Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Bog‘i Eram mahallasida joylashgan “Bengaz Yaypan Fayz” avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida avval faqat benzin sotilgan. Bir necha oy avval tadbirkor aholi e’tirozlariga qaramay, shoxobchada propan sotishni ham yo‘lga qo‘ygan. Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, zapravka aholi yashash hududidan kamida 60 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lishi lozim. Mazkur manzilda esa ushbu talablar buzilgan. Shoxobcha aholi uyidan bor-yo‘g‘i 35 metr uzoqlikda joylashgan. Zapravkaga tutash hududda yashovchi aholi yaqinda Farg‘ona shahrida sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng xavotirga tushib, Kun.uz’ga murojaat qildi.
Kun.uz muxbiri Bog‘i Eram mahallasida bo‘lib, murojaatchilarga mikrofon tutdi.
“Bu yerda moddiy manfaat yotibdi…”
“Bu asosiy shifoxonaga qatnov yo‘li. Qatnov yo‘lidan shundoq ikki yarim metrdan keyin propan “zapravka”si qurildi. Nariroqda bog‘cha bor. Bog‘chaga har kuni ota-onalar bolalarni olib o‘tishadi. Asosiy yo‘l bo‘yidan ikki yarim metr narida propan “zapravka” faoliyat yurityapti. Atrofi esa aholi yashash xonadonlari. Holat hech qanday tartibga to‘g‘ri kelmaydi-ku.
Qurilishdan oldin qarshilik qilingan, biroq qo‘ni-qo‘shnichilik deb, “qo‘l qo‘yib beringlar”, deyishgandan keyin qurilgan. Tegishli idoralar FVB, SES qanday qilib aholi orasiga propan “zapravka” uchun ruxsat berdi?
Mayli, bu yerda uch-to‘rtta aholi qo‘l qo‘yib bergandir. Lekin amaldorlar-chi? O‘ylaymanki, bu yerda rahbarlarning moddiy manfaati yotibdi, shuning uchun ular qo‘l qo‘yib bergan. Biz norozimiz. Nima uchun bir insonning moddiy manfaati deb yuzlab odamlar xatar ostida yashashi kerak?”, – deydi murojaatchilardan biri.
“Davlatdan qarz olib ishlayapmiz…”
“Shoxobchamizning orqa tomonida yashovchi qo‘shni xonadon norozilik bildirgani hisobiga “zapravka” yo‘lning qatnov qismi tomon siljidi, o‘n metr nariga surishga majbur bo‘lganmiz. Oqibatda “zapravka” hovliga yaqinlashib qoldi. Hovli 35 metr chiqadi propandan.
“Zapravka”ning boshqa tomoni esa oltmish metr chiqadi. Qo‘shnilar rozilik xatini berishgandan keyin propan “zapravka”ni ko‘rdik-da, ish boshladik. Qo‘shnilarning rozilik xati bor.
Yonimizdagi bor mablag‘imizni sarflab, propan “zapravka”ni qurib, ishga tushirganimizga bir yarim oy bo‘ldi. Xavfsizlik tomonini o‘z zimmamga olib, kechasi-yu kunduzi shu yerdaman. Aholiga, hech kimga ziyon yetmasin deb harakat qilyapman. Davlatdan uch yuz yigirma million pul olib, kredit hisobida ishlayapmiz”, — deydi “Bengaz Yaypan Fayz” MChJ rahbari Umid Mirzayev.
Idoralar e’tirozimga quloq tutmadi...
“Propan “zapravka” qurilishidan avval qarshilik ko‘rsatdim, yashash xonadonimiz orasidagi masofa yigirma metr bo‘lib qoldi. Qanchalik qarshilik ko‘rsatishimga qaramay, yana ozgina surishdi va oraliq masofani qirq metr qilib qo‘yishdi. Yana qarshilik ko‘rsatdim. Shunda shoxobchani oltmish metr nariga surishdi.
Keyin tegishli mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganimda, oltmish metrga chiqibdi, endi sizning roziligingiz biz uchun kerak emas, deyishdi. Vaholanki, avvalo shu propan “zapravka” qurilishiga ruxsat beradigan odam sizning roziligingiz bo‘ladi, keyin propanda qurishga biz ruxsat beramiz, degandi. Fikrlari o‘zgarib qolib, sizning roziligingiz kerak emas, deyishdi. Shundan keyin ham men tegishli tashkilotlarga murojaat qildim, lekin ular ham ijobiy hal qilib bera olmadi. Qarshilik ko‘rsatib, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga, O‘zbekiston tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga, tuman hokimligimizga, viloyat ekologiyasi, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar bo‘limiga murojaat qildim. Lekin hammalarining javobi bir xil. Hammalari Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga chiqarib berishgan va ulardan menga bir xil javob kelgan: “Javob kelgan, siz bilan oraliq masofa saqlangan, qo‘shnilardan rozilik olingan,” deyishadi.
Vaholanki, rozilik ham o‘ttiz metr, qirq metr oralig‘ida bo‘lyapti. Tegishli mutasaddilar esa bunga jim qarab turibdi. Faqat aholi rozi bo‘lsa, xohlagan joyga qurish mumkinmi? Mana shu aholi orasidagi propan “zapravka”sining qurilishiga ruxsat bergan tegishli idoralarga javobgarlik bormi?”, – deydi yana bir murojaatchi Javohir Shamsiddinov.
Portlashdan keyin qo‘rqib qoldik...
“Farg‘ona shahrida sodir bo‘lgan portlashdan keyin vahimaga tushib qoldik. Propanga ruxsat bergan aka ham portlamaydi, himoyalangan bo‘ladi, degan edi. Mana, ko‘rdik, hech kim portlamasligiga javob bermaydi ekan, hech kim kafil bo‘la olmas ekan. Bu ertagami, indinmi, portlab ketishi mumkin ekan.
Qattiq talab qilamiz. Tegishli mutasaddi tashkilotlar o‘rgansin-da, “zapravka”ni aholi orasidan olib chiqib ketsin boshqa joyga. Aholi e’tirozini ruxsat beradigan tashkilotlar inobatga olish kerak deb o‘ylayman, chunki bu yerda insonlar yashaydi, inson taqdir hal bo‘ladi bu yerda. Biz o‘zimizning hayotimizni xavfga solib, propan “zapravka” yonida yashashni xohlamaymiz. Shundan keyin aholi tinchiydi va bezarar bo‘ladi”, – deydi Zilufar To‘raxo‘jayeva.
“Kuyovim nevaramni uyimizga jo‘natmay qo‘ydi…”
“3 oy oldin uyimiz yoniga propan “zapravka”sini bizni ogohlantirmasdan ham qurishdi. Ko‘p tashkilotlarga chiqdik. Hatto viloyatdan tekshiruvlar keldi, hokimiyatdan, hamma joydan keldi. Lekin ijobiy javob olganimiz yo‘q.
Farg‘ona shahrida yashovchi kuyovim nevaralarimni jo‘natmay qo‘ydi. “Propan oldida turibsizlar,” deb. Umuman, bizga kerak emas “zapravka”. Foydasi ham, ziyoni ham kerak emas.
Aholi orasidan olib chiqib ketsin, dalada qursin mayli. Ish qilmasin emas, qilsin, tadbirkor bo‘lsa o‘ziga. Farg‘onadagi etajlarigacha necha kilometrgacha yonib kul bo‘ldi-ku”, – deydi Farida Kamolova.
“Zapravka” atrof uchun xavfsiz...
“Qurilishi bo‘yicha davlat xizmatlari orqali ariza kelib tushgan. Propan “zapravka”sini hududga o‘rnatish bo‘yicha aholining rozilik xatlari ilova qilingan.
Keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligining ijobiy xulosasi ham yuklangan. Shunga asosan ijobiy xulosa berilgan. Xususiy tashkilot tomonidan loyihalar ishlab chiqilgan. Arxitektura shaharsozlik kengashidan ham xulosa olingan. O‘sha asosida qurilish qilingan, qirq metrdan oltmish metrgacha degan joyi bor. O‘sha talabga tushgan, endi esa “zapravka” atrof uchun xavfsiz hisoblanadi”, – deydi O‘zbekiston tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Rahmonberdi Hasanov.
“Bomba yonida yashayotganimizni endi tushunib yetdik…”
“Rossiyada ekanimda uydagilar tushunib-tushunmay uyimiz yoniga “zapravka” qurilishi uchun rozilik xati bergan ekan. Avval bu yerda faqat benzin sotilgan. Ota-onam tushunishmagan propan shu darajada xavfli ekanini, agar portlasa dahshatli bo‘lishini bilmagan. Yashayotgan uyimiz “zapravka”dan 50 metr ham chiqmaydi.
Hammamiz ko‘rdik, nechta odam o‘lib ketdi. O‘shanga qo‘rqib, o‘zimizning jonimizni saqlash uchun ehtiyot chorasini ko‘ryapmiz. Bomba yonida yashayotganimizni endi tushunib yetdik. Bizga tinchlik kerak, tinch yashashni xohlaymiz. Propanni olib tashlasin, boshqa hududga ko‘chirsin, aholining ichida propan kerak emas”, – deydi uyi shoxobcha yaqinida bo‘lgan Azamatxo‘ja Olimxo‘jayev.
Holat bo‘yicha izoh olish uchun sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi O‘zbekiston tumani bo‘limi boshlig‘i Akmal Sulaymonov bilan telefon orqali bog‘landik. Rahbar “Bengaz Yaypan Fayz” MChJ faoliyat boshlash uchun bo‘limdan hech qanday ijobiy xulosa olmaganini aytdi.
Farg‘ona viloyati FVB shaharsozlik bo‘limi boshlig‘i Sohib Soliyev hamda viloyat Ekologiya boshqarmasi davlat ekologik ekspertiza markazi bo‘limi boshlig‘i Muhammadmuso Boboxo‘jayev esa “zapravka” faoliyati qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, “Bengaz Yaypan Fayz” MChJ loyihasini tayyorlagan “Fergana eko-proyekt” MChJ loyihachisi Boburjon Mamasoliyev “zapravka” loyihasini barcha tegishli tashkilotlarning ijobiy xulosasi berilgandan keyingina amalga oshirganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan ko‘p yonilg‘ili AYoQSh va AGQShda portlash sodir bo‘ldi. Suyultirilgan gaz to‘kish vaqtida texnologik jarayonlar buzilishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagani oqibatida chaqnash ro‘y bergan, shundan so‘ng yong‘in chiqqan.
Rasmiylarga ko‘ra, portlash qurbonlari 4 nafarni tashkil etgan. Holat yuzasidan besh kishi qamoqqa olingan.
Oradan bir necha kun o‘tib, portlash yuz bergan avtomobillarga gaz va benzin quyish shoxobchasini egasining xohishiga ko‘ra buzish boshlangani ma’lum qilindi.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov