Google kompaniyasi Willow nomli yangi kvant protsessorini taqdim etdi. Google Quantum AI laboratoriyasi asoschisi va rahbari Xartmut Nevenning ta’kidlashicha, chip zamonaviy superkompyuterlardan ham, boshqa kvant protsessorlaridan ham sezilarli darajada ustun.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, 105 kubitli Willow standart benchmark hisoblash (kompyuter tizimining qiyosiy ishlash xususiyatlarini aniqlash imkonini beruvchi test) vazifasini besh daqiqadan kamroq vaqt ichida bajaradi. Hozirgi kunda dunyodagi eng tezkor kompyuterlardan biri bo‘lgan Frontier’ga bunday vazifani bajarish uchun 10 septillion yil (10 ning 24 darajasi) talab etilgan bo‘lardi.
Nevenning qayd etishicha, ushbu raqam fizikada ma’lum barcha vaqt masshtablaridan oshib ketadi. Laboratoriya rahbarining fikricha, bu «kvant hisoblash ko‘plab parallel olamlarda sodir bo‘lishi to‘g‘risidagi g‘oyani tasdiqlaydi», shuningdek, britaniyalik fizik Devid Doych ilgari surgan multikoinot to‘g‘risidagi farazlarga mos keladi.
Samaradorlikni baholash uchun Google tasodifiy tanlanish zanjiri benchmarkidan foydalangan bo‘lib, u kvant kompyuter boshqa oddiy tizimlar qo‘lidan kelmaydigan vazifani qanday uddalashini ko‘rsatib berishga mo‘ljallangan. Ushbu testni kompaniyaning o‘zi kvant sohasidagi ustunligini namoyish etish uchun ishlab chiqqan. Shu bilan birga, Willow kvant hisoblash sohasidagi fundamental vazifalar, masalan, Shor algoritmini qanday uddalashiga aniqlik kiritilmagan.
Ammo Willow’ning asosiy ustunligi samardorligida emas. Ixtirochilarning ta’kidlashicha, ular ko‘proq kubitlardan foydalangan holda masshtablashtirish jarayonida xatolik darajasini kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan. Googleʼning qayd etishicha, olimlar ushbu vazifani uddalashga qariyb 30 yil sarflagan.
Google Quantum AI rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kvant hisoblashlar va sun’iy intellektning birgalikda rivojlanishi ko‘plab sohalardagi tadqiqotlarda yangi imkoniyatlarni ochadi. Masalan, olimlar yangi dorilarni yaratishi yoki elektromobillar uchun samarali batareyalarni loyihalashi mumkin. Bundan tashqari, kvant hisoblashlar termoyadroviy sintez sohasidagi va umuman muqobil energetikadagi jarayonlarni tezlashtirishga yordam beradi.