Joriy yilda mukofot puli 11 million shved kronasini (1 million dollarga yaqin) tashkil etdi. Tantanali marosim har yilgidek Alfred Nobel vafot etgan kun munosabati bilan 10 dekabr kuni tashkillashtirildi.
Nobel mukofotining 2024 yilgi sohiblari:
Tibbiyot bo‘yicha — amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkan (mikroRNKni kashf qilgani uchun);
Fizika bo‘yicha — amerikalik Jon Hopfild hamda britaniya-kanadalik Jyeffri Hinton (sun’iy neyron tarmoqlari yordamida Machine Learning‘ning asosini tashkil etuvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun);
Kimyo bo‘yicha — Devid Beyker, Demis Xassabis va Jon Jamper (oqsilning uch o‘lchamli tuzilishi prognozi» va «oqsilning kompyuter dizayni uchun);
Adabiyot bo‘yicha — Janubiy koreyalik yozuvchi Han Kangga (tarixiy jarohatlarga qarshi kurashadigan va inson hayotining nozikligini ochib beradigan ta’sirli she’riy nasri uchun);
Tinchlik uchun — Nihon Hidankyo tashkilotiga (Hirosima va Nagasakidagi atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgani uchun);
Iqtisodiyot bo‘yicha — Daron Ajyemo‘g‘li, Saymon Jonson va Jyeyms Robinsonga (institutlarning shakllanish jarayonlari va ularning iqtisodiy farovonlikka ta’sirini tadqiq qilgani uchun).
Nobel mukofotini birinchi topshirish marosimi 1901 yil 10 dekabrda o‘tkazilgan. Shundan buyon 1000 ga yaqin kishi va tashkilotlar uning laureatiga aylangan.
Taqdirlash marosimidan keyin mehmonlar an’naviy ravishda bayram banketiga, so‘ng Nobel baliga yo‘l oldi.
Yana bir tantanali marosim Osloda bo‘lib o‘tdi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Yaponiyaning Nihon Hidankyo tashkilotiga topshirildi.