NASA Starliner boshqariladigan kosmik kemasining birinchi parvozini keyinga qoldirdi

Jahon 09:50 / 07.05.2024 989

AQSh Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar boshqarmasi (NASA) startdan ikki soat oldin Boeing kompaniyasining Starliner boshqariladigan kosmik kemasi Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga birinchi sinov parvozini bekor qildi. Dunyo OAV 7 may, seshanba kuni erta tongda xabar berishicha, bunga Starliner’ni orbitaga chiqarishi kerak bo‘lgan United Launch Alliance (ULA) ishlab chiqargan Atlas-V raketa-tashuvchisining kislorod chiqarish klapanidagi muammo sabab bo‘lgan. 

Boshqariladigan Starliner kosmik kemasining uchirilishi 6 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:34 da Kanaveral burni koinot markazidan amalga oshirilishi kerak edi. NASA astronavtlari Barri «Butch» Uilmor va Sunita Uilyams Yerga qaytishdan oldin XKSda taxminan bir hafta bo‘lishi kutilgandi. 

NASA rahbari Bill Nelson X ijtimoiy tarmog‘ida parvozning bekor qilinishini izohlar ekan, uning asosiy ustuvorligi astronavtlar xavfsizligi hisoblanishini aytib o‘tdi. «Biz tayyor bo‘lganimizda uchiramiz», deya qo‘shimcha qildi u aniq sanani ko‘rsatmasdan. «Raketani qarzga olish kerak bo‘lsa, bizga xabar bering», - deb izoh berdi bunga SpaceX asoschisi Ilon Mask. 

Boeing SpaceX bilan birgalikda NASA tijorat ekipaji dasturi - Commercial Crew Program’da ishtirok etadi, uning maqsadi astronavtlarni koinotga yetkazishdir. Boeing NASA shartnomasi bo‘yicha ekipaj kapsulasini ishlab chiqish uchun 5 milliard dollardan ko‘proq, SpaceX esa 3,1 milliard dollar mablag‘ oldi. SpaceX allaqachon Crew Dragon kemalarida astronavtlarni tashish bo‘yicha bir nechta missiyalarni bajargan. 

Germaniyaning Der Spiegel haftalik nashri eslatganidek, bortida astronavtlar bo‘lgan Starliner kosmik kemasi uchirilishi qoldirilayotgani birinchi holat emas: «Boshqalar qatorida Boeing kapsulaning parashyutlari va simlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishi kerak». 

Ko‘proq yangiliklar: