Polshada 18 may kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi

Jahon 21:44 / 08.01.2025 1023

Polsha Seymi (parlament quyi palatasi) spikeri Shimon Xolovnya mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovlari 18 may kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Zarurat tug‘ilsa, saylovlarning ikkinchi turi 1 iyunda o‘tkaziladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Polsha prezidentligi uchun asosiy kurash hukmron «Fuqarolik koalitsiyasi» nomzodi Rafal Tshaskovskiy va «Huquq va adolat» vakili Karol Navrotskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Saylovoldi tashviqoti saylovni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganidan so‘ng boshlanadi — u 15 yanvarda imzolanishi kutilmoqda. Nomzodlarni ro‘yxatga olish 4 aprelga qadar davom etadi. Yuqoridagi ikki nomzoddan tashqari, Shimon Xolovnya, «Konfederatsiya» koalitsiyasi vakili Slavomir Mentsen va deputat Marek Yakubyak ham prezidentlik poygasida ishtirok etish niyatida.

2025 yilda Polshaning amaldagi prezidenti Anjyey Dudaning ikkinchi muddati yakunlanadi va u endi saylovlarda o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi. Mamlakat siyosatini shakllantirishda katta rol o‘ynamaydigan, lekin qonun loyihalariga veto qo‘yishi mumkin bo‘lgan davlat rahbari sifatida Duda bir necha bor bosh vazir Donald Tuskning tashabbuslarini bloklagan.

Ijtimoiy so‘rovlar natijasiga ko‘ra, bosh vazirning partiyadoshi, Varshava meri Rafal Tshaskovskiy «Fuqarolik koalitsiyasi»ning nisbatan kuchli nomzodi hisoblanadi. «Huquq va adolat» partiyasidan unga raqiblik qiladigan 41 yoshli Navrotskiy Polsha Milliy xotira instituti direktori bo‘lib, Rossiyaga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan.

Ko‘proq yangiliklar: