Kongo Appleʼni noqonuniy qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda aybladi

Fan-texnika 00:53 / 18.12.2024 2295

Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) Fransiya va Belgiya sudlariga Apple korporatsiyasi ustidan da’volar kiritdi, deb xabar beradi Reuters. Afrika davlati hukumati kompaniyani Kongoda noqonuniy yo‘llar bilan qazib olinayotgan minerallardan foydalanishda ayblamoqda.

KDR — kompyuter va mobil qurilmalarda foydalaniladigan qalay, tantal hamda volframning yirik eksportchisi hisoblanadi. Ammo mamlakatda jinoiy to‘dalar va qurollangan noqonuniy guruhlar nazorati ostida ishlovchi shaxtalar mavjud. BMT va inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, bunday shaxtalarda majburiy mehnatdan foydalaniladi, guruhlar esa fuqarolarni ommaviy ravishda o‘ldirish, zo‘rlash, marodyorlik va boshqa jinoyatlarda ayblanadi.

KDR hukumatining da’volarida ta’kidlanishicha, Apple o‘z qurilmalarida respublika hududidagi noqonuniy shaxtalardan qazib olingan, keyin xalqaro yetkazib berish zanjirlari orqali «yuvilgan» minerallardan foydalanib keladi. Shu bois da’voda keltirilishicha, Amerika kompaniyasini jinoyatchilarga sherik hisoblash lozim.

Apple AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga taqdim etgan 2023 yilgi hisobotida minerallar hamda oltinni yetkazib beruvchilarning birortasi Kongo yoki unga qo‘shni davlatlardagi qurolli guruhlarni moliyalashtirmasligini ma’lum qilgandi.

Kongo Demokratik Respublikasi Fransiya va Belgiya regulyatorlari korporativ hisobotga qattiq turgani bois aynan ushbu davlatlarning sudlariga da’volar kiritishga qaror qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: