“O‘zbekistonga havo ifloslanishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar kerak” - amerikalik olim

Jamiyat 18:09 / 07.05.2024 4608

Professor Jyey Tyorner AQShning Sent-Luisdagi Vashington universitetida energiya, atrof-muhit va kimyo muhandisligidan dars beradi. U havo sifatini aniqlash va boshqarishga qaratilgan texnik tahlillar, namuna olish va monitoring faoliyatini baholashga oid tadqiqotlar olib borgan. Hozirda ayrim mintaqalarda mavzuga oid ilmiy o‘rganishlarini davom ettirmoqda.

AQSh Davlat departamentining Toshkent shahrida havo sifatini monitoring qiluvchi qurilmalar o‘rnatish loyihasi doirasida Toshkentga kelgan amerikalik tadqiqotchini Kun.uz suhbatga taklif etdi.

– Xayrli kech, professor. Avvalo intervyuga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Havo sifati mavzusini muhokama qilganimizda PM2,5, PM1 yoki PM10 atamalari paydo bo‘ladi. Dastlab shuni tushuntirib bersangiz, aslida PM nima degani va undagi 2,5, 1 yoki 10 nimalarni anglatadi?

– Albatta, bajonidil. Xo‘p, biz PM deganda havodagi zarrachalarni nazarda tutamiz. Havo zarrachasi juda mayda bo‘lgani uchun ularni ko‘rishimiz qiyin, lekin zarrachalar guruhi bir joyga to‘plangan bo‘lsa, uzoq masofalarni ko‘rishimiz qiyinlashadi. Zarrachalar qattiq bo‘lishi yoki suyuq tomchi ko‘rinishida uchrashi mumkin.

PM bilan qo‘shilib keladigan PM1, PM2,5 va PM10ga kelsak, u zarrachalarning o‘lchamini anglatadi. PM10 10 mikrometrdan kichik bo‘lgan barcha zarrachalarni qamrab oladi. Solishtirish uchun aytib o‘tsam, inson soch tolasining diametri 60 mikrometr bo‘lsa, 6 ta PM10 zarrachasining bir zanjirga terilgani shu soch tolasiga teng bo‘ladi. Biz ko‘pincha tilga oladigan PM2,5 zarrachalari esa 25 mikrometrdan kichiklari hisoblanadi. Xo‘p, bu vaziyatda biz soch tolasini 60 mikrometr deb olgan bo‘lsak, 2,5 zarrachalarning 24 tasini bir zanjirga terishimizga to‘g‘ri keladi. Bu faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin bo‘lgan mayda zarrachalar hisoblanadi. Ular o‘pkamizga kirishi, erishi va tanamiz bo‘ylab harakatlanishi mumkin.

Shuning uchun indeks ishlab chiqilgan. Uning maqsadi shundaki, ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, hozir O‘zbekistonda ham bir vaqtning o‘zida ko‘plab ifloslantiruvchi moddalar o‘lchab kelinmoqda. Jamoatchilikka yagona qiymat haqida hisobot berib borish uchun indeks ishlab chiqilgan. Bu o‘lchovlar yordamida biz har bir havoni ifloslantiruvchi moddalarni, ularning konsentratsiyasini belgilaymiz. Boshqa o‘lchovlar qo‘llansa, bir birikmaning miqdori boshqacha bo‘lishi mumkin, lekin biz ularni shkalaga qo‘yib, ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha eng ko‘p sonni tanlaymiz va jamoatchilikka hisobot beramiz.

Shunday qilib, havo sifati indeksidan maqsad – hisobotlarni soddalashtirish. Ammo ko‘p hollarda konsentratsiya haqida xabar bergan yaxshiroq. Ko‘pincha ularning ikkalasidan ham foydalaniladi.

– Siz atmosferani ifloslantiruvchi manbalarni va uning odamlarga ta’sirini o‘rgangansiz. Bu bo‘yicha tadqiqotlaringiz, kuzatuvlaringiz bor. Shular haqida gapirib bersangiz.

Dunyo davlatlarida havo ifloslanishining asosiy sabablarini nimada ko‘rasiz? Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi muammolar nima bilan bog‘liq, sizningcha?

– Global miqyosda havo ifloslanishining eng asosiy omili bu – yonish, aniqrog‘i, turli xil manbalarning yoqilishi bilan bog‘liq. Bu – avtomobillar, issiqlik elektr stansiyalaridan chiqadigan zaharli tashlanmalar bo‘lishi mumkin. Masalan, Hindistondagi kabi pechlar. Yoki agar odamlar isinish uchun pechlarni ishlatishsa, bu ham havoni ifloslantiruvchi omil bo‘la oladi. Qattiq yoqilg‘ining bu tarzda yondirib foydalanilishi butun dunyo bo‘ylab havo zarrachalarini ifloslantiruvchi eng katta manba hisoblanadi.

Ayni paytda bu borada Markaziy Osiyo davlatlari bir-biridan farqlanadi. Hozirda bizning eng yaxshi o‘rganishlarimiz Qirg‘iziston va shunda ham uning poytaxti Bishkek hissasiga to‘g‘ri keladi. Bishkekda havoning ifloslanishiga eng katta hissa qo‘shuvchi manba sifatida odamlarning qish mavsumida isitish uchun o‘z uylarida ko‘mir yoqayotganini aytish kerak. Havo ifloslanishini kamaytirish yo‘lidagi keyingi qadam shu yo‘nalishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Ya’ni ifloslantiruvchi manbalar va ularning turlarini, qaysilariga qancha foizdan to‘g‘ri kelayotganini yaxshiroq aniqlash kerak.

– O‘zbekiston Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda havo ifloslanishi kuzatiladigan vaqt asosan kuz-qish mavsumiga to‘g‘ri keladi.

Ya’ni aynan sovuq vaqtda issiqlik uchun ko‘mir yoqilgani aytilgandi. Nima deb o‘ylaysiz, ko‘mir stansiyalariga o‘rnatiladigan filtrlar havoga zaharli tashlanmalar tashlanishining qanchalik oldini oladi?

– O‘zbekistondagi elektr stansiyalari, jumladan, Toshkentdagi asosiy elektr stansiyasi haqida aniq ma’lumotga ega emasman. Umuman olganda, ko‘rinishi sumkaga o‘xshagani uchun “sumka uylar” deb ataladigan bu filtrlar to‘g‘ri ishlab chiqilgan, o‘rnatilgan va ta’minlangan bo‘lsa, zarrachalarni ushlab qolishda juda samarali hisoblanadi.

Endi issiqlik elektr stansiyalari masalasi ham qiziq, chunki yuqorida aytganingizdek, havo ifloslanishining aksariyat qismi qishda ko‘proq yuzaga keladi. Chunki bu stansiyalar juda baland zaharli tashlanmalar tashlovchi ustunlarga ega. Shuning uchun ko‘pincha shaharlarda, masalan, Bishkekda, issiqlik elektr stansiyasi yagona eng katta emissiya manbai bo‘lishi mumkin. Ammo bu qish mavsumida yer yuzidagi havo ifloslanishiga ta’sir qiluvchi eng katta omil emas. Chunki ustunlar juda baland bo‘ladi va u mahalliy joyga tushishdan ko‘ra uzoqqa, osmonga ko‘tarilib ketadi.

– Eng yaxshi filtrlar ham havo ifloslanishini necha foizga qisqartira oladi? Filtrlarni o‘rnatish mamlakatlar uchun qanchaga tushadi, bitta filtrning o‘rtacha narxi qancha?

– Bunday tizimlarning samaradorligiga ko‘plab omillar ta’sir qiladi. Filtrlarning samaradorlik darajasi 90 foizdan oshishiga ishonaman. Bu zarrachalarning o‘lchamiga ham bog‘liq. Bundan tashqari, cho‘ktirgichlar deb ataladigan emissiya nazoratining boshqa turlari ham bor va ular 97 foizdan yuqori samaraga ega bo‘lishi mumkin. Ammo bu yana zarrachalarning o‘lchamlariga va filtrlarning ularni ushlab qolish darajasiga bog‘liq.

Endi iqtisodiy jihati bilan bog‘liq savol murakkabroq. Chunki bu, albatta, stansiyaning o‘ziga xos dizayni, hajmi, quvvatiga bog‘liq. Shuning uchun bu borada aniq gap aytish qiyin. Men aniq biladiganim: yaqinda Qirg‘iziston hukumati Jahon bankidan atmosfera havosining ifloslanishini nazorat qilish uchun 50 million dollar foizsiz kredit oldi va ularning chora-tadbirlaridan biri markaziy issiqlik elektr stansiyasini nazorat qilishni yaxshilash edi.

– Bu borada O‘zbekistondagi vaziyatni ham o‘rgandingizmi, kuzatuvlaringiz bilan bo‘lisha olasizmi?

– Hozircha biz batafsil tadqiqotlar o‘tkazmadik, ayniqsa qish vaqtida. Yuqorida aytib o‘tganingizdek, ifloslanish juda mavsumiy ta’sirga ega va haqiqatan ham dominant manbalar mavsumga qarab o‘zgarishi mumkin. Agar isitish asosiy manba bo‘lsa, u faqat qishda bo‘ladi. Xuddi shunday, ifloslanishda changning hissasi ham ancha mavsumiy xarakterga ega. Biz bilamizki, yoz va kuzda chang zarralari PM2,5 ga o‘rtacha 30 foiz hissa qo‘shadi. Qolgan 70 foizi esa hali aniq emas va qishdagisini ham hali bilmaymiz. Nazorat rejalarini ishlab chiqish uchun keyingi bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ham ana shularni aniqlashdan iborat bo‘lishi zarur.

– Toshkent havosi rekord ifloslangan vaqtda Ekologiya vazirligi asosiy manba sifatida avtomobillarni ko‘rsatdi. Bu borada fikringiz qanday, PM2,5 ning qancha qismi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi? O‘zi rostdan ham dunyo miqyosida asosiy manba sifatida avtomobillar ko‘rsatilyaptimi?

– Hozircha men bu borada Toshkentdagi foiz hissasini bilmayman va taxmin qila olmayman. Bishkekda o‘rganishlar o‘tkazganimizda, u yerda avvaliga avtomobillar avvaliga qishda ham asosiy ifloslantiruvchi manba deb taxmin qilingandi, lekin unday bo‘lib chiqmadi. O‘zbekistonda esa bunga aniqlik kiritish murakkabroq, chunki bu yerdagi ko‘plab avtomobillar va yuk mashinalari tabiiy gazda yuradi, bu nisbatan toza, kamida PM zarrachalar uchun tozaroq. Lekin shu narsa ham aniqki, sizlarda hali-hamon benzin va dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari bor, lekin men ulardan qanday foydalanilayotgani, qaysi turdagi yoqilg‘i ishlatilayotgani, qolaversa, yoqilg‘ining havo sifatiga ta’sir darajasini bilmayman.

Global miqyosda transport vositalari ko‘plab shaharlarda havoni ifloslantiruvchi eng muhim manbalar qatoriga kiradi, lekin bu borada ham shahardan shaharga katta tafovutlar bor. Masalan, Nepalning juda ifloslangan shaharlaridan biri bo‘lgan Katmanduda transport vositalarining ifloslanishdagi hissasi katta, lekin asosiy zarar avtomobillar va yuk mashinalaridan ham ko‘ra ko‘proq ikki taktli dvigatellar, xususan mototsikllar hissasiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, global miqyosda havo ifloslanishida avtomobillarning o‘rni haqiqatan ham katta, lekin aynan O‘zbekistondagi vaziyatga baho berish aniq o‘rganishlarni talab qiladi.

– U yoki bu mintaqadagi davlatlar uchun standartlar bir xil bo‘ladimi yoki har bir mamlakat o‘zining alohida milliy standartini ishlab chiqishi kerakmi?

– Bu borada qat’iy fikrlarim bor. Men mintaqa bo‘yicha yagona standart bo‘lishini istardim. Buning ko‘plab foydali tomonlari bor. Shuningdek, bu strategiyalarni muvofiqlashtirishga yordam beradi. Aytib o‘tganimdek, mamlakatlar turli havo sifati va uni ifloslantiruvchi turli manbalarga ega bo‘lsa-da, ular o‘rtasida almashish mumkin bo‘lgan juda ko‘p bilimlar bor. Maqsadlarning mushtarakligi muvofiqlashtirish va bilim almashishga ham ko‘maklashadi.

Men ham turli mintaqalarning standartlari ham har xil bo‘lishi kerak degan gapni eshitganman va bu jarayonda asosiy argument sifatida ayrim mamlakatlar cho‘l hududlarida joylashgani, uni nazorat qilib bo‘lmasligini aytishadi. Bu borada men boshqacha fikrdaman. Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa va Sharqiy Osiyoning ba’zi boshqa mamlakatlaridagi tajribasiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash uchun tegishli standart belgilanadi. Agar nazorat qilib bo‘lmaydigan havoni ifloslantiruvchi manbalar bo‘lsa, ifloslanish darajasini o‘lchaymiz, undan nazorat qilib bo‘lmaydigan manba konsentratsiya darajasini ayirib tashlaymiz. Shunda nazorat qilish mumkin bo‘lgan miqdor kelib chiqadi. Shu asosda standart ishlab chiqiladi.

 

– Siz 2022 yilda ham O‘zbekistonga kelgansiz. O‘sha vaqt va hozirgi yashillik darajasini qanday baholaysiz? Oxirgi vaqtlarda bu vaziyatimiz yomonlashgandek, shu jihatdan ham makro va mikro iqlimlar yaratilishi kerakligi, yashillikni qaytarish haqida gapirishadi. O‘zi aslida makro va mikro iqlimlarni shakllantirish havo tozaligida qanchalik samarali?

– Bu mavzuda men AQShda tadqiqot qilganman. Har bir inson ekologik jihatdan ham va shaharsozlik jihatdan ham yashillik qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi degan fikrga qo‘shiladi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatda yashillikning juda ko‘p foydasi bor, shahardagi issiqlik oroli effekti, ya’ni bir hudud shaharlar atrofidagi joylarga qaraganda issiqroq bo‘lsa, shaharni iloji boricha ko‘kalamzorlashtirish talab etiladi.

Shu bilan birga, yashillik darajasini oshirish havo ifloslanish darajasini pasaytirishiga oid kuchli dalillar hali ham mavjud emas. To‘g‘ri, bu havoning ba’zi zarrachalar bilan ifloslanishini bartaraf etadi, ammo ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, buning natijasidagi havo sifati yaxshilanishi sezilarsiz darajada bo‘ladi. Shuning uchun biz ko‘kalamzorlashtirishni havo ifloslanishining oldini olishdagi strategiya sifatida qabul qilishda ehtiyot bo‘lishimiz kerak, menimcha. Ammo nima bo‘lganda ham shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish to‘g‘ri ish.

Men ikki yil davomida Toshkentdagi yashillik farqni sezmadim, chunki AQSh Davlat departamenti safarlarim davomida meni juda band qilib qo‘yadi. Ammo ko‘p shaharlarda qurilish tufayli daraxtlar va boshqa o‘simliklarni kesib tashlashmoqda, bu issiqlik oroli yuzaga kelishi kabi salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi, degan xavotir borligini bilaman. Shahringiz qanchalik issiq bo‘lsa, unda yashash qulayligi kamayib boradi. Havo sifatiga ta’sirini esa ko‘rib chiqish lozim.

– Ayrim mamlakatlarda PM2,5 ning ko‘payib borayotgani fakt. Xo‘sh, vaqt o‘tgani sayin uning ortib borishi tabiat va odamga ta’siri qanday bo‘ladi? Kelajakda qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkin? Bu borada izlanishlar bormi?

– Birinchi navbatda aytish kerak, bizda yaxshi xabarlar bor. Global miqyosda, PM2,5 o‘zining maksimal qiymatiga yetgan va hozirda pasayishni boshlaganga o‘xshaydi. Bu yangilik asosan Xitoyda juda samarali bo‘lgan ajoyib emissiya nazorati bilan bog‘liq. Jarayon juda murakkab, obektiv ilmiy yondashuvlar asosida to‘plangan ma’lumotlar bor. Bu jarayonda mamlakat yolg‘on raqamlarni taqdim eta olmaydi, chunki axborotlar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan va ancha ishonchli.

Endi mahalliy yoki mintaqaviy miqyosda aytadigan bo‘lsak, vaziyat biroz boshqacha. Ba’zi joylar tozalanishda davom etyapti, tez o‘sib borayotgan ba’zi joylar esa yanada ifloslanishda davom etyapti.

Demak, global o‘rtacha hisobda bu maksimal darajaga yetgan bo‘lishi mumkin, lekin Afrika, Markaziy Osiyo kabi jadal o‘sib borayotgan hududlarda havo sifati hali ham muammo bo‘lib qolyapti. Dunyodagi eng katta muammolardan biri bu – urbanizatsiya tezligidir. Dunyoning istalgan nuqtasida qishloqlardan shaharlarga ko‘chib o‘tayotganlar soni ortib bormoqda. Bu esa shaharlardagi havoning ifloslanishi va boshqa ekologik muammolarni yaratadi. Biz Mo‘g‘uliston, Ulan-Bator kabi joylarda iqlimiy migratsiya haqiqatan ham ko‘payotganiga guvoh bo‘ldik.

Xitoyliklar ancha yillar oldin haqiqatan ham katta iqtisodiy portlashni boshdan kechirishdi. O‘sha paytda ular o‘zlari foydalanayotgan barcha yangi issiqlik elektr stansiyalariga samarali boshqaruv moslamalarini o‘rnatishdi, lekin o‘shanda mamlakat bu uskunalardan to‘g‘ri foydalanilishini ta’minlash uchun kuchli huquqiy dasturga ega emas edi. Hozirga kelib Xitoy tozalash uskunalarining to‘g‘ri ishlatilishini ta’minlash uchun huquqiy asoslar va ijro mexanizmlarini ishlab chiqqan va bu foydali bo‘lmoqda.

Ular, shuningdek, yangi avtomobillarda emissiyani juda qattiq nazorat qilishdi, avtomobillarning aksariyati yangilandi. Shu sababli biz buning natijasidagi katta ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib turibmiz.

– O‘zbekiston hukumatiga ekologiyani saqlab qolish va havo sifatini yaxshilash borasida qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Yaqinda Ekologiya vazirligi va ilmiy-tadqiqot institutlaridan biri bilan vaqt o‘tkazdim, bundan juda xursand bo‘ldim. Ular havoning ifloslanishi muammosi, bu muammoning odamlar va ekotizimlarga ta’sirini tushunish uchun olib borayotgan tadqiqotlaridan juda hayratlandim. Juda katta ish qilinmoqda.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, keyingi asosiy qadam bu eng ifloslangan davrda havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalar nima ekanini aniqlash uchun ilmiy tadqiqotlar olib borishdir. Chunki nazorat iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lishi kerak. Axir ajratilgan mablag‘lar behuda sarflanishini xohlamaymiz. Mablag‘lar haqiqatan ham havo sifatini yaxshilashi va bunda eng katta samara beradigan joyga sarflanishi zarur. Havo sifatini ilmiy asoslangan holda boshqarish keyingi qadam bo‘lishi lozim.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: