Mixail Mishustin Rossiya bosh vaziri lavozimiga qayta tayinlandi 

Jahon 21:04 / 10.05.2024 4500

Rossiya Davlat dumasi bosh vazir lavozimiga Mixail Mishustin nomzodini ma’qulladi. 

Mishustinning tayinlanishini «Yedinaya Rossiya», «Novyye lyudi» va LDPR to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Kommunistik partiya fraksiyasi ovoz berishda betaraf qoldi. 

Endi, Mishustin 7 kun ichida Davlat Dumasiga bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar lavozimlariga nomzodlarni taqdim etishi kerak. Spiker Vyacheslav Volodin deputatlar ularni mos ravishda 13 va 14 may kunlari ko‘rib chiqishlarini aytdi. 

Mishustinning qayta tayinlanishi Rossiya qonunchiligi talablariga muvofiq sodir bo‘ldi. Unga ko‘ra, inauguratsiyadan so‘ng lavozimga kirishgan prezident bosh vazir va hukumatni iste’foga chiqarishi, shundan so‘ng Davlat Dumasi prezident tomonidan bosh vazir lavozimiga taklif qilingan yangi nomzodni tasdiqlashi kerak edi. 

58 yoshli Mishustin 2020 yildan beri Rossiya hukumatini boshqarib kelmoqda. Ayni damda u mamlakatning zamonaviy tarixida bu lavozimda eng ko‘p ishlagan uchinchi shaxs hisoblanadi. Dmitriy Medvedev (2012-2020) va Viktor Chernomirdin (1992-1998) undan uzoqroq vaqt davomida bosh vazir bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: