Zelenskiyga suiqasdning oldi olingani ma’lum qilindi. Ikki polkovnik ushlangan

Jahon 10:35 / 08.05.2024 19072

Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Zelenskiydan tashqari Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov hamda Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni o‘ldirish reja qilingandi.

Amaliyot doirasida prezident xavfsizligiga javobgar bo‘lgan Ukraina davlat xavfsizlik boshqarmasining ikki polkovnigi qo‘lga olingan.

«FSB razvedka tarmog‘i vazifalaridan biri harbiylar orasidan prezidentni qo‘riqlash xizmatiga aloqador bo‘lgan va davlat rahbarini garovga olib, keyin o‘ldirishga qodir bo‘lgan ijrochilarni qidirish edi», — deya yozadi UXX o‘z telegram-kanalida.

Ukraina davlat qo‘riqlash boshqarmasining gumondor xodimlaridan biri ko‘rsatma berayotgani aks etgan kadrlarga ko‘ra, unga bunday odamlarni izlab topish vazifasi 2022 yil fevral-mart oylarida qo‘yilgandi. Videoyozuvda bu shaxs ancha oldin, 2014 yilgi voqealardan keyin Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yollanganiga iqror bo‘ladi.

Ukraina bosh prokurori ofisi o‘z telegram-kanalida yozishicha, gumonlanuvchilar Ukraina davlat qo‘riqlash boshqarmasidagi xizmat chog‘ida «pul evaziga RF FSB vakillariga Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyati amalga oshirishda ixtiyoriy yordam ko‘rsatishgan».

Ukraina xavfsizlik xizmati tasdiqlashicha, Budanovni Pasxagacha o‘ldirish rejalashtirilgan va suiqasd rejasi quyidagicha bo‘lgan: «avvaliga yollangan josus qo‘riqlanayotgan odamning qayerlarga borishini kuzatishi va dushmanga bu haqda ma’lumot yetkazishi», keyin esa «ushbu amaldor bo‘lib turgan uy koordinatalari bo‘ylab raketa zarbasi berilishi» kerak edi.

Buning ortidan zarba joyida turgan odamlar ustiga dron zarbasi berilib, buning ortidan yana bir raketa uchib kelishi lozim bo‘lgan.

UXX xabarida aytilishicha, rossiyaliklar agentini qurollar bilan «UGO polkovnigi [davlat qo‘riqlash boshqarmasi] ta’minlagan, u Kiyevga FPV-dronlar, RPG-7 uchun zaryadlar, shuningdek MON-90 piyodalarga qarshi minalarni shaxsan o‘zi keltirgan».

Maxsus xizmatlar gumondagi rossiyalik josus bilan yozishmalar hamda musodara qilingan qurol va o‘q-dorilar aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.

Rossiya hukumati hozircha Ukraina xavfsizlik xizmati da’volari yuzasidan izoh bermagan.

«Putinga sovg‘a»

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukning yozishicha, maxsus xizmatlar amaliyoti haqida juda kam kishi xabardor bo‘lgan va uning borishini shaxsan o‘zi nazorat qilgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati suiqasdga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanuvchilarni ancha vaqtdan buyon kuzatayotgandi

«Inauguratsiya arafasida sovg‘a qilinishi kerak bo‘lgan terakt o‘rniga Rossiya maxsus xizmatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo biz yodda tutishimiz lozim — dushman kuchli va tajribali, unga past baho bermaslik kerak. Biz bundan keyin ham har bir xoin o‘zi loyiq bo‘lgan sud jazosini olishi uchun faollik bilan ishlashda davom etamiz», — degan Malyuk.

Ukraina xavfsizlik xizmati terakt tashkillashtirishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning nomini ochiqlagan. Maxsus xizmatlarga ko‘ra, bular Maksim Mishustin, Dmitriy Perlin va Aleksey Kornev bo‘lishgan. UXX ularni FSBning suiqasdlarni uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi 9-boshqarmasi xodimlari deb atagan.

Xususan, UXX ma’lumotiga ko‘ra, Perlin 2022 yil yanvarida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga qadar yollangan «kalamushlar» kuratori bo‘lgan. Shu vaqtga qadar ularga uning hamkasbi Aleksey Kornev «g‘amxo‘rlik» qilib kelgan.

Internetda Dmitriy Yevgenevich Perlin haqidagi ma’lumotlarni topish mumkin — bunday ism-sharifli odam Rossiya Zamonaviy diplomatiyani rivojlantirish fondi vitse-prezidenti hisoblanadi. U Rossiya nashrlariga Ukraina bilan bog‘liq masalalarda intervyular bergan, o‘tmishda esa Viktor Medvedchukning safdoshi bo‘lgan hamda Donbassdagi mojaroni barqarorlashtirish bo‘yicha uch tomonlama kontakt guruhida ishtirok etgan.

Gap aynan bitta odam haqida borayotgani aniq emas. Ammo Perlinning UXX tomonidan namoyish etilgan fotosurati Zamonaviy diplomatiyani rivojlantirish fondi saytida joylashtirilgan xuddi shunday ism-sharifli odamning suratiga o‘xshaydi.

Ukraina xavfsizlik xizmati xabar berishicha, Rossiya bosqinidan oldinroq Kornev «Yevropadagi qo‘shni davlatlar» hududlarida Ukraina davlat qo‘riqlash boshqarmasining yollangan polkovniklari bilan bir qator maxfiy uchrashuvlar o‘tkazgan. Shuningdek, xorijdagi josuslar uchun mablag‘lar yuborib turilgan.

Davlat qo‘riqlash boshqarmasining hibsga olingan polkovniklari ismi oshkor qilinmayapti. Shu bilan birga, RBK-Ukraina nashri maxsus xizmatlardagi manbalarga tayanib, qo‘lga olinganlardan biri - Andrey Guk ekanini yozgan, u boshqarma bo‘limlaridan birini boshqargan.

Avvalroq Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Budanov unga qarshi o‘nga yaqin suiqasdlar tayyorlangani, xususan, 2023 yil oxirida uning rafiqasi zaharlangani haqida aytib bergandi.

Yaqinda Budanov BBC bilan intervyuda unga hozir ham suiqasd rejalashtirilayotgani, ammo tashkilotchilar hech narsaga erisha olmasligini aytgandi.

UXX rahbari Vasiliy Malyukning so‘zlariga ko‘ra, suiqasdni fosh etish bo‘yicha amaliyotdan sanoqli kishilargina xabardor bo‘lgan
Ko‘proq yangiliklar: