AQShda Boeing'ga nisbatan yangi surishtiruv boshlandi

Jahon 10:59 / 08.05.2024 1915

AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) Boeing kompaniyasi xodimlari 787 Dreamliner samolyotiga oid texnik hujjatlarni qalbakilashtirgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgach, unga nisbatan yangi surishtiruv boshladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Regulyator Boeing 787 Dreamliner samolyotlarida qanot-fyuzelyaj tutashuvlarida to‘g‘ri bog‘lanish va ulanishni tasdiqlash uchun tekshiruvlarni yakunlagani yoki yo‘qligini aniqlamoqda.

Korporatsiya allaqachon ushbu seriyadagi barcha samolyotlarni qayta tekshirmoqda va ekspluatatsiya parkidagi aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish rejasini ishlab chiqmoqda, deya qo‘shimcha qildi FAA.

Boeing avvalroq FAA'ga uning bir qancha xodimlari «kerakli sinovlarni o‘tkazmay, ishni tugallanganini qayd etib, kompaniya siyosatini buzgani» haqida ma’lum qilgan edi, deb yozadi Reuters 787 Dreamliner dasturi rahbari Skott Stokerning ushbu samolyotlar yig‘iladigan Janubiy Karolinadagi xodimlariga yo‘llagan xatiga tayanib. «Bizning muhandislik guruhimiz ushbu qoidabuzarlik aviatsiya xavfsizligiga bevosita tahdid solmagan degan xulosaga keldi», deya qo‘shimcha qildi u.

Aprel oyida Boeing kompaniyasi Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish «bir nechta asosiy komponentlar» bo‘yicha ta’minotchilar yetishmasligi sababli sekinlashishini kutayotganini ma’lum qilgandi, deya ta’kidladi Reuters.

Mart oyi oxirida Boeing aviakompaniyasi samolyot xavfsizligi bilan bog‘liq bir qator mojarolar fonida o‘z rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlarni e’lon qildi. Hodisalardan biri yanvar oyida Alaska Air 737 MAX 9 layneri bilan sodir bo‘lgan. Parvoz vaqtida kemadan favqulodda chiqish paneli sinib ketdi. Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, unda to‘rtta murvat bo‘lmagan. Shundan so‘ng darhol FAA 737 MAX 9'dan foydalanishni to‘xtatdi, ammo keyinroq parvozlarni davom ettirishga ruxsat berdi.

Ko‘proq yangiliklar: