimoiy tarmoq biznesining yarmini olishi, ikkinchi yarmi esa Xitoyning ByteDance kompaniyasida qolishi varianti ko‘rib chiqilmoqda.
AQSh hukumati faqat ikki jinsni — «erkak va ayol» jinslarini tan oladi
Tramp transgenderlarga qarshi qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjatda aytilishicha, federal hukumat faqat ikki jinsni - «erkak va ayol»ni tan oladi, ya’ni ushbu ikki jins pasport va vizalar kabi rasmiy hujjatlarda tan olinadi. Qabul qilingan farmonda gender — bu „gender mansublik“ sinonimi emasligi ko‘rsatilgan. Jo Bayden ma’muriyati davrida 2021 yilda AQShda transgenderlarga «X» gender markerli pasportlar berish boshlangandi. Alohida farmon bilan Tramp federal hukumatdagi «xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik» (DEI) bo‘yicha barcha dasturlarini to‘xtatdi.
AQShni JSSTdan olib chiqishni boshladi…
Tramp yana bir bor AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishi bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib, tegishli farmonni imzoladi. Tramp tashkilotdan chiqish jarayonini birinchi prezidentligi vaqtida boshlab, JSST kovid pandemiyasini eplay olmaganini aytgandi. AQSh 2020 yilda tashkilotga tegishli bildirishnomani yuborgan. Ammo Jo Bayden AQShning 46-prezidenti lavozimidagi ilk kunida bu qarorni bekor qilgandi.
… va Parij iqlim kelishuvidan chiqishni
Tramp 2015 yilda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan, global isishni cheklovchi Parij iqlim kelishuvidan chiqish jarayonini boshladi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi doirasida AQShning barcha moliyaviy majburiyatlarini tugatish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. Ushbu kelishuv ishtirokchilarni o‘rtacha global haroratning sanoatgacha bo‘lgan darajaga nisbatan Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka undaydi. Farmon Tramp 2017 yilda ham AQShni ushbu kelishuvdan olib chiqishga farmon bergandi.
Trampning boshqa qarorlari
- Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb qayta nomlash jarayoni boshlandi;
- AQShning boshqa mamlakatlarga yordam ko‘rsatish dasturlari 90 kunga to‘xtatildi;
- mansabdor shaxslarga «Amerikaning istalgan fuqarosining so‘z erkinligini konstitutsiyaga zid ravishda cheklaydigan» har qanday harakat taqiqlandi;
- suyultirilgan gaz eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida buyruq berildi;
- Ilon Mask rahbarlik qilishi kutilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (Doge)ni tuzish bo‘yicha direktiva imzolandi;
- Tramp ma’muriyati hukumat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatmagunicha yangi federal xizmatchilarni ishga yollash to‘xtatildi.
Va ish stoliga parhez «Koka-kola» chaqirish tugmasini qaytardi
Oq uydagi Oval kabinetdagi prezidentning ish stoli maxsus tugma bilan jihozlandi, u bosilganidan keyin xonaga bir stakan parhez «Koka-kola» olib kiriladi, deb xabar qilgan The Wall Street Journal gazetasi.