Rossiyada hibsga olingan amerikalik askar aybini tan oldi

Jahon 12:23 / 16.05.2024 8838

May oyi boshida Vladivostok sudi tomonidan o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan amerikalik askar Gordon Blek «aybini tan oldi va tergov bilan hamkorlik qilmoqda». Bu haqda 16 may, payshanba kuni Rossiyaning RIA «Novosti» axborot agentligi xabar berdi

Avvalroq Ichki ishlar vazirligining Vladivostok bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati xabar qilganidek, Gordon Blek Janubiy Koreyada tanishgan vladivostoklik qizni ko‘rgani kelgan. «Arizachi uyida tanishi bilan janjallashib qolgan, u ketganidan keyin qiz pul yo‘qolganini bilib, yordam so‘rab politsiyaga murojaat qilgan», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Rossiya ommaviy axborot vositalari amerikalik o‘z sevgilisini kaltaklab, undan ikki ming yevro va spirtli ichimliklarni o‘g‘irlaganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Rossiya TIV Blekning ishi siyosat yoki josuslik bilan bog‘liq emasligini, balki maishiy jinoyat ekanligini ta’kidladi. Rossiya Blek qo‘lga olingani haqida Davlat departamentini xabardor qildi. 

7 may kuni «Izvestiya» gazetasi Blek katta zarar yetkazilgan o‘g‘irlikda ayblanganini yozdi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 2-qismining «v» bandi). Ushbu moddada besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Rossiyada amerikaliklarning ushlanishi 

Reuters agentligi Gordon Blek bilan bog‘lanib, undan ishi haqida izoh olishga harakat qildi, biroq xabar e’lon qilingan paytda jurnalistlarning urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, AQSh hukumati o‘z fuqarolari uchun Rossiyaga safar qilishdan saqlanish haqida bir necha bor ogohlantirishlarni e’lon qildi. 2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan beri bir necha amerikalik Rossiyada qo‘lga olindi, deb eslatadi Reuters.

Ulardan biri Rossiya rasmiylari tomonidan josuslikda ayblanayotgan The Wall Street Journal internet nashri muxbiri Evan Gershkovichdir. 

Mahbuslar almashinuvi

Rossiya hukumati bir necha bor Rossiya sudlari tomonidan turli jazo muddatlariga hukm qilingan xorijliklarni chet elda sudlangan Rossiya fuqarolari bilan almashtirgan. O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarning yomonlashuvi fonida Rossiyada qo‘lga olingan xorijliklar soni ortib borayotganini ma’lum qilib, Moskvani hibsdagilardan siyosiy savdolashish vositasi sifatida foydalanayotganlikda aybladi. 

2022 yil aprel oyida Rossiya koloniyasida jazo muddatini o‘tagan amerikalik Trevor Rid AQShda katta miqdordagi giyohvand moddalarni tashishda ayblanib, 20 yilga qamalgan uchuvchi Konstantin Yaroshenkoga almashtirildi. Rossiya Federatsiyasida sayyohlik vizasi bilan bo‘lgan Rid 2019 yil avgust oyida Moskvada ikki qiz bilan janjallashib, politsiya tomonidan qo‘lga olinishiga qarshilik ko‘rsatgan. 2020 yilda u 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Rid o‘z aybini tan olmadi va mast bo‘lgani uchun hech narsani eslay olmasligini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: