Apple yupqa iPhone va buklama qurilmalarni chiqaradi – OAV

Fan-texnika 20:51 / 16.12.2024 1880

Apple kompaniyasi iPhone liniyasining dizayni va formati, shuningdek, ehtimol boshqa mahsulotlar bo‘yicha bir qator yirik o‘zgarishlarni tayyorlamoqda, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ) xabardor manbalarga tayanib.

Qayd qilinishicha, kompaniya kelasi yili hozirgi 8 millimetrli qurilmalardan yupqaroq bo‘lgan iPhone smartfonini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ushbu smartfon iPhone Pro modellaridan arzonroq bo‘ladi, jumladan, soddalashtirilgan kamera tizimi tufayli.

Bundan tashqari, Apple buklanadigan ikkita qurilmani chiqarishni rejalashtirmoqda. Noutbuk sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan kattaroq qurilma ish stoli monitorlari bilan taqqoslanadigan o‘lchamga - taxminan 19 dyuymgacha buklanadigan ekranga ega bo‘ladi. Kichikroq qurilma buklanadigan iPhone bo‘lib, uning displeyi iPhone 16 Pro Max modeli displeyidan kattaroq hajmgacha buklanadi.

Manbalarning ta’kidlashicha, ikkala buklanadigan qurilma yillar davomida tayyorlanmoqda, biroq ba’zi muhim qismlar tayyor emas edi. Asosiy qiyinchilik qurilmani yig‘ish va ochish imkonini beruvchi mexanizmni, shuningdek, displey qopqog‘ini, yig‘iladigan ekranni himoya qiluvchi egiluvchan materialni takomillashtirish edi.

Hozir bozorda sotilayotgan buklanadigan smartfonlar Apple standartlari bo‘yicha unchalik nozik, yengil va energiya tejamkor emas, dedi Honkongdagi Haitong International Securities kompaniyasi tahlilchisi Jyeff Pu. Shu bois Apple bu segmentga sekin kirishdi, dedi u.

Kompaniya turli dizaynlarni sinab ko‘rgan, masalan, buklanganda displeyni qurilmaning tashqi tomoniga joylashtirishni ham. Lekin ichkariga buklanadigan dizaynni tanladi, dedi manbalar.

Apple birinchi navbatda ehtimoliy talabni o‘lchash uchun bozorga kattaroq buklanadigan qurilmani taqdim etishi mumkin, garchi buklanadigan iPhone birinchi bo‘lib tayyor bo‘lsa-da. Kompaniyaning top-menejerlari ushbu qurilmalarni 2026 yilda chiqarmoqchi, biroq barcha texnik muammolarni hal qilish uchun ko‘proq vaqt ketishini istisno qilmayapti, deydi manbalar.

Ko‘proq yangiliklar: