O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘zbekiston 09:45 / 09.05.2024 11121

Shu yilning 8 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Unda masjidlar holatini yaxshilash, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlash va imom-domlalar faoliyatini rivojlantirishga doir masalalar ko‘rib chiqilib, bir qator topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Unda, o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Jaloliddin Hamroqulov o‘rniga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Zayniddin Eshonqulov 1976 yilda tug‘ilgan. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Shuningdek, Misr Arab Respublikasidagi “Al-Azhar” universiteti malaka oshirish kursini o‘tagan.

U mehnat faoliyati davomida Toshkent shahridagi “Hofiz Ko‘hakiy”, “Imom Buxoriy” jome masjidlarida imom-xatib va O‘zbekiston musulmonlari idorasida turli vazifalarda xizmat qilgan. 2014 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi va Payariq tumani “Imom Buxoriy” masjidi imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: