Toshkentning Yunusobod tumani Yangiariq mahallasida yozuvchi Oybek va rafiqasi, birinchi o‘zbek kimyogari Zarifa Saidnosirova xonadoni joylashgan. Xaritada Iftixor 1-tor ko‘chasi 26 manzili bilan chiqadi. Izlab boruvchiga yordam bersin deb ko‘chaning boshida uy-muzeyga ishora qiluvchi taxtacha ilingan. Yo‘nalish belgisiga ergashsangiz, o‘ng qo‘lda quyuq jigarrangli darvozaga duch kelasiz. Darvozaning tepasida oltin rangli harflar bilan “Oybek uy-muzeyi” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi.
Ichkariga kirishingiz bilan 2 qavatli oq bino ko‘zga tashlanadi. Bu joy haqida birozdan keyin to‘xtalamiz.
Oybek va rafiqasi qurgan bir qavatli uy esa chap tomonda joylashgan. Muzeyning asosiy eksponatlari shu yerda saqlanadi. Ulan 10 mingdan ortiq. Muzey bilan tanishish Oybekning bolaligi o‘tgan xonadan boshlanadi.
Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkentning Gavkush mahallasida bo‘zchi oilasida tug‘ilgan. Yozuvchining ota-onasi, buvasi va mahallasi haqidagi xotiralari avtobiografik asari “Bolalik”da tasvirlagan.
U ilk saboqni Oqmasjid mahallasidagi eski maktabda oladi. 1918-1921 yillarda esa Munavvarqori Abdurashidxonov tashkil etgan “Namuna” maktabida o‘qiydi. “Bu maktabda tayyorgarligi ancha jiddiy bo‘lgan iste’dodli yoshlar o‘qituvchilik qilgan. Ularning qo‘lida ta’lim olgan yoshlar orasidan keyinroq Hamza, Qayum Ramazon, Oybek, Mannon Uyg‘ur kabi iste’dodli adib va san’atkorlar yetishib chiqdi”, – deb yozadi olim, jadidshunos Sirojiddin Ahmad.
Keyin Navoiy nomidagi ta’lim va tarbiya texnikum-internati, Toshkent unversitetining ijtimoiy fanlar fakultetida, Leningrad xalq xo‘jaligi institutida o‘qiydi. 1930 yilda kasal bo‘lib qolgani uchun Toshkentga qaytib, Toshkent universitetida o‘qishini tugatadi. O‘qish yillari haqda yozuvchining o‘zi shunday yozadi: “Mening o‘qish yillaridagi yo‘lim o‘sha vaqtdagi o‘zbek yoshlarining yo‘lidir. 1921 yilda Toshkentning eski shaharida Xadrada yangi tashkil qilingan Navoiy pedagogika texnikumiga kirib o‘qishni davom ettirdim”, – deb yozadi u.
Keyingisi zal “Qutlug‘ qon” deb ataladi. Bu yerda kitobining ilk va turli tillardagi nashrlari o‘rin olgan. “Qutlug‘ qon” yozuvchi hayotining eng tahlikali vaqtlari – 1938 yilda, qisqa muddatda yozilgan va 1940 yilda nashr etilgan. Yozuvchining bolalik xotiralari bilan to‘yingan bu asarda o‘zbek xalqining Birinchi jahon urushi arafasidagi mashaqqatli hayoti tasvirlanadi. Bu davrda bir tomondan mustamlakachilik siyosati, ikkinchi tomondan o‘lkaga kirib kela boshlagan kapitalistik munosabatlar tufayli mehnatkashlar qashshoqlashgan edi. Shunday vaqtda sabr kosasi to‘lgan xalqning norozilik namoyishi bilan chiqishi yoki qo‘zg‘olon ko‘tarishi tabiiy edi. Chor hokimiyatining O‘rta Osiyo aholisini mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmoni 1916 yil qo‘zg‘olonining gurillab yonishi uchun bir turtki bo‘ldi. Oybek romanda Yo‘lchi orqali mehnatkashlar, Mirzakarimboy orqali boylarning o‘zaro munosabatlarini tasvirlash orqali qo‘zg‘olonning kelib chiqish sabablarini badiiy tahlil etdi.
Shuningdek, zalda yozuvchining she’riy asarlari, tadqiqotlari va “Ulug‘ yo‘l”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” kabi nasriy asarlari va yaratilishi bilan bog‘liq xotiralarni ham topish mumkin.
“Navoiy” eskpozitsiyasi Oybek ijodining ajralmas qismi. U shoir, nosir, adabiyotshunos olim sifatida ham Navoiy hayotiga ko‘p bor murojaat etgan. Nafaqat Navoiy, balki 15-asrdagi Xuroson hayotini ham puxta o‘rgangan adib bu asarda Navoiyning shoir va inson sifatidagi insonparvarligi mohiyatini katta mahorat bilan gavdalantirib bergan. Oybek Navoiy obrazini 15-asr Xurosonida ro‘y bergan muhim tarixiy voqealar fonida gavdalantirar ekan, shu davrda Temuriylar davlatini harakatga keltirgan, keyinchalik esa uni tanazzulga olib kelgan kuchlar va ularning o‘zaro kurashini aks ettirgan. Oybek mazkur asari bilan o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janrini boshlab, uning asosiy tamoyillarini belgilab berdi.
“Abadiyat va umr” deb nomlangan zalda esa Oybek ijod qilgan 19-asrni eslatuvchi kichik xona bor. Muzey xodimasining aytishicha, “Navoiy” romani shu yerda yozilgan.
Asosiy zallar tugab, muzeydan chiqishda Zarifa Saidnosirovaning otasi Saidnosir Mirjalilovga bag‘ishlangan xona bor. U jadidlarning safdoshi sifatida ularning ko‘plab g‘oyalarini moddiy qo‘llab-quvvatlagan ma’rifatparvar boylardan bo‘lgan. U Turkiston Muxtoriyatining xazinachisi sifatida siyosiy faoliyatini ham olib borgan, muxtoriyat parchalangach turli siyosiy sabablar bilan 12 yillik qamoq va surgundan keyin, 1937 yilning 25 oktyabrida otib o‘ldirilgan.
Asosiy zallardan hovliga chiqilsa, chap tomonda Oybekning haykali turibdi. Haykal yonidan o‘tib borilsa, 2 qavatli memorial qismga kiriladi. Bu yerda mehmonxona, adibning ish stoli, Zarifa Saidnosirovaning rassomlik xonasi saqlanadi.
Xonadon adib tavalludining 75 yilligi munosabati bilan 1980 yilda uy-muzeyga aylantirilgan. Bunda rafiqasining tashabbuskorligi muhim bo‘lgan. Zarifa Saidnosirova ilk o‘zbek musavvirasi sifatida ham eslanadi. Memorial qismda u chizgan suratlar bilan tanishish mumkin.
Nevarasi Oynur Toshmuhammadovaning aytishicha, katta buvasi Saidnosir Mirjalilov Oybek oilasida qiz farzand dunyoga kelganda Alisher Navoiyning “Xazoin ul maoniy” kitobining arab yozuvida xattotlik bilan yozilgan nusxasini yozuvchiga hadya qilgan.
Oybek va Zarifa Saidnosirova 4 nafar farzand ko‘rishgan: 4 o‘g‘il, 1 qiz – Omonbek, Bekjon, Gulrang. Nevarasi Oynur Toshmuhammadovaning aytishicha, Oybekning oilasi zamondoshlari tomonidan kichik akademiyaga qiyoslangan. “Buvam akademik, yozuvchi olim, buvim ilk o‘zbek kimyogar ayoli bo‘lgan. Katta o‘g‘li Omon tarixchi, Bekjon, ya’ni otam biofizik olim bo‘lgan. Suyunbek va uning rafiqasi ham kimyo fanlari doktori bo‘lishgan, ammam Gulrang sharqshunoslik fakultetida arab tilidan dars bergan. Shuning uchun ham oilamizni kichik akademiya deb atashgan”, – dedi Oybekning nabirasi Oynur Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Tavsiya: Zarifa Saidnosirova Oybek vafotidan keyin “Oybegim mening” kitobini yozadi. Unda yozuvchi bilan o‘tgan yillari, Oybek gapirolmay qolgani, asarlarning yaratilish tarixiga bog‘liq qiziq xotiralari bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.
Zuhra Abduhalimova tayyorladi.