Vengriyada muxolifatning ko‘p ming kishilik mitingi bo‘lib o‘tdi

Jahon 08:47 / 06.05.2024 1742

5 may, yakshanba kuni Vengriyaning ikkinchi yirik shahri Debretsenda Onalar kuniga bag‘ishlangan muxolifat mitingi bo‘lib o‘tdi. Uni fevral oyida Vengriya siyosiy maydonida ilk bor paydo bo‘lgan yangi muxolifatchi, hukmron FIDeS partiyasining sobiq a’zosi, huquqshunos Peter Madyar tashkil qilgan. Hukmron partiyaning tayanchi hisoblangan shaharda bo‘lib o‘tgan mitingda 10 ming nafargacha odam qatnashdi.

Debretsen markazida Madyardan tashqari mashhur aktyorlar, qo‘shiqchilar va ruhoniylar sahnada chiqish qildi. Muxolifatchi o‘z nutqida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban hukumatining tashqi va ichki siyosatini tanqid qildi va Vengriya hukumatini korrupsiyada aybladi. Shuningdek, u mamlakatda bolalar nafaqasi miqdorining nihoyatda past darajasini tanqid qildi. 

Avvalroq Madyar allaqachon Budapeshtda bir nechta mitinglar uyushtirgan edi. Siyosatchi Vengriya sobiq adliya vaziri Yudit Varganing sobiq eri bo‘lib, u fevral oyida pedofiliya bilan shug‘ullangan shaxsning afv etilishiga oid mojaro tufayli iste’foga chiqqan edi. Xuddi shu oyda Madyar FIDeS tarkibidan chiqqanini va davlat xizmatidan ketishini e’lon qildi. Mart oyida u Yevroparlamentga saylovlarda qatnashadigan, unchalik taniqli bo‘lmagan «Hurmat va ozodlik» (TISZA) markazchi partiyasiga qo‘shilishini bildirgandi. Bir necha oy ichida ilgari noma’lum bo‘lgan advokat mashhur siyosatchiga aylandi va Yevropa parlamentiga saylanish uchun real imkoniyatga ega bo‘ldi. Uning shiorlari aholi orasida qo‘llab-quvvatlanganiga qaraganda, Madyar kelajakdagi saylovlarda Orban uchun tahdidga aylanishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: