2025 yilda Ai-80 benzini sotuvi cheklanishi mumkin

Iqtisodiyot 20:31 / 08.01.2025 4621

2025 yilgi davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada yil yakuniga qadar Yevro–4 standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash taklif etilgan.

Shuningdek, joriy yilda respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda. Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari istisno sifatida belgilanishi mumkin.

Joriy yilgi davlat dasturi loyihasi bilan, shuningdek, 2025 1 maydan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Sanab o‘tilgan toifalarga kiruvchi, energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan mavjud quvvatlar Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan ko‘chirilishi mumkin.

Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrga qadar plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga “taralarni qaytarish”, ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish yoki utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Prezident farmoni loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 22 yanvargacha davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: