AstraZeneca o‘zining COVID-19 vaksinasini bozordan qaytarib oldi

Jahon 20:46 / 08.05.2024 3304

AstraZeneca Britaniya-Shvetsiya farmatsevtika kompaniyasi o‘zining koronavirusga qarshi vaksinasini sotish uchun bergan ruxsatnomasini bekor qildi, deb yozdi The Telegraph. Kompaniya bu qadamni faqat doriga bo‘lgan talab kamayib ketgani bilan izohlamoqda.

AstraZeneca o‘z vaksinasini endi ishlab chiqarmaydi yoki sotmaydi, chunki «bozor samaraliroq va virusning yangi variantlaridan himoya qila oladigan dorilar bilan to‘lib toshgan». Jumladan, 7 maydan boshlab, Vaxzevria vaksinasi Yevropa Ittifoqida qo‘llanilmaydi. Ushbu dori yaqin oylarda Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ham sotuvdan olib tashlanadi.

Avvalroq, AstraZeneca koronavirusga qarshi keng qo‘llanadigan o‘zining Covishield vaksinasi ba’zi nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkinligini tan olgan edi. Ular orasida qon quyulishi oqibatida tromblarning hosil bo‘lishi va trombotsitlar darajasining pasayishi bor. Bu nojo‘ya ta’sirlar o‘limga olib kelishi mumkin. Kompaniya bunday nojo‘ya ta’sir «juda kamdan-kam hollarda yuz berishi mumkinligini, buning sababi noma’lum ekanini» tasdiqlagan.

The Telegraph xabariga ko‘ra, vaksinadan jabrlanuvchilar va qurbonlarning qarindoshlari farmatsevtika kompaniyasiga qarshi jamoaviy da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishgan. Ular umumiy hisobda 100 million funt sterling tovon puli talab qilmoqda. Sud ushbu da’volarni 2023 yildan ko‘rib chiqishni boshlagan.

Covishield vaksinasi 150 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham keng qo‘llanilgan.

Ko‘proq yangiliklar: