AQSh davlat kotibi: Ukraina sharqiy frontni ushlab turishi mumkin

Jahon 08:29 / 13.05.2024 4070

Ukraina «sharqda front chizig‘ini samarali ushlab turish, Qora dengizda erishgan afzalliklaridan foydalanishda davom etish, shuningdek, rus qo‘shinlarini, shu jumladan Qrimda ham hujum ostida ushlab turishga qodir, bu esa ularga qiyinchilik tug‘diradi». Bunday fikrni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 12 may, yakshanba kuni Amerikaning CBS News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi so‘nggi muvaffaqiyatlarini sharhlar ekan, Davlat departamenti rahbari hozirgi vaziyat «qiyin» ekanini, ammo Kiyev hali ham G‘arb ittifoqchilari yordamiga ishonishi mumkinligini aytdi. «Biz hech qayerga ketmaymiz, xuddi Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan 50 ga yaqin davlat kabi», - deydi u.

Shu bilan birga, Blinken Kiyevga AQShdan yangi moliyaviy yordam berish va Ukrainaga qurol jo‘natish bo‘yicha kelishib olishning bir necha oylik kechikishi «o‘z bahosiga ega bo‘lganini» tan oldi. Biroq, hozir Vashington Ukrainaga «juda tez yordam jo‘natish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda», «yevropaliklar ham shunday qilishmoqda», dedi Davlat departamenti rahbari. Shu bilan birga, u AQSh prezidenti Jo Baydenning Kiyevga 400 million dollar harbiy yordam ajratish to‘g‘risidagi 10 may kuni e’lon qilingan farmonini esladi.

Britaniyadan Ukrainaga yordam

Xuddi shu kuni, 12 mayda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Sky News telekanaliga Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv yaqinida oldinga siljishi va AQShning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullashini kechiktirgani haqida izoh berar ekan, shunday dedi: «Bu juda uzoq davom etgani achinarli, lekin vaziyatni o‘zgartiradi». 

May oyi boshida Kemeron Kiyevga tashrif buyurib, Britaniya Ukrainaga har yili «kerak bo‘lganda» 3 milliard funt sterling miqdorida harbiy yordam berishini va’da qilgan edi.

Rossiyaning Xarkiv yaqinida olg‘a siljishi 

Rossiya Mudofaa vazirligi 12 may kuni Rossiya Qurolli kuchlari Xarkiv viloyatidagi yana to‘rtta aholi punkti, xususan: Gatishche, Krasnoye, Moroxovets va Oleynikovoni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Harbiy vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukrainaning Volchansk, Degtyarniy va Lopan yaqinidagi pozitsiyalariga zarbalar bergan.

Ko‘proq yangiliklar: