O‘tgan haftada Hind okeanidan quruqlikka chiqqan «Shido» sikloni Mozambikda 94 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy rasmiylar.
Xavf va tabiiy ofatlarni boshqarish instituti (INGD) 768 kishi jarohatlangani va 622 mingdan ortiq kishi tabiiy ofatdan u yoki bu darajada jabr ko‘rganini ma’lum qilgan.
«Shido» sikloni dastlab Fransiyaning Hind okeanidagi Mayotta oroliga zarba bergandi, keyin esa Mozambik, Malavi va Zimbabvega ko‘chgan.
Mozambik hududiga siklon 15 dekabr kuni yetib kelgan. Shamol tezligi soatiga 260 kilometrga chiqib, dastlabki 24 soatda 250 mm yog‘ingarchilik tushgan.
Mozambikning shimoliy viloyatlariga bo‘ron yopirilgan. U dastlab Kabo-Delgadoga zarba bergan, keyin mamlakat ichkarisiga, Niasu va Nampulu tomon harakatlangan.
INGD vakillariga ko‘ra, siklon ta’lim va sog‘liqni saqlash sektoriga ta’sir ko‘rsatmoqda. Jami 110 ming o‘quvchi o‘qiydigan maktablar infratuzilmasi jiddiy shikastlangan.
Institut xabarida aytilishicha, 50 dan ortiq sanitar obekt zararlangan, bu esa sog‘liqni saqlash sohasidagi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yanada qiyinlashtirmoqda. Vaziyat siklonga qadar ham tibbiy muassasalar faoliyati yaxshi bo‘lmagan hududlarda og‘irlashmoqda.
Mozambikdagi hukmron partiya vakili Daniel Chapo mahalliy nashrlar bilan suhbatda hukumat siklon oqibatlariga qarshi kurashish uchun «barcha darajalar»da safarbarlik e’lon qilganini bildirgan.
«Shido» Mayotta arxipelagining so‘nggi 90 yillik tarixida kuzatilgan eng jiddiy bo‘ronga aylanib, uning natijasida o‘n minglab kishilar jabrlangan.
Fransiya ichki ishlar vazirligi o‘zining so‘nggi bayonotida 35 kishi o‘limini tasdiqlagan.
Mayotta prefekti oldinroq mahalliy nashrlarga zararni to‘liq baholashdan keyin qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi mumkinligini ma’lum qilib, bu raqam bir necha yuz kishidan kam emasligi va hatto mingdan oshishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish uchun 1300 nafar politsiyachi yuborilgan.
Tsiklondan bir hafta o‘tganidan keyin ham aholi hamon birlamchi zarur mahsulotlardan foydalanish imkoniga ega emas, ammo poytaxtni ichimlik suv bilan ta’minlash asta-sekin yaxshilanmoqda.
Vazirlik vakillariga ko‘ra, har kuni Fransiyaning materik qismi, Reyunon va Mayotta oralig‘idagi havo ko‘prigi orqali 100 tonna qurilma tashib o‘tilmoqda.
Juma kuni Fransiya ichki ishlar vaziri Bruno Riteylo shu kuni Mayottada 80 tonna oziq-ovqat va 50 tonna suv tarqatilganini ma’lum qilgandi.
Tropik siklonlar shamolning o‘ta tezligi, kuchli yog‘ingarchilik va qisqa vaqt ichida dengiz ko‘tarilishiga aylanadigan bo‘ronlar bilan xarakterlanadi. Bu ko‘pincha keng ko‘lamli vayrongarchilik va toshqinlarga olib keladi.
INGD vakili bu siklon «yana bir marta ijtimoiy infratuzilmalar iqlim o‘zgarishi qarshisida qanchalik ojizligini ko‘rsatib bergani va kelgusidagi oqibatlarni yumshatish uchun barqaror reja ishlab chiqish zarurligi»ni qayd etgan.
Bo‘ronli ob-havo tizimlari murakkabligi tufayli ularga iqlim o‘zgarishining ta’sirini doim ham aniq o‘lchab bo‘lmaydi. Ammo o‘rtacha yillik harorat ko‘tarilishi bu bo‘ronlarga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi.
BMTning iqlim bo‘yicha asosiy tashkiloti – Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel (IPCC) oldinroq inson faoliyati tropik siklonlar bilan bog‘liq yog‘ingarchiliklar ko‘payishiga hissa qo‘shganiga «yuqori darajadagi ishonch» mavjudligi va inson faoliyati tufayli tropik siklonlarning intensivligi oshishi ehtimoli borligiga «o‘rtacha ishonch» mavjudligini ma’lum qilgan edi.