Donald Tramp AQSh Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatishi istagini yana bir bor tilga oldi va buni harbiy yo‘l bilan qilish variantini istisno etmadi.
«Men faqat bir gap aytishim mumkin: bizga ular iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak. Menga buni ancha oldin, nomzodimni qo‘yishimdan ancha oldin aytishgan edi. Aytmoqchimanki, odamlar bu haqda ko‘pdan beri gapirishadi. U yerda taxminan 45 ming kishi bor. Odamlar aslida Daniyaning unga qandaydir qonuniy huquqlari bor yoki yo‘qligini bilishmaydi, lekin agar bo‘lsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman», — dedi Mar-a-Lagodagi matbuot anjumanida AQShning saylangan prezidenti.
Jurnalistlar Trampdan Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy va iqtisodiy kuch ishlatmaslikka va’da berishga tayyormi, deb so‘rashgan.
«Daniya bizga milliy xavfsizligimiz uchun zarur Grenlandiyaga bo‘lgan huquqlaridan voz kechishi kerak, erkin dunyo uchun. Chunki u yerda hozirda hammayoqda Xitoy va Rossiya kemalari suzib yuribdi.
Xitoy amalda bizning mamlakat uchun o‘ta muhim bo‘lgan Panama kanalini boshqarmoqda. Biz Panama kanalini Xitoyga bermadik, balki Panamaga berdik. Va ular buni suiiste’mol qildi. Ular bu sovg‘ani suiiste’mol qildi. Ular boshqa mamlakatlarning kemalariga qaraganda bizning kemalarimizdan ko‘proq haq oladi. Ular bizni ahmoq deb hisoblashgani uchun ustimizdan kulishyapti, lekin biz ortiq ahmoq emasmiz. Panama kanali harbiy kuchlarimiz uchun qurilgan.
Men [harbiy yoki iqtisodiy harakatlar qilmaslik] majburiyatini zimmamga ololmayman. Nimadir qilishga to‘g‘ri kelib qolishi ham mumkin», — deya javob qaytargan Tramp.
Bundan biroz oldinroq Grenlandiyaga uning o‘g‘li, kichik Donald Tramp tashrif buyurgandi — bu uning otasi Daniyaning avtonom hududini AQSh nazorati ostiga olish istagini oshkora bildirganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi.
Grenlandiya markazi bo‘lmish Nuuk shahriga kelishdan oldin kichik Donald orol aholisi bilan muloqot qilish uchun «bir kunlik safarga otlangani», rasmiylar bilan uchrashishni rejalashtirmagani haqida aytgandi.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp yaqinda yana bir bor oldinroq aytgan gapini eslatdi: «Grenlandiyaga egalik qilish va nazorat o‘rnatish — AQSh milliy xavfsizligi uchun mutlaq zaruratdir».
«Biz sotilmaymiz, — deya javob bergan orolning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Mute Egede. — Grenlandiya grenland xalqiga tegishli».
57 ming aholiga ega Grenlandiya keng avtonomiyaga ega, ammo orol iqtisodiyoti ko‘p jihatdan Kopenhagenning subsidiyalariga qaram hisoblanadi.
O‘zining ilk prezidentligi chog‘ida ham Donald Tramp Arktikadagi ushbu orolni sotib olishga qiziqqandi. O‘shanda ham hozir bo‘lgani kabi rad javobini olgandi.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen jurnalistlarning kichik Donald Grenlandiyaga kelgani haqidagi savoliga javoban «Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli ekani», shuning uchun, uning kelajagini faqat mahalliy aholi belgilashi mumkinligini aytgan.
U «Grenlandiya sotilmasligi» haqidagi fikrga qo‘shilgan, ammo Daniya NATO bo‘yicha eng yaqin ittifoqchisi AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilishi zarurligini aytgan.
Kichik Trampning tashrifiga rasmiylarning reaksiyasidan Kopenhagendagi ayrim muxolif siyosatchilarning hafsalasi pir bo‘lgan.
Konservator deputat Rasmus Yarlov ijtimoiy tarmoqlarda ingliz tilida «AQShning bo‘lajak prezidenti tomonidan juda va juda sodiq ittifoqchilar va do‘stlarga bunday hurmatsizlik darajasi rekord daraja» ekanini yozdi.
Saylangan prezident Tramp avvalroq o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida uning o‘g‘li va «turli vakillar» «u yerdagi eng ajoyib va diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilish uchun» Grenlandiyaga borishini yozgandi.
Tramp Grenlandiya va uning aholisi «agar mamlakatning bir qismiga aylansa, katta foyda ko‘rishi»ni aytgan.
«Biz uni himoya qilamiz va yovuz tashqi dunyodan asraymiz. Grenlandiyani yana buyuk qilamiz!» — degan u.
47 yoshli kichik Donald otasining Trump Force One nomi berilgan samolyotida jo‘nab ketishdan oldin o‘zining Triggered podkastida shunday degandi: «Yo‘q, men Grenlandiyani sotib olmayman». Shu bilan birga, u bu yer o‘ziga juda yoqqanini aytgan.
Saylangan prezidentning katta o‘g‘li 2024 yilgi saylov kampaniyasida muhim rol o‘ynab, mitinglarda va OAVda tez-tez ko‘rinish berdi.
Uning otasining ijtimoiy tarmoqdagi postida grenlandiyalik kishi «Amerikani yana buyuk qilamiz» deb yozilgan shapkada Trampdan Grenlandiyani sotib olishni va uni Daniya «mustamlakasi»dan ozod etishni so‘ragan video ham ilova qilingan.
Rolikdagi erkakning shaxsiga aniqlik kiritilmagan, ammo Daniyadagi nashrlar yozishicha, u olti yil muqaddam giyohvandlik moddalar savdosida ayblangandi.
Grenlandiya Shimoliy Amerikadan Yevropaga eng yaqin yo‘lda joylashgan, bu uni AQSh uchun strategik ahamiyatli qiladi. Shuningdek, bu yerda Amerikaning yirik kosmik markazi joylashgan.
O‘tgan oyda Tramp Grenlandiyani sotib olish istagini bildirganidan bir necha soat o‘tib Daniya hukumati orol mudofaasi uchun xarajatlar sezilarli darajada oshirilganini e’lon qilgandi. Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen bu bayonotni «taqdir hazili» deb atagan.
Dushanba kuni qirol Frederik X qirollik gerbini o‘zgartirib, unda Grenlandiya va Farer orollari ramzlarini ko‘rinarliroq qildi.
Ayrimlar buni Trampga javob deb baholadi, ammo bu Grenlandiya mustaqilligi tarafdorlarida e’tiroz uyg‘otishi ham mumkin.
Qirol Frederik o‘zining yangi yil tabrigida Daniya qirolligi «Grenlandiyagacha» birlashgan ekanini aytdi va shunday qo‘shimcha qildi: «Biz birga bo‘lishimiz taqdirga yozilgan».
Ammo Grenlandiya bosh vaziri o‘zining yangi yil nutqida orol «mustamlakachilik kishanlari»dan xalos bo‘lishi lozimligini aytgan.
Tramp — AQShning Grenlandiyani sotib olish taklifini bildirgan ilk prezidenti emas. Bu g‘oya birinchi bo‘lim mamlakatning 17-prezidenti Endryu Jonson tomonidan 1860-yillarda taklif etilgandi.