Farg‘onada O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari uchrashdi

O‘zbekiston 11:56 / 07.05.2024 9231

2024 yilning 6 may kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Soymo‘min Yatimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid barcha muammolar to‘plamini atroflicha muhokama qildi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transchegaraviy xarakterdagi boshqa tahdidlarga qarshi kurashish kabi dolzarb sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar davlatlar o‘rtasida chegaradosh hamkorlik va umuman olganda, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. 

Muloqot chog‘ida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq kun tartibidagi masalalar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani demarkatsiya qilish masalalari konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv ishtirokchilari qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldi. 

Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi a’zolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. 

Ko‘proq yangiliklar: