Toshkentda avtomobillar poygasi vaqtida bir kishi vafot etdi. Marhum avtobloger bo‘lgani aytilmoqda

O‘zbekiston 00:07 / 10.05.2024 75802

9 may kuni soat 17:00 atrofida Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi oqibatida bir kishi vafot etdi.

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tumanning Qumariq ko‘chasidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida 24 yoshli haydovchi A.X. Kia avtomashinasini boshqarib ketayotib 27 yoshli D.K.ni urib yuborgan. YTH oqibatida piyoda olgan jarohatlari sabab shifoxonaga olib borilganda vafot etgan.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarda ikki mashina o‘rtasida poyga uyushtirilgani, mashinalardan biri esa yo‘lidan chiqqan fuqaroni yuqori tezlikda harakatlanib kelib urib yuborgani aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, vafot etgan shaxs avtobloger, instagramdagi avtotuning_uz kanali asoschisi Doniyor bo‘lgan.

Foto: Instagram.com/doni.474

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: