Rossiyada amerikalik askar besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

Jahon 11:05 / 08.05.2024 1736

Sevgan qizini ko‘rish uchun Vladivostokka uchib kelgan AQSh armiyasi katta serjanti Gordon Blek undan 200 ming rubl o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda 7 may, seshanba kuni «Izvestiya» gazetasi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib xabar berdi. Nashrning yozishicha, Blek katta miqdorda zarar yetkazgan o‘g‘irlikda ayblanmoqda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 158-moddasi 2-qismi «v» bandi), bu moddada besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

The New York Post nashrining yozishicha, harbiy xizmatchi Vladivostokka Valentina Vashchuk ismli qizning oldiga kelgan, u 31 yoshda. Jurnalistlar Vashchuk va Blekning TikTok'da joylashtirgan videolariga e’tibor qaratdi. Ulardan birida amerikalik askar NATO blokini «tajovuzkor» deb atagan va «o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lgan Rossiyani tushunishini» aytgan. Boshqa bir videoda u sevgilisining «(Donald) Tramp yaxshiroq» degan so‘zlariga qo‘shiladi va o‘z mamlakati hamda Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvida AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenni ayblaydi. Bir nechta videolarda qiz Blekni haqoratlab, uni masxara qiladi.

AQSh askari qo‘mondonlikni xabardor qilmay Rossiyaga ketgan

Janubiy Koreyadagi AQSh harbiy bazasida xizmat qilgan 34 yoshli Blek Texasdagi Fort-Kavasosga o‘tkazilgan. Biroq, u yerga uchib ketishning o‘rniga, katta serjant Xitoyga o‘tib, Vladivostokdagi qizning oldiga kelgan. Qiz o‘g‘irlik haqidagi ariza bilan politsiyaga murojaat qilganidan so‘ng, u mehmonxonada qo‘lga olingan. Rossiya Ichki ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, Blek 2 may kuni ushlangan.

Pentagon voqea yuzasidan o‘z tekshiruvini o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Vashingtonning ta’kidlashicha, Blek Vladivostokka uchish rejalari haqida qo‘mondonlikni xabardor qilmagan va bunday sayohatga ruxsat olmagan. Avvalroq AQSh Davlat departamenti Ukrainadagi urush va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlardagi umumiy keskinlik fonida mamlakat fuqarolarini Rossiyaga safar qilmaslik to‘g‘risida qat’iy ogohlantirgan edi.

Amerika rasmiy manbalari, shuningdek, Blek uylangani va rossiyalik sevgilisi bilan Janubiy Koreyada tanishgani haqida xabar berdi. Biroq o‘tgan yilning kuzida ular o‘rtasida mojaro kelib chiqqan, shundan so‘ng qiz Rossiya Federatsiyasiga qaytgan. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng ular internet orqali muloqot qilishda davom etgan. Serjantning rafiqasi jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortdi.

Ko‘proq yangiliklar: