Qit’alararo kubok finali: Anchelotti — klub tarixidagi eng sovrindor murabbiy
«Real» — «Pachuka» 3:0
Gollar: Mbappe (37), Rodrigo (53), Vinisius (84, penalti).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Chuameni, Vaskes (Asensio, 88), Kamavinga (Seballos, 62), Valverde, Bellinghem (Guler, 88), Vinisius, Rodrigo (Modrich, 70), Mbappe (Dias, 62).
«Pachuka» – Moreno, Gonsales, Mikolta, Barreto, Rodriges (Sanches, 75), Pedrasa, Montiel, Deossa (Ernandes, 88), Bautista (Mena, 75), Idrissi (Dominges, 88), Rondon.
Ogohlantirishlar: Pedrasa (51), Rondon (90+3).
Qatarda Qit’alararo kubok finali o‘tkazilib, unda Yevropaning amaldagi chempioni «Real» hamda Shimoliy va Markaziy Amerikaning eng yaxshi klubi «Pachuka» to‘qnashdi. Mohiyatan bu oxirgi 23 yil mobaynida o‘tkazib kelingan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati formatidagi turnir edi. Shunchaki, oldingi turnir isloh qilindi: unda so‘nggi oylarda barcha qit’alardan 32 jamoa ishtirok etdi. OChL g‘olibi «Al-Ayn» va Yangi Zelandiyaning «Oklend» klublari turnirni sentabr oyida boshlab berishgandi. Ikkinchi raunddagi ikki o‘yin esa oktyabr va dekabr oyi boshida o‘tkazildi.
Meksikaliklar jamoasi safida 35 yoshga chiqqan, turli yillarda «Malaga», «Vest Bromvich», «Rubin», «Zenit» va TsSKA klublarida to‘p surgan venesuelalik Salomon Rondon hamda «Sevilya» va «Ayaks» klublari sobiq futbolchisi Ussama Idrissi ajralib turdi. Anchelotti esa u qadar nomdor bo‘lmagan raqibga qarshi kutilmaganda asosiy tarkibni tushirdi: Tibo Kurtua, Antonio Ryudiger, Fran Garsiya, Lukas Vaskes, Orelen Tchuameni, Federiko Valverde, Eduardu Kamavinga, Jud Bellinghem, Rodrigo, Vinisius Junior va Kilian Mbappe. Ya’ni shunday darajadagi o‘yinda ham Raul Asensio, Arda Guler va Endrik kabi yosh futbolchilar zaxirada qoldirildi.
Maydonda esa ilk daqiqalardan «Pachuka» tashabbusni qo‘lga oldi: markaziy amerikaliklar to‘pni ko‘proq o‘zida ushlab turib, madridliklardan farqli o‘laroq vaziyatlar yaratishdi. Xususan, Luis Rodriges o‘ng qanotdan darvozaning yaqin pastki burchagiga kuchli zarba yo‘llab, Kurtuaning reaksiyasini tekshirib ko‘rdi. Belgiyalik posbon esa hushyorligini yo‘qotmadi. «Real» ancha vaqtgacha hujum haqida o‘ylamadi va raqibdan to‘pni olib qo‘yishga urinish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Faqat bo‘lim o‘rtalarida Yevropa chempionlari bosimni oshirishdi va raqib himoyasi ortida qoldirilayotgan bo‘shliqlardan foydalanishga urindi. Jamoaning yulduzli hujum chizig‘i yaxshi kombinatsiyalar uyushtirib, dribling ishlatgan holda oldinga chiqishdi, lekin har safar futbolchilarga so‘nggi pallada kimdir xalaqit berib qoldi. 37-daqiqaga kelib darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar statistikasi meksikaliklar foydasiga 2:0 ko‘rinishida edi.
Ammo «Real» baribir «Real»ligini ko‘rsatdi. Valverde va Kamavinga devor uslubida o‘ynadi, Bellinghem to‘pni chap qanotga oshirdi, Vinisius jarima maydoniga yorib kirib, chiroyli fint bilan darvozabonni gazonga yotqizdi va to‘pni markazga uzatdi. Mbappedan shunchaki bir necha metrdan xato zarba bermaslik qolgandi. Kilian 2022 yilgi jahon chempionatining mashhur finali o‘tkazilgan va o‘zi het-trik qayd etgan «Lusayl» stadionida yana bir bor gol urdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa Rodrigo ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Braziliyalik vinger Mbappedan to‘pni qabul qilib olgach, o‘ngdan markazga ko‘chib, fint bilan bir necha himoyachini dog‘da qoldirdi va o‘ng oyog‘ida to‘pni olis burchakka yo‘naltirdi.
VAR hakamlari golni bekor qilishga harakat qildi, ammo monitor qarshisiga borgan bosh hakam Xesus Valensuela qarorini o‘zgartirmadi — u ofsayd holatida turgan Bellinghem darvozabonga xalaqit bermagan deb topdi.
Shundan keyin, amalda o‘yin yakunlandi. «Pachuka» yarimfinalda Qohiraning «Al-Ahli» klubiga qarshi penaltilar seriyasida 1:3 hisobidan chiqib ketgandi, ammo bu o‘yin butunlay boshqa daraja edi. Anchelotti Kamavinga va Mbappeni maydondan olib, Braim Dias va Dani Sebalyosni tushirishni o‘ziga ep ko‘rdi. Keyinroq Rodrigoni Luka Modrichga almashtirdi. Oxirgi daqiqalarda — Vaskes va Bellinghem o‘rniga Guler va Asensio tushirildi.
Meksikaliklar qolgan vaqt davomida faqat ikkita vaziyat yaratdi — yerlatib berilgan zarba kuchsiz chiqdi, Rondonning bosh bilan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Vinisius esa qulay pozitsiyadan olis burchakka yo‘llagan zarbasi to‘g‘ri bormadi, yaqin masofadan esa darvozabonni alday olmadi. Ammo u baribir maydonni golsiz tark etmadi — Idrissi shu kuni jamoa sardori sifatida o‘ynagan Vaskesga jarima maydonida qo‘pollik qildi va hakam videotakrordan keyin penalti belgiladi. Shu kunlarda FIFA tomonidan o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Vini Madrid superklubi safida o‘n ikki finaldagi o‘n to‘rtinchi golini urdi. O‘yin oxirida olqishlar bilan kutib olingan Modrichning «Real» bilan qo‘lga kiritgan sovrinlari soni 28 taga yetdi.
Faqat 1960 yildan 2003 yilga qadar o‘tkazilgan Qit’alararo kubok natijalari hisobga olinsa ham, bu «Real» uchun to‘rtinchi sovrin — jamoa avval 1960, 1998 va 2002 yillarda birinchi bo‘lgan.
Anchelotti uchun ham bu alohida kun — italiyalik mutaxassis Madridda 15-sovriniga ega chiqdi va afsonaviy Migel Munyosning (jamoaga 1960-1970-yillarda murabbiylik qilgan) natijasini yaxshiladi. U jamoasining finalga munosabatidan ko‘ngli to‘lganini aytdi. Endi asosiy e’tiborni Ispaniya chempionatiga qaratish mumkin. Yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yin kutmoqda.
Angliya: Jyezusning qaytishi
«Arsenal» — «Kristal Pelas» 3:2
Gollar: Jyezus (54, 73, 81) — Mateta (4), Nketia (85).
«Arsenal» – Rayya, Tirni (Lyuis-Skelli, 69), Kivyor (Gabriel, 87), Timber, Parti (Saliba, 46), Merino, Jorjino, Nvaneri (Edegor, 46), Trossar, Jyezus, Sterling (Saka, 70).
«Kristal Pelas» – Henderson, Gehi, Lakrua, Chaloba, Eze (Kamada, 59), Sarr, Mitchell (Shlupp, 86), Kporxa (Klayn, 46), Lerma, Hyuz (Devenni, 80), Mateta (Nketia, 59).
Ogohlantirishlar: Kporxa (23), Lyuis-Skelli (90).
«Emireyts»dagi o‘yinda «Arsenal» asosiy yetakchilariga dam berdi va ilk daqiqalardayoq gol o‘tkazib yubordi. «Kristal Pelas» darvozaboni Hendersonning uzatmasidan keyin Mateta Kiviorning qo‘pol xatosidan foydalanib, hisobni ochdi. Bu hujumdan keyin «kanonirlar» mehmonlarni jarima maydoniga qamashga kirishdi va Mikel Arteta natijaga erishish uchun tanaffusda o‘zgartirishlar qildi.
Yakunda het-trik qayd etgan Gabriel Jyezusga shunchaki yaxshi assistentlar yetishmayotgani oydinlashdi, ikkinchi bo‘limda tushgan Edegor ikkita, Saka bitta golga hammualliflik qildi. Faoliyatidagi murakkab davrni boshdan kechirayotgan braziliyalik hujumchi ularning yordamida bir kechada 2024 yil boshidan buyon urgan gollari sonidan ko‘proq gol urdi. Ayniqsa uning «Arsenal» hisobni tenglashtirishiga imkon bergan goli chiroyli chiqdi. Bu hujum yakunida u Jyezus to‘pni nozik harakat bilan darvozabon ustidan oshirib tashladi.
Shu bilan birga, uning ikkinchi goli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Saka uzatma berganida u ofsaydda qolganida, ammo hakamlar buni payqamadi, VAR esa liga kubogida faqat yarimfinaldan ishlay boshlaydi. Yakunda «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Nketianing bitta javob goli yetarli bo‘lmadi. Mehmonlar xG bo‘yicha 0.34 ko‘rsatkichidan ikkita gol urishdi, ammo videoassistentlar yo‘qligi — «burgutlar» turnirning keyingi bosqichiga o‘ta olmasligi sabablaridan biri bo‘ldi.
«Sauthempton» — «Liverpul» 1:2
Gollar: Archer (59) — Nunes (24), Elliot (32).
«Sauthempton» – Makkarti, Menning, Bri (Sugavara, 61), Vud-Gordon, Bednarek (Brereton, 84), Harvud-Bellis, Fernandesh, Aribo (Lallana, 84), Dauns (Sulemana, 73), Dibling, Archer (Onuachu, 73).
«Liverpul» – Kelleher, Gomes (Tsimikas, 46), Endo, Kuansa, Aleksander-Arnold (Keza, 46), Nioni (Denns, 86), Morton, Mak Allister (Makkonnell, 63), Elliot, Gakpo (Jota, 63), Nunes.
Ogohlantirishlar: Elliot (57), Dauns (57), Makkonnell (90), Brereton (90+4).
Yakshanba kuni «Tottenhem»dan 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Sauthempton» Rassel Martinni ishdan bo‘shatdi. Rahbariyatning bu qarori mo‘jizaga sabab bo‘lmadi, ammo «avliyolar» kuchli raqibga qarshi ancha tetik harakat qilishdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda, birinchi bo‘limda esa mezbonlar «Liverpul»ning ikki golidan keyin sovib qolgandi. Hisobni ochgan Nunes uchun tribunalarda aytilgan haqoratli qo‘shiq qo‘shimcha motivatsiya bo‘lib xizmat qildi. Fanatlar qo‘pol tarzda urugvaylik hujumchini mersisaydliklarning sobiq forvardi Kerrollga o‘xshatishdi. Va Darvin to‘pni darvozaga yo‘llaganida, barmog‘ini labiga qo‘yib, tribunadagilarga jim bo‘lishni taklif qildi.
Elliot hisobdagi farqni oshirganida «Sauthempton» butunlay taslim bo‘ladigandek tasavvur uyg‘ondi. Ikkinchi bo‘limda esa sentabr oyidan buyon jarohatini davolagan Kiyeza maydonga tushib, mehmonlar hujum chizig‘ini kuchaytirdi. Faqat italiyalik o‘ta qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarishidan oldinroq «avliyolar» Archerning chiroyli zarbasi bilan hisobni qisqartirishga ulgurgandi. Shundan keyin Arne Slot bir necha qiyin daqiqani boshdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi, Kiyeza baribir o‘z maqsadiga erishishiga esa darvozabondan o‘tgan to‘pni chiziq oldida to‘sib qolgan Dauns yo‘l qo‘ymadi. Bu o‘yinda ham hakamlar VAR’siz xatoga yo‘l qo‘yishdi, o‘yin oxirida arbitr yaqin masofada turganiga qaramay, Kuansaning folini ko‘rmadi, ushbu himoyachi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan raqibni to‘xtatgandi va qizil kartochka olishi lozim edi.
Italiya: «Atalanta»ning rekordi
«Atalanta» — «Chezena» 6:1
Gollar: Zappakosta (4), de Ketelare (8, 35), Samarjich (27, 71) Breshianini (54) — Sesay (90).
«Atalanta» – Patrisiu (Rossi, 78), Jimsiti (Godfri, 64), Hin (Sulemana, 64), Toloi, Samarjich, de Ketelare (Zaniolo, 52), Zappakosta, Pashalich (Breshianini, 52), de Ron, Palestra, Retegi.
«Chezena» – Pisseri, Piyerachchini, Piachentini, Chofi (Kurto, 74), Kargbo (Sesay, 75), Tavshan (Francheskoni, 60), Cheliya, Bastoni (Kyarello, 60), Mendichino, Adamo (Xrayyesh, 82), van Hoydonk.
Ogohlantirishlar: Jimsiti (28), Toloi (45), Bastoni (53).
Jan Piyero Gasperini V seriya vakiliga qarshi kubok o‘yinida ham jangovar tarkibni tashladi va bu tarkib «Chezena» mudofaasini shunchaki yanchib tashladi. «Atalanta»ning eng yaxshi to‘purari Retegi navbatdagi yorqin o‘yinini o‘tkazdi. U gol urmadi, ammo uning uzatmalari Yevropadagi futbol oqshomini bezadi. Birinchi holatda forvard De Ketelareni zarba berish nuqtasiga chiqardi. Ikkinchisida yana bir chiroyli harakat bilan to‘pni Samarjichga yetkazdi, u esa dubl qayd etgan De Ketelarega assistentlik qildi. Bergamoliklar yakunda ilk bor Italiya Kubogidagi bir o‘yinda olti gol urishga erishdi. «Atalanta»ning bu turnirda bungacha eng yirik g‘alabalari — 1959 va 1972 yillardagi 5:0 hisoblari bo‘lgandi.
«Roma» — «Sampdoriya» 4:1
Gollar: Dovbik (9, 19), Baldanzi (24), Shomurodov (79) — Yyepes (61).
«Roma» – Rayan, Ndika, Ermoso, Chelik, Zalevski (Dal, 71), Baldanzi, Anxelino, Pizilli (Le Fe, 62), Paredes (Pellegrini, 71), Salemakers (Sule, 62), Dovbik (Shomurodov, 78).
«Sampdoriya»– Vismara, Veroli (Ioannu, 46), Vulikich, Melensten, Venuti, Ronaldu Viyeyra (Benedetti, 62), Yyepes, Akinsanmiro (Bellemo, 78), Pedrola (Depaoli, 46), Leonardi (Sekulov, 69), Borini.
Ogohlantirishlar: Pizilli (23), Vulikich (51), Borini (67).
«Roma» ham chorakfinalga o‘tishda muammoga duch kelmadi. Inqiroz holatida turgan «bo‘rilar» uchun bu minimum vazifa edi, chunki jamoa so‘nggi yetti yillikda Italiya kubogida faqat bir marta sakkizlikka kira olgan. 2020/21 yillar mavsumida rimliklar «Spetsiya» to‘sig‘idan ham o‘ta olmagandi, ammo hozirgi «Sampdoriya» bunday jasoratga qodir emas. Hozirda genuyaliklar V seriyada o‘n beshinchi o‘rinda bormoqda. Amalda mehmonlarni Dovbikning ikki daqiqa ichidagi ikki goli nokautga uchratdi. Ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga tushirilgan Shomurodov esa Anxelinioning ortdan bergan uzatmasini bosh bilan to‘sin ostiga aniq yo‘naltirdi. O‘zbekiston milliy jamoasi sardori uchun bu joriy mavsumdagi atigi ikkinchi gol. Italiyada oxirgi marta u sentabr oyida — A seriyada «Empoli»ga yutqazilgan o‘yinda (1:2) darvozani ishg‘ol etgandi. Keyin esa jarohat tufayli ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yubordi. Endi Klaudio Raniyeri jamoasini chorakfinalda «Milan»ga qarshi bahs kutmoqda.
Fransiya: Parijliklar asosiy ta’qibchidan uch ochko oldi
«Monako» — «PSJ» 2:4
Gollar: Ben-Segir (53, penalti), Embolo (60) — Due (24), Dembele (64, 90+7), Ramush (83).
«Monako» – Ken, Vanderson, Salisu (Ilenikhena, 89), Kerer, Singo, Kamara (Minamino, 74), Magassa, Golovin (Matazo, 89), Ben-Segir, Akliush, Embolo.
«PSJ» – Donnarumma (Safonov, 22), Pacho, Markinos, Nevesh (Ernandes, 65), Hakimi, Fabian Ruis, Vitinya, Zair-Emeri, Barkolya (Li Kan In, 65), Due (Ramush, 80), Dembele.
Ogohlantirishlar: Singo (13), Kamara (29).
Dekabr oyini «Monako» kuchli o‘tkaza olmayapti: jamoa «Tuluza» ustidan g‘alabadan (2:0) boshqa hech qaysi natija bilan maqtana olmaydi. Chempionlar ligasida monegasklar «Arsenal»ga safarda yirik hisobda yutqazdi (0:3), keyin esa ichki chempionatda o‘rtamiyona raqib «Reyms»ni yenga olmadi (0:0).
«PSJ»da esa barchasi joyiga tusha boshladi. Luis Enrike shogirdlari nihoyat vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichini yaxshilashdi va YeChLda «Zalsburg»ga (3:0), Fransiya chempionatida «Lion»ga (3:1) uchtadan gol urishdi.
Chempionatda yonma-yon ketayotgan jamoalar to‘qnashuvining birinchi bo‘limi o‘rtalarida qo‘rqinchli epizod ro‘y berdi — parijliklar darvozaboni Donnarummaning yuziga butsaning ostki qismi bilan zarba berildi. «Monako» himoyachisi Stefan Singo Janluidjining ustidan sakrab o‘tishga urinib, raqib yuzini jarohatladi va u o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.
Jijiga bir necha daqiqada yordam ko‘rsatildi, uning yuzi tom ma’noda yirtilib ketgandi. Yakunda gazondan ko‘tarildi va o‘rnini Safonovga bo‘shatib berdi. Keyinroq kiyim almashtirish xonasida Donnarummaning yuziga o‘nta chok tushgani ma’lum bo‘ldi. Shu bila birga, Singo bu to‘qnashuv uchun jazolanmadi: unga hatto sariq kartochka ko‘rsatilmagan.
Ikki daqiqa o‘tib «PSJ» hisobni ochdi: reaktiv Hakimi o‘ng qanotda oldinga yugurib, jarima maydoniga yorib kirdi va 11 metrlik nuqta atrofida turgan Dueni to‘p bilan ta’minladi. 19 yoshli forvard bir teginishda to‘pni darvozaga yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda esa monegaskliklar yetti daqiqa ichida ikki gol urib, vaziyatni o‘zgartirishdi. Avvaliga jarima maydoni ichida to‘p Markinosning qo‘liga tegdi va Ben-Segir penaltidan hisobni tenglashtirdi. Keyin esa Bril Embolo yaqin masofadan gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Ammo «PSJ» ham tezda javob qaytardi. To‘rt daqiqa o‘tib Dembele hisobni tenglashtirdi. O‘yin durangga qarab ketayotganida parijliklar standart vaziyatga ega bo‘lishdi. Li Kan In to‘pni darvozabon hududiga uzatdi, Ramush barchadan baland sakradi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Dembele yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi — 4:2.
Endi Luis Enrike jamoasi turnir jadvalida o‘zini ancha ishonchli his qilishi mumkin, ikkinchi o‘rindagi «Monako» va «Marsel» o‘n ochkoga ortda qoldirilmoqda.
Kun statistikasi
Uzoq muddatli diskvalifikatsiya o‘tagan yarimhimoyachi Tonali «Nyukasl» safida 2023 yil 1 avgustdan buyon ilk bor gol urdi (u o‘sha kuni debyutdayoq gollar hisobini ochgandi). Italiyalikning dubli «qarg‘alar»ga «Brentford»ni yengib (3:1), Angliya ligasi kubogida yarimfinalga chiqishga imkon berdi.
«Monako» liga 1 turnir jadvalidagi kuchli yettilik vakillariga qarshi olti uchrashuvda faqat 1 g‘alabaga erishdi. Monegasklar avgust oyida «Lion»ni yenggandi, qolgan raqiblar bilan o‘yinlarda 3 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etildi.
«Monako» hisobda oldinda borgan o‘yinlarida 3 bor yutqazdi. Bu Fransiya chempionatining joriy mavsumidagi eng yomon ko‘rsatkich.
Marokashlik Ashraf Hakimi «PSJ» safida 25 bor golli uzatma amalga oshirdi va bu borada Maksvellni ortda qoldirib, parijliklar klubi tarixidagi eng yaxshi himoyachi assistentga aylandi.
«Real» Florentino Peres prezidentligi davridagi sovrinlari sonini 65 taga yetkazdi.