Apple yangi iPad Air va Pro taqdimotini o‘tkazdi

Fan-texnika 21:11 / 07.05.2024 2653

Kompaniya ikki yil ichida birinchi marta iPad Air modelini yangilab, diagonali 11 va 13 dyuymli ikkita modelni taqdim etdi. Apple ilgari 13 dyuymli Air planshetlarini chiqarmagan. Ikkala model ham M2 chipiga ega, bu avvalgi avlodga qaraganda 50 foiz tezroq. Ikkala model uchun ham asosiy xotira 128 gigabayt, maksimali 1 terabayt. 

11 dyuymli Air modeli 599 dollardan, 13 dyuymlisi esa 799 dollardan boshlanadi. Kompaniya 7 maydan boshlab buyurtmalarni qabul qilmoqda, qurilmalar 15 maydan sotuvga chiqariladi, deb yozdi Engaget. 

Yangi 11 va 13 dyuymli iPad Pro OLED ekraniga ega bo‘ldi (ilgari LCD displeylar ishlatilgan). 13 dyuymli modelning qalinligi bor-yo‘g‘i 5,1 millimetrni tashkil etadi – Apple ma’lumotlariga ko‘ra, bu kompaniya tarixidagi eng nozik qurilma. 11 dyuymli modelning qalinligi 5,3 millimetrni tashkil etadi. 

Ikkala Pro modeli ham eng yangi M4 protsessoriga ega (avvalgi avlod M2 chipidan foydalangan). Bundan tashqari, Apple birinchi marta nanotekstura qoplamali Pro modelini taqdim etdi. 

Ikkala Pro modeli uchun asosiy xotira 256 gigabaytni tashkil etadi va narxlar 11 dyuymli model uchun 999 dollardan, 13 dyuymlisi uchun esa 1299 dollardan boshlanadi. 

5G modulli va nanotekstura qoplamali eng qimmat 13 dyuymli iPad Pro modeli 2599 dollar turadi, bu esa noutbuk narxiga teng. Ikkala modelga ham 7 maydan boshlab buyurtma berish mumkin va kelgusi hafta do‘konlarda sotuvga chiqariladi. 

iPad Pro modelida old kamera ekranning uzun tomoniga o‘rnatilgan bo‘lib, u qurilma landshaft rejimida bo‘lganda video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkonini beradi. 

Yangi iPad Pro yangilangan aksessuarlarga ega. Magic Keyboard endi alyuminiy taglik va bir nechta funksional tugmachalarga ega.

Ko‘proq yangiliklar: