“Qozoqgeyt” ishi – AQSh Qozog‘iston prezidenti va bosh vazirini nimada ayblagan edi?

Jahon 11:54 6432

2003 yilda Nyu Yorkda amerikalik tadbirkor hibsga olinadi. O‘sha paytda Qozog‘iston prezidenti maslahatchisi bo‘lgan tadbirkorga Nursulton Nazarboyev va bosh vazir Nurlan Balgimbayevga yirik miqdorda pora berganlik aybi qo‘yiladi. 2010 yilda AQSh ma’lum shartlar evaziga tadbirkor, Nazarboyev va bosh vazirdan ayblovlarni olib tashlaydi. Bu ish tarixda “Qozoqgeyt” nomini olgan.

Bundan bir necha kun oldin, aniqrog‘i 2024 yil 14 dekabr kuni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashgan. Biroq bu uchrashuv tafsilotlari haqida hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmadi.

Nazarboyevning iltimosiga ko‘ra uchrashuv tafsilotlari oshkor qilinmagan bo‘lishi ham mumkin. Uchrashuvdan xabar topgan qozoq OAV AQShda Nazarboyevga nisbatan “Qozoqgeyt-2” ishi bo‘yicha surishtiruv boshlangani va sobiq prezident shuni muhokama qilish uchun Moskvaga borganini yozib chiqdi.

“Qozoqgeyt” ishi 2000-yillarda bo‘lib o‘tgan va amerikalik tadbirkorlardan biri Nazarboyev hamda o‘sha paytda Qozog‘iston bosh vaziri bo‘lgan shaxsga 84 mln dollar pora berishda ayblangandi.

O‘shanda tergov va surishtiruv ishlari bir necha yil davom etadi va oxir-oqibat amerikalik tadbirkor oqlanadi. “Qozoqgeyt” ishi Amerika-Qozog‘iston munosabatlari tarixidagi eng keskin voqea bo‘lgan.

Tadbirkorning hibsga olinishi va “Qozoqgeyt”

2003 yilning bahorida Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportda Parijga uchadigan samolyotga chiqmoqchi bo‘lgan shaxs hibsga olinadi. Bu amerikalik tadbirkor va neft bo‘yicha maslahatchi Jyeyms Giffen edi.

Jyeyms Giffen

Giffenga pora olish va berish ayblovi qo‘yilgandi. Uning Fransiya poytaxtiga uchishi amerikalik huquqni himoya qilish organlari tomonidan qochish deb talqin qilingan. Shu sababli ham uni samolyotga chiqishdan avval to‘xtatib qolishgandi.

Amerika fuqaroligi va yana kamida Qozog‘istonning diplomatik pasportiga ega bo‘lgan Jyeyms Giffenning qochish niyati yo‘q edi. O‘sha kuni uning qo‘lida ortga qaytish chiptasi ham bo‘lgan.

Giffen politsiya bo‘limiga olib ketiladi va birmuncha vaqt o‘tgach, “Xorijiy korrupsiya amaliyoti to‘g‘risida”gi qonunni buzgani uchun sudga tortiladi.

Bu qonun 1970-yillarda prezident Richard Niksonning iste’foga chiqishiga sabab bo‘lgan “Uotergeyt” mojarosi tufayli qabul qilingandi.

“Xorijiy korrupsiya amaliyoti to‘g‘risida”gi qonun Amerikadagi eng jiddiy qonunlardan biri hisoblanadi. Uni buzganlar 20 yilgacha qamoq yoki millionlab dollar jarima ko‘rinishidagi jazoga tortiladi.

Jyeyms Giffenga nisbatan ochilgan jinoyat ishi “Qozoqgeyt” (Kazakhgate) deb nomlanadi va tergov jarayonlari o‘n yil davom etadi. Oxir-oqibat tadbirkorga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlanadi.

Nursulton Nazarboyev va Jyeyms Giffen, 1990-yillarning ikkinchi yarmi
newsland.ru

Jyeyms Giffen kim bo‘lgan?

Garchi Jyeyms Giffen nomi OAVda kam uchrasa ham, possovet elitasi vakillari, xususan Nursulton Nazarboyev bilan bog‘liq shubhali ishlar haqida gap ketganda, bu odam ko‘p eslanadi.

Jyeyms Giffenning ilk ish joyi Armco Steel kompaniyasining shu’ba korxonasi edi. O‘sha paytda kompaniyaga SSSR bilan savdo aloqalarini kengaytirish tarafdori bo‘lgan Kelvin Uilyam Veriti boshchilik qilardi.

Kelvin Veriti Ronald Reygan prezidentligi davrida AQSh savdo vaziri bo‘ladi va Giffen u bilan do‘stona aloqani saqlab qoladi.

Keyinchalik Giffen taniqli tadbirkorga aylangach SSSR bozoriga kirishni reja qiladi. Biroq 1980-yillarda Afg‘on urushi tufayli AQSh va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashadi va tadbirkor chorasiz qoladi.

SSSR tepasiga Mixail Gorbachyov kelgandan so‘ng iqtisodiy va siyosiy islohotlar boshlanadi. Shundan so‘ng Giffen sovet bozoriga kirish uchun bir necha marta SSSRga keladi.

Bu yerda sovet amaldorlari bilan tanishib, do‘stlashadi. Giffenning do‘stlari orasida hatto mamlakat rahbari Gorbachyov ham bor edi. O‘sha paytda Giffen Gorbachyov bilan bir necha marta uchrashib, muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazadi.

Shundan so‘ng Armco Steel SSSRga burg‘ilash uskunalarini yetkazib bera boshlaydi. Giffin esa shu’ba korxonaning vitse-prezidentiga aylanadi.

O‘zini yaxshi vositachi sifatida ko‘rsatgan Giffen, Chevron, RJR Nabisco, Eastman Kodak, Ford Motor kabi kompaniyalarni sovetlarning “qayta qurish davridagi bozori”ga kirishga ko‘ndiradi.

Jyeyms Giffen, 1990 yillar boshlari
foreignpolicy.com

Bunda ularga Jyeyms Giffenga tegishli “Merkator” kompaniyasi yordam berishi kerak edi. 1991 yilda SSSR parchalanadi va G‘arb kompaniyalarining rejalari o‘zgarib ketadi.

Boshqa tarafdan SSSRning parchalanib ketishi G‘arb kompaniyalariga ham, Giffinga ham yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochadi.

Biroq u Rossiyaga emas, Qozog‘iston bozoriga kirib keladi. Giffen Nursulton Nazarboyev bilan uchrashib, unga mustaqil Qozog‘istondagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirish uchun G‘arb kompaniyalarini jalb qilishda o‘z yordamini taklif etadi.

Qozog‘iston rahbari uning taklifini qabul qiladi va Jyeyms Giffenni neft va gaz sohasi bo‘yicha o‘ziga maslahatchi qilib oladi.

Jyeyms Giffenning ishi ikki tomonlama edi. Uning o‘zi Qozog‘istonga AQShdan sarmoya jalb qilish bilan shug‘ullangan. Unga tegishli “Merkator” kompaniyasi esa Qozog‘iston hukumatiga neft va gaz operatsiyalari bo‘yicha maslahat bergan.

Umuman olganda Jyeyms Giffen Nyu York aeroportida qo‘lga olinguncha bo‘lgan davrda u haqda oshiqcha gap-so‘zlar bo‘lmagan. Uning ustidan hech qanday shikoyat tushmagan.

Chetdan qaraganda u o‘z ishining ustasi sifatida Qozog‘iston iqtisodiyotini tiklashda va rivojlantirishda yordam bergan. Albatta, tekinga emas va salmoqli haq evaziga.

Ammo 2000-yillar boshlarida vaziyat birdaniga o‘zgaradi. MRB va FQBda Jyeyms Giffenning Qozog‘istondagi faoliyati bo‘yicha shubhalar uyg‘onadi.

Nazarboyev rafiqasi va Jyeyms Giffen bilan AQShda
onlinehome.us

So‘ng u Qozog‘istondagi neft va gaz konlarini G‘arb kompaniyalariga olib berish evaziga mamlakat rahbarlariga katta miqdorda pora berganlikda aylanadi.

Oxir-oqibat 2003 yil bahorda Jyeyms Giffen Parijga uchmoqchi bo‘lgan paytda Nyu-York aeroportida qo‘lga olinadi. Uni Qozog‘istondagi konlarni G‘arb kompaniyalariga olib berish evaziga qozoq amaldorlarilarga 84 mln dollar berganlikda ayblashadi.

Qozog‘iston tomondan asosiy gumondor mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev va bosh vazir Nurlan Balgimbayev edi.

Jyeyms Giffenning Qozog‘istondagi faoliyati

Asosiy ishi prezident Nazarboyevning maslahatchisi bo‘lgan Giffen 1995 yildan 1999 yilgacha Qozog‘istonda oltita yirik neft operatsiyalarini tashkil qiladi.

Keyinchalik AQSh Adliya vazirligi o‘sha operatsiyalarda pul yuvish, korrupsiya va soliqdan qochish va boshqa noqonuniy ishlar qilinganini aniqlaydi.

Jyeyms Giffen ayblangan ishlardan biri 1996 yilda imzolangan bitim bilan bog‘liq edi. Bu bitimga ko‘ra, Amerikaning Mobil Oil kompaniyasi Qozog‘istondagi dunyoda oltinchi yirik zaxiraga ega bo‘lgan “Tengiz neft” konining 25 foiz ulushini sotib olgan.

Tekshiruvlarda aniqlanishicha, Mobil Oil vositachi sifatidagi xizmatlari uchun Jyeyms Giffenga 51 mln dollar to‘lagan. Mablag‘ning yarmi Shveytsariyadagi shaxsiy hisob raqamiga, qolgan qismi aylanma tarzda Britaniya Virjiniya orollaridagi hisob raqamiga tushadi. Bu shubhali tranzaksiyalar bevosita Jyeyms Giffen bilan bog‘liq edi.

Nazarboyev rafiqasi va Jyeyms Giffen bilan AQShda
materick.ru

Amerikada Giffenni so‘roq qilishar ekan, ish federal prokurorlarga yetib boradi. Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston neft konlarini olishga harakat qilgan Amerika kompaniyalari tomonidan ajratilgan pullar kutilmaganda Qozog‘iston rahbarlarining (aniqroq aytganda Nazarboyev va Nurlan Balgimbayevning) shaxsiy foydalanishiga ketgan.

Amerika kompaniyalari bilan imzolangan shubhali bitimlar AQShga Bill Klinton rahbarlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Jyeyms Giffen hibsga olingan paytda mamlakatga Kichik Jorj Bush prezident edi.

So‘roqlarda Bill Klinton ma’muriyati Qozog‘iston hukumatining korrupsion ishlaridan xabardor bo‘lgani aniqlanadi.

Jumladan, Klinton davrida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Jonatan Vinerning aytishicha, Oq uy Qozog‘istondagi yirik korrupsion holatlar haqida avvaldan bilgan.

Qozog‘istonda yuqori lavozimli amaldorlar o‘rtasida korrupsiya darajasi yuqoriligi inobatga olinsa, Jyeyms Giffenning Nazarboyev va Nurlan Balgimbayevga yirik miqdorda pora berishda ayblanishida mantiq bor edi.

O‘sha paytda iqtidorli tadbirkor sifatida faoliyati faqat rivojlanish yo‘lidan ketayotgan va kimsan Qozog‘iston prezidenti maslahatchisi bo‘lib ishlayotgan Giffen baribir qopqonga tushadi.

U Amerika hukumati avvaldan xabardor bo‘lgan va e’tiborsiz qoldirib kelgan xorijda yirik pora oldi-berdisi bo‘yicha eng shov-shuvli ishda ayblanuvchiga aylanadi.

Nazarboyev va Jorj Bush
alamy.com

AQSh va Qozog‘istonning kelishuvi

2007 yilda tergov boshlanganiga to‘rt yil bo‘lganda AQSh va Qozog‘iston ayrim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishadi. Qozoq tomoni nima qilib bo‘lsa-da Nazarboyev va Balgimbayevning nomini qora bo‘lishdan asrab qolish harakatida edi.

Bu yo‘lda ular AQSh tomonidan qo‘yilgan ayrim shartlarga ko‘nishadi. Jumladan, Shveytsariya banklarida ochilgan hisob raqamlaridagi pullarni bolalar uchun ochilgan xalqaro xayriya tashkilotlari hisobiga o‘tkazib berishga rozi bo‘lishadi.

Buning evaziga, Amerika tomoni Jyeyms Giffen ishi bo‘yicha tergov va surishtiruvlarni to‘xtatishga va’da beradi.

Garchi qozoqlar bu ishda o‘zlarining ishtiroklarini rad etgan bo‘lishsa-da, ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Shveytsariya banklaridagi pullarning xayriya fondiga o‘tkazilishi aybni tan olishni anglatadi.

Ko‘p o‘tmay Amerika Afg‘onistondagi harbiy harakatlar uchun Qozog‘iston hududidan foydalanish bo‘yicha ham ruxsat oladi. Bu ham Nazarboyev va Balgimbayevdan ayblovlarni olib tashlash bo‘yicha kelishuvning bir qismi edi.

Nazarboyev va Jorj Bush
tengrinews.kz

Jyeyms Giffen, Nazarboyev va Balgimbayevning oqlanishi

2007 yilda erishilgan dastlabki kelishuvdan keyin amerikaliklar va’dasida turadi va Jyeyms Giffenning Qozog‘iston rahbarlariga pora berishi yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov va surishtiruv o‘z holiga tashlab qo‘yiladi.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov qanchalik uzoq davom etsa, Giffen olishi mumkin bo‘lgan qamoq muddati shunchalik katta bo‘lishi tayin edi. Boshqa tomondan esa u AQSh va Qozog‘iston qandaydir kelishuvga erishganidan xabardor edi.

Giffen baribir qamalaman deb o‘ylab turgan paytda demokratiya va adolat mayog‘i bo‘lgan Amerika sudi kutilmagan qaror qabul qiladi. Tergov boshlanganiga 7 yil bo‘lganda, 2010 yilda AQSh Adliya vazirligi kutilmaganda jinoyat ishini yopib, Nazarboyev, Nurlan Balgimbayevdan barcha ayblovlarni olib tashladi.

Jyeyms Giffen esa sud qarori bilan ramziy ma’noda 25 dollar (!) jarima jazosiga tortildi.

Ayrim advokatlarga ko‘ra, Jyeyms Giffenni u Nazarboyevning maslahatchisi bo‘lib ishlagan davridagi xatti-harakatlari uchun jazolab bo‘lmasdi. Nega?

Ular “Giffenning Qozog‘istondagi faoliyati AQSh hukumati uchun juda qimmatli edi va shuning uchun amerikalik vatanparvarni qamoqqa jo‘natish adolatsizlik bo‘ladi”, deyishardi.

Nurlan Balgimbayev 1995-1997 yillarda Qozog‘iston neft-gaz sanoati vaziri, 1997-1999 yillarda bosh vazir bo‘lgan
yvision.kz

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega Giffenning Qozog‘istondagi faoliyati uchun qamalishi adolatsizlik bo‘ladi?

Gap shundaki, ayrim ma’lumotlarga qaraganda Jyeyms Giffen Nazarboyevning maslahatchisi bo‘lishdan tashqari, MRB ma’lumotchisi bo‘lib ishlagan.

U tashkilotning maxfiy agenti sifatida Qozog‘iston hukumati bilan yaqin aloqalaridan foydalanib, qimmatli razvedka ma’lumotlarini AQShga yuborib turgan. Ana shu ishi uni uzoq muddatga qamalishdan asrab qolgan.

Amerikalik ayrim jurnalistlar Jyeyms Giffenning oqlanishini kinoya bilan “Amerika o‘zining tijorat va demokratik maqsadlari orasidan birinchisini tanladi”, deyishadi.

Natijada Jyeyms Giffen Nazarboyev va Balgimbayevga katta miqdorda pora bergan jinoyatchi emas, balki Amerika qahramoni va vatanparvari bo‘lib chiqadi.

Nazarboyev va Balgimbayev ham jarayondan “toza” chiqishadi. Biroq Amerikada ularga qarshi ochilgan ish tufayli xalqaro maydonda Qozog‘istonning obro‘yi tushib ketadi.

“Qozoqgeyt-2” ishi ochiladimi?

Ushbu maqola yozilayotanda Qozog‘istondagi bir qator OAV Nazarboyev Moskvada Putin bilan yashirincha uchrashgani va bu uchrashuv “Qozoqgeyt-2” ishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini yozib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 14 dekabr kuni Putin o‘zining Novo-Ogaryovo qarorgohida Nursulton Nazarboyevni qabul qilgan. Biroq uchrashuv tafsilotlari haqida hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmadi.

“Katta janjal ko‘tarilmoqda”: Nazarboyevning Putin bilan uchrashuvi AQShdagi yangi “Qozoqgeyt-2” ishi bilan bog‘liq edi” deb sarlavha qo‘ygan Orda.kz nashri o‘z xabarida Qozog‘iston parlamenti deputati Ermurat Bapining so‘zlarini keltirib o‘tgan.

“Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, Amerikada “Qozoqgeyt-2” nomi bilan yangi yirik janjal yetilmoqda. AQSh Adliya vazirligi avvalroq Amerika fuqarolari, kompaniyalari, sug‘urta tashkilotlari va hatto ekspertlari xizmatidan foydalangan dunyo kleptokratlariga qarshi yangi jinoiy ish tayyorlamoqda. Agar bu kleptokratlar bir vaqtlar AQSh sub’yektlari xizmatidan foydalangan bo‘lsa, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Menda shunday ichki ma’lumot bor”, degan deputat.

Ermurat Bapi
kazpravda.kz

U agar Nazarboyev muayyan mamlakatning milliy qonunlarini buzgan bo‘lsa, hech qanday kafolat qutqara olmasligini ta’kidlagan.

“Menimcha, sobiq prezidentning bu urinishlari, ya’ni Nursulton Nazarboyevning Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga, Kremlga borishi va Qozog‘iston Respublikasining davlat sirlari to‘g‘risidagi qonuniga yangi qoida kiritilishi — bularning bari oldinda “pishib kelayotgan” xalqaro janjalga bog‘liq. Biz faqat Pandora qutisi ochilib, aniqrog‘i yaqin orada “portlab ketishini” kutishimiz kerak bo‘ladi”, degan deputat Ermurat Bapi.

Deputatning gaplarini Orda.kz’dan tashqari Ulysmedia.kz, kaztag.kz, kz.vesti.news va boshqa saytlar xabar qilib berishdi.

Deputat qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri gapirganini va mabodo Nazarboyev yana ayblanadigan bo‘lsa bu safar u jazolanadimi yoki avvalgiday qutulib qoladimi, bularni vaqt ko‘rsatadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: