Yevropa Ittifoqi sudi Usmonov singlisining sanksiyalarni bekor qilish haqidagi da’vosini rad etdi

Jahon 22:05 / 08.05.2024 2807

Yevropa Ittifoqi sudi USM Holding asoschisi, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaning o‘ziga nisbatan Yevropa sanksiyalarini bekor qilish haqidagi da’vosini qanoatlantirmadi. Bu haqda RBK yozdi.

Sud qarorida aytilishicha, Ismoilova ginekolog bo‘lib, uch mamlakat fuqaroligiga ega – Rossiya, O‘zbekiston va Kipr. U 2022 yil 8 aprelda Alisher Usmonovning singlisi sifatida Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan.

Alisher Usmonov ham o‘sha yilning fevral oyida sanksiyalarga uchradi. U, shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga e’tiroz bildirgan, ammo Yevropa Ittifoqi sudi uning da’vosini rad etgan edi.

Qarorda aytilishicha, Usmonov aktivlarini «bilvosita» Ismoilovaga topshirgan, xususan, hujjatda «Dilbar» yaxtasiga ishora qilingan.

Sud Ismoilovaga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni nomutanosib deb hisoblamadi va da’voni qanoatlantirmadi. Endi yutqazgan tomon barcha sud xarajatlarini to‘lashi kerak.

Alisher Usmonovning vakili sud qaroriga izoh bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: