Charmast kompaniyasi Amazon platformasidan yarim millionga yaqin tashqi akkumulyatorlarini yonib ketish xavfi sabab chaqirib oladi. Bu haqda AQSh Iste’mol tovarlari xavfsizligi bo‘yicha komissiya (CPSC) press-reliziga tayanib, NBC News xabar berdi (https://www.nbcnews.com/business/consumer/power-bank-chargers-sold-amazon-recalled-fire-burn-hazard-rcna184834).
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda joylashgan Charmast kompaniyasiga akkumulyatorlarning xavfli qizib ketishi to‘g‘risida 44 ta xabar kelib tushgan. Bu turdagi murojaatlarning to‘rttasida iste’molchilar kuyish jarohatini olganini bildirgan.
Qayd etilishicha, chaqirib olinadigan «powerbank»lar W1056 modelidagi qurilmalar bo‘lib, ular Amazon’da turli ranglarda sotib kelinadi.
CPSC’ning ma’lum qilishicha, iste’molchilar zudlik bilan quvvatlantirish qurilmasidan foydalanishni to‘xtatishi va to‘langan mablag‘larni qaytarib olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni olish uchun Charmast bilan bog‘lanishlari kerak.
«Portativ akkumulyatorlarda litiy-ionli batareyalardan foydalanilgani bois chaqirib olingan tovarlarni chiqindiga tashlab yuborish kerak emas», — deyiladi xabarda.
Avvalroq Bristol universiteti va Buyuk Britaniya Atom energiyasi boshqarmasi olimlari 5700 yilgacha xizmat qilishi mumkin bo‘lgan noyob akkumulyator yaratgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Akkumulyatorning hajmi juda kichkina bo‘lib, uglerod-14 radioaktiv izotopi olmos qobig‘iga xavfsiz tarzda o‘ralgan.