Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
2025 yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida:
aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish orqali mamlakatda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilanadi:
- aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
- “yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
- plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
- oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
- suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;
2025 yildan boshlab tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida quyidagilarni nazarda tutuvchi transformatsiya bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etish;
- ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyatini markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yish;
- markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish, shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
- tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarning oylik maoshlariga qo‘shimcha ustamani joriy etish;
- viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalarini boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etish.