“Investitsiya uchun soliq” - Murod Muhammadjonov SQning ustav fondiga oid taklifi haqida

Iqtisodiyot 13:24 / 09.05.2024 4181

O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqdi. Bu rejalar qatoriga kiritilgan, Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha vakolatlar berish haqidagi normalar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Tegishli qaror loyihasi tanqidlardan keyin ochiq muhokamaga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Kun.uz bu loyihaning aksariyat bandlariga qarshi chiqqan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari – soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va tadbirkor Faxriddin Ilyosov bilan suhbatlashib, e’tirozlar nimadan iborat bo‘layotganiga qiziqdi.

Loyihada korxonaning ustav fondini oshirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar manbasini ochiqlash talab etilyapti. Bu borada qanday muhokamalar bo‘ldi?

Murod Muhammadjonov: Ustav fondini oshirish uchun yo‘naltirilgan tovar-moddiy boyliklarning 10 kun ichida kelib chiqish asosi va hujjatlar soliq organiga majburiy taqdim etilmasa, ustav fondini oshirgan shaxsga nisbatan daromad solig‘i, korxonaga nisbatan foyda solig‘i hisoblansin degan norma qo‘yilyapti. Amaliyotda soliqchilar shu narsani qilib turgan edi va bu noqonuniy edi, sudlarda bu narsa isbotlanib, ko‘plab soliq tekshiruvlarida ayrim soliqchilar asosi yo‘q ekan deb turib, daromad solig‘i, ustav fondi oshirilmagan ekan deb foyda solig‘i hisoblab turgandi, bu harakatlar sud tomonidan noqonuniy deb topilayotgan edi. Endi shuni qonuniylashtirish uchun loyihaga kiritishyapti.

Prezidentimiz o‘zi ham investitsiya qilaman deb turgan odamdan kelib chiqish manbasini so‘ramanglar, u qancha xohlasa, shuncha investitsiya qilsin degan edi. Bu shu narsaga qarshi bo‘lyapti. Investitsiya uchun soliq bo‘lyapti.

Maqsadimiz – xufiyonani oqqa olib kirish bo‘lsa, ko‘chada qorabozorda hamma biladigan kargolar orqali chegaradan kirib kelayotgan tovarni men naqd pulga sotib oldim, o‘shani olib kelib rasman sotmoqchiman. Xufiyonadagini qonuniy bozorga olib kirsam, pulni qayerdan olding deydi. Qayerdan olganingni aytmasang, 12 foiz foyda solig‘ini to‘laysan, deyishyapti. Xufiyonani oqqa olib kirganim uchun soliq to‘laymanmi? Bu xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashmi yoki uni qo‘llab-quvvatlashmi? Xufiyonani oqqa olib kirsam, men 12 foiz, korxona 15 foiz foyda solig‘ini to‘lashi kerak. Shu paytgacha bu harakatlar sudlar tomonidan noqonuniy deb topib kelingan.

Ustav fondini oshirish uchun jismoniy shaxsga daromad solig‘i va korxonaga foyda solig‘i hisoblanishi borasida mutaxassislarning munosabatimiz shunaqaki, bu norma xufiyona iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqarilgan norma. Uni qaytaga yengillashtirish kerak, qancha olib kelsang, olib kelib oqqa olib kirib sotaver deyish kerak. Soliq to‘lab ishlash qulay bo‘lmayapti, aksincha soliq to‘lab ishlash qiyin bo‘lyapti.

Faxriddin Ilyosov: Bir jihatini inobatga olish kerak, tadbirkor foyda topganidan soliq to‘lashi kerak, harakatidan emas. Ya’ni biz har bir harakatiga soliq solmoqchimiz. Uy olding, soliq to‘la, mashina olding, soliq to‘la, ustav fondingga kiritding, soliq to‘la, chiqarding soliq to‘la. U hali foyda topgani yo‘q. Deylik, men korxona ochdim, o‘zimning mashinamni sotib, uning ustav fondini shakllantirdim. Soliq to‘la deyapti. Ya’ni men faqat harakat qilyapman, hali daromad topmayapman. Xarajat uchun soliqlar turini ko‘paytirishyapti.

Ulgurji savdo qiladiganlarga chakana savdo qilish taqiqlanishi taklif qilinyapti. Bu taklifga munosabatingiz qanday?

Murod Muhammadjonov: Savdo-sanoat palatasi bilan o‘zaro kelishuvimiz bor, agar shunday takliflar beriladigan bo‘lsa, mutaxassis sifatida bizdan ham so‘rashadi. Biz tadbirkorlarning o‘zidan ma’lumot olamiz. Hukumat bilan soliq to‘lovchi o‘rtasida ham bog‘liqlik bo‘lishi uchun SSP va biz orqali tadbirkorlar bilan ishlash yaxshi rishta bo‘lib turgandi.

Ulgurji savdo korxonalari kassa apparat orqali chakana sotishga ham ruxsat bor deyilganda, biz bunga alohida ham yozib berdik, faqat “perechisleniya” bilan deydigan bo‘lsa, tushunchalarni birlashtirib olish kerak. Biznesdagi chakana savdo bilan ulgurji savdo umuman boshqa narsa, qonunchilikdagi ulgurji savdo bilan chakana savdo boshqa narsa. Biznesda ko‘p miqdorda sotish ulgurji savdo deyiladi, qonunchilikda esa “perechisleniya”ga sotish – ulgurji savdo. Tadbirkor uchun tovarni bitta dona sotsa ham chakana savdo, donalab sotyapman deydi. Qutida sotsa, ulgurji savdo deydi. Tushunchalarni avval birxillashtirib olish kerak. Undan keyin uni ajratsa bo‘ladi.

Agar tushunchalarni birlashtirmasdan turib, ulgurji savdo faqat “perechisleniya”ga ishlasin deyish, aholi hech qachon birinchi qo‘ldan mahsulot sotib olmasin, arzon mahsulot yetib bormasin degan narsa bo‘ladi.

Shunday do‘konlar bor, katta partiyada shampun yoki deylik banan olib keldi. Bozorda o‘zining nomidan yarmarka qilib qo‘ydi. Endi unga mumkinmas yarmarkada sotish. Aholiga 15 ming so‘mdan sotayotgan edi, uni qaysidir kelib 1 fura olib ketadi, 15 ming so‘mlik narsa rastaga borgancha 25 ming so‘mga tushyapti. [Bu taklif bilan] aholi shu narsani 25 ming so‘mdan sotib olsin, ulgurji savdodan chakana narxda sotib olmasin deyapti. Banan olib kelgan 15 ming so‘mdan hammaga sotaman desa, “yo‘q, aholiga sotmaysan” deyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: