Tinch aholiga qo‘llangan kimyoviy gaz – Suriyada Asad rejimi tomonidan sodir etilgan qatliom tafsilotlari

Jahon 11:25 / 08.01.2025 3174

2013 yilda Damashq yaqinidagi qishloqda Suriya armiyasi tomonidan kimyoviy qurol qo‘llanadi. Oqibatda qariyb 2 ming kishi halok bo‘ladi. Ularning katta qismi bolalar bo‘lgan.

Bundan biroz avval prezident Bashar Asad Moskvaga qochdi va Suriyada hokimiyat isyonchi kuchlar qo‘liga o‘tdi. Shu tariqa Suriyani 24 yil boshqargan Bashar taxtdan mosuvo bo‘ldi va Asadlar sulolasining hukmronligi tugadi.

Asad Suriya hukmronligiga 2000 yilda kelgandi. Ungacha bu davlatni 30 yil uning Otasi Hafiz Asad boshqargan. Bu oila mansub bo‘lgan Alaviylar jamoasi Suriyada ozchilikni tashkil etadi.

Shu sababli Suriya xalqi avvaliga Hafiz Asadning, keyin Bashar Asadning boshqaruviga qarshi bo‘lgan. Lekin ularning ikkalasi ham mamlakatni juda qattiqqo‘llik bilan boshqargan.

Asadlar o‘z hukmronligi davrida muxolifatni, o‘zlariga qarshi chiqqanlarni va o‘zgacha fikrlaydiganlarni ayovsiz jazolashadi. Ota va o‘g‘ilning Suriyani uzoq yillar davomida boshqarishi ham ana shu qattiqqo‘llik tufayli edi.

2010 yilda Tunisda tarixda “arab bahori” deb nomlangan namoyishlar boshlanadi. Keyinchalik uning to‘lqinlari boshqa arab davlatlariga yoyiladi.

Natijada Misr rahbari Husni Muborak hokimiyatdan ketadi. Liviya rahbari Muammar Qazzofiy o‘ldiriladi. 2001 yilda namoyishlar to‘lqini Suriyaga ham kirib keladi.

Foto: alamy.com

Shundan so‘ng Bashar Asad o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun namoyishchilarga qattiq choralar qo‘llaydi. Ularga qarshi jangovar o‘qlar, kimyoviy qurollar qo‘llana boshlanadi.

2013 yilda Damashq yaqinida odamlarga kimyoviy qurol qo‘llanishi ham Asad tuzumi tomonidan sodir etilgan mash’um voqealardan biri edi.

Hodisa tafsilotlari

2013 yil 6 fevral kuni isyonchilar Suriya poytaxti Damashqqa hujum boshlaydi. Biroq poytaxtni egallashning imkoni bo‘lmaydi. Shunda isyonchilarning bir qismi Damashq yaqinidagi Guta vodiysiga joylashadi.

Oradan bir oydan oshiqroq vaqt o‘tgach Halab shahrida kimyoviy qurol ishlatiladi. Asad hukumati isyonchilarni, isyonchilar esa Suriya armiyasini bu ishni sodir etganlikda ayblab chiqadi.

O‘shanda avgust oyigacha BMTga Suriyada 10 martadan ko‘p kimyoviy qurol ishlatilgani haqidagi ma’lumotlar kelib tushadi.

Tashkilot kimyoviy qurol ishlatilganini qoralaydi va hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun Suriyaga maxsus komissiya yuboradi. Komissiya a’zolari Suriyaga 2013 yil 18 avgust kuni yetib keladi.

Oradan uch kun o‘tib, 20 avgust kuni tunda Damashq atrofidagi Guta vodiysida isyonchilar egallab turgan sakkizta joyda odamlar yoppasiga zaharlanadi.

Kimyoviy quroldagi gazdan zaharlangan suriyalik bolalar

Jabrlanuvchilar zudlik bilan shifoxonalarga yetkazilganiga qaramasdan ko‘p odam qurbon bo‘ladi. Ertalab Arab davlatlarida bir qancha OAV zaharlanib vafot etganlar soni 500 nafardan oshgani haqida xabar beradi. Qurbonlar soni soat sayin oshib boraveradi.

Zaharlanganlarda nafas olish qiyinlashgani, sudurgi va boshqa alomatlar bor edi. Ular kimyoviy quroldan zaharlangani aniqlanadi.

O‘shanda kimyoviy qurol ishlatilishi oqibatida qariyb 2 ming odam halok bo‘ladi. Ko‘plab odamlar zaharlanib, sog‘ligini yo‘qotadi.

Turli ma’lumotlarda halok bo‘lganlar soni 1 500 dan 2 000 nafargacha bo‘lgani aytiladi. “Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Guta vodiysiga hujum chog‘ida 3 600 kishi jabrlangan va ularning yarmidan ko‘pi halok bo‘lgan.

Asad rejimining jinoyatini tan olmasligi

Kimyoviy qurol ishlatilgani va odamlar halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandan so‘ng Suriya hukumati o‘zini oqlash uchun qurolni mamlakat armiyasi emas, isyonchilar ishlatganini ta’kidlab chiqadi.

Biroq xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, isyonchilarda kimyoviy qurollar bo‘lmagan. Ular faqat Suriya armiyasida bo‘lgan.

Suriyada ishlatilgan kimyoviy qurol

Keyinroq xalqaro tashkilotlar va bir qator davlatlarning razvedka xizmatlari kimyoviy qurolni Suriya armiyasi qo‘llaganini aytib chiqadi.

Jumladan, Fransiya razvedkasiga ko‘ra, 20 avgust kuni tunda hukumat qo‘shinlari isyonchilar joylashgan hududlarga hujum uyushtirganda kimyoviy qurol qo‘llagan.

2013 yil 10 sentabr kuni Human Righs Watch xalqaro tashkiloti “Gutaga hujum” deb nomlangan 22 sahifali hisobotini e’lon qiladi.

Unga ko‘ra, Damashq yaqinida kimyoviy qurolni Suriya armiyasi qo‘llagan. Tashkilot hisobotida Suriya kimyoviy qurol yordamida ommaviy qirg‘in uyushtirgani uchun javob berishi kerakligi ta’kidlangan.

2013 yil 12 sentabr kuni Yevroparlament Suriyada kimyoviy qurol qo‘llangani yuzasidan maxsus rezolyutsiya qabul qiladi.

Hujjatda kimyoviy hujumlar Suriya armiyasi tomonidan qo‘llangani va bu insoniyatga qarshi harbiy jinoyat ekani, Yevropa Ittifoqi bunga aniq va kuchli javob qaytarishi lozimligi aytilgandi.

Rossiya hukumati va OAV Suriyada kimyoviy qurol bilan hujum uyushtirilganidan boshlab, bunday hujumlarni isyonchilar amalga oshirganini ta’kidlab keladi. Hatto Rossiya bu haqda BMTga hisobot ham kiritgan.

Bunga javoban G‘arb davlatlari isyonchilarda kimyoviy qurollar bo‘lmagani va ularni Suriya armiyasi qo‘llaganini ta’kidlaydi.

Suriyada tekshiruv olib borgan BMT mutaxassislari
indiatvnews.com

2013 yil oktyabr oyida Kimyoviy qurollarni taqiqlash xalqaro tashkiloti Suriya armiyasi ixtiyorida bo‘lgan kimyoviy qurollar zaxirasini yo‘q qilish bo‘yicha tadbir o‘tkazadi.

Ana shu ish ham Gutada kimyoviy qurollarni Suriya armiyasi qo‘llaganiga bir isbot sifatida ko‘riladi. Chunki Suriya armiyasi ixtiyorida ko‘p miqdorda kimyoviy qurollar zaxirasi bor edi.

Biroq Asad armiyasi undan keyin ham isyonchi kuchlarga va ularni qo‘llayotgan tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurollarni ishlatishda davom etaverdi.

Jumladan, 2017 yil 4 aprel kuni Idlib provinsiyasidagi Xon-Shayxun shahrida kimyoviy qurollar ishlatiladi va oqibatda qariyb 100 kishi halok bo‘ladi. 550 kishi turli darajada zaharlanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: