Norvegiyada poyezdlar harakati butunlay to‘xtatildi

Jahon 23:30 / 25.12.2024 5770

Norvegiyada temir yo‘l harakatini rivojlantirish va boshqarish davlat agentligi Bane Nor mamlakatdagi barcha poyezdlar harakati to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bunga poyezdlar va dispetcherlik punktlari o‘rtasidagi aloqa tizimida nosozlik kuzatilayotgani sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, nosozlik to‘g‘risidagi xabarlar mahalliy vaqt bilan soat 07:55 ta paydo bo‘lgan. Shundan keyin kompaniya cheklovlarni 20:00 ga qadar bir necha bor uzaytirgan. Norvegiyadagi qator shaharlarda poyezdlar yo‘nalishi bo‘ylab avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bane Nor yo‘lovchilarning belgilangan manzilgacha taksi pullari yoki muqobil transportga yetib bora olmay mehmonxonada qolganlarning to‘lovlarini qoplab berishni va’da qilgan. Harakat qachon tiklanishi hozirga noma’lum.

«Biz mazkur voqea tashqi ta’sir yoki kimdir qasddan qilgani sabab yuzaga kelgan degan gumonda emasmiz. Bizningcha, muammo dasturiy ta’minotda. Xatolik tizimning qayerida ro‘y berayotgani bo‘yicha taxminimiz bor, ammo hozircha uning asosiy sababini topa olmadik», — deydi Bane Nor matbuot kotibi Oysteyn Stavdal Paulsen.

Norvegiya transport vaziri Yon-Ivar Nyugord poyezdlarning to‘xtatilishiga bog‘liq vaziyat chorasizlikdan kelib chiqqanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, vazirlik Bane Nor bilan dialog olib bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: