“Vertolyot kabi havoga tik ko‘tariladi” – AQShda hibrid samolyotning ilk surati namoyish etildi

Fan-texnika 18:13 / 11.12.2024 5014

Bell kompaniyasining vertolyot va reaktiv samolyot hibrididan tashkil topgan uchar apparati tasviri paydo bo‘ldi. New Atlas xabar berishicha, yangi uchoq AQSh Mudofaa vazirligining Istiqbolli tadqiqot loyihalari boshqarmasi (DARPA) tomonidan amalga oshirilayotgan SPRINT dasturi doirasida yaratilmoqda.

X-plane deb nomlangan ishlanma tashqi ko‘rinishidan Bell Boeing Osprey — Amerika harbiy konvertoplaniga o‘xshaydi. Bunday hibrid apparatlar uzoq vaqt davomida muhandislar uchun murakkab muammo bo‘lib kelgan. Vertolyotlar notekis joylarda juda qo‘l keladi, lekin ularning tezligi cheklangan. Samolyotlar tez uchadi, biroq uchish-qo‘nish yo‘laklarini talab qiladi. DARPA ikkala turning afzalliklarini birlashtirish orqali vertolyotdek tik ko‘tarilib, havoda muallaq turadigan va manyovr qiladigan, so‘ngra reaktiv samolyotdek tezlashadigan mashina yaratishga qaror qildi. Uchish paytida apparatning rotorlari gorizontal parvoz uchun egiladi, so‘ngra havo qarshiligini kamaytirish maqsadida ichkariga yig‘iladi.

Stop/Fold deb nomlangan ushbu texnologiyaning prototipi 2023 yilda Nyu Meksikodagi HHSTT trekida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgandi. Endi tizim Uichito shtati universitetining aerodinamik quvurida sinab ko‘rildi.

X-plane’ning asl ko‘rinishi birinchi marta namoyish etilmoqda: silliq korpus, ingichka qanotlar, V-simon dum va aerodinamik qoplamalar ortiga yashiringan buklama rotorlar. Kelajakda uchoq soatiga 833 kilometrgacha tezlikda uchishi, 9 100 metr balandlikka ko‘tarilishi va 370 kilometr masofani bosib o‘tishi ta’kidlanmoqda. Qurilma 2 300 kilogrammgacha yuk, jumladan, kichik transport vositalarini tashiy oladi.

Ishlanma Hind-Tinch okeani mintaqasi kabi murakkab sharoitlarda maxsus bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Yuqori tezlik, boshqaruv qulayligi va chidamlilik ushbu hibridning zamonaviy operatsiyalardagi ahamiyatini oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: