Rossiya qo‘liga o‘tgan Ocheretino xarobalari va tinimsiz o‘qqa tutilayotgan Xarkiv. Urush suratlari

Jahon 16:39 / 06.05.2024 13336

Ukrainada urushning 802-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya Xarkiv bo‘ylab aviazarba yo‘lladi.
  • La Repubblica: NATOda ilk bor Ukrainadagi urushga kirish uchun «qizil chiziq» belgilandi.
  • RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Ocheretino posyolkasini egallagani haqida xabar berdi.
  • Berdyanskda avtomobil portlashi oqibatida mahalliy «axloq tuzatish koloniyasi» xodimi halok bo‘ldi. Ukraina razvedkasi ma’lum qilishicha, u asirlarni qiynoqqa solishga aloqador bo‘lgan.
  • Rossiya hukumati Yevropada diversiyalar seriyasi o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu reja — kritik infratuzilmalarda portlashlar va yong‘inlar keltirib chiqarishni o‘z ichiga olgan.
  • WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina kreditorlari Kiyev urush tufayli to‘xtatilgan davlat qarzlarini to‘lashni tiklashni talab qilmoqda.
  • Oq uydagilar AQShning yordami Ukrainaga 2025 yilda yangi qarshi hujum boshlashga imkon beradi deb hisoblamoqda.
  • RF qo‘shini Ukrainaga dronlar bilan hujum qildi. Xarkivda turar joy binosi, Dniproda — infratuzilma obektlari zarbaga uchragan. Olti kishi jarohatlangan.

Xarkiv o‘qqa tutilishi

Rossiya qo‘shini so‘nggi haftalarda deyarli har kuni Xarkiv bo‘ylab zarbalar bermoqda. Region rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, 5 may kuni shaharga uchta aviabomba tashlangan. 14 ta ko‘p kvartirali uylar, xususiy uylar, avtomobillar, ishlamayotgan sport majmuasi, ofis va ma’muriy binolar shikastlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi jarohatlangan.

G‘arblik harbiy tahlilchilar ilgari surayotgan versiyaga ko‘ra, Rossiya Xarkiv bo‘ylab intensiv zarbalarni ushbu shaharni egallash maqsadidagi amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish doirasida oshirmoqda. Xususan, Amerika urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 5 may kungi hisobotida Rossiya desant batalyoni janubiy frontdan Kursk oblastiga ko‘chirib o‘tkazilganiga e’tibor qaratib, RF shimoliy guruhni kuchaytirishda davom etayotgani Ukraina shimoli-sharqiga, jumladan Xarkivga hujum qilinishidan darak berishi mumkinligini qayd etgan. Ammo ISW tahlilchilari ham, boshqa qator ekspertlar ham urushning bu bosqichida RF qo‘shinlarida Xarkivni shturm qilib egallash uchun kuch yetarli emas deb hisoblaydi.

Xarkivda 5 may kungi aviazarbadan shikastlangan turar joy binosi
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyaliklarning Xarkivga tashlangan aviabombasidan shikastlangan kvartira
Anadolu / ddp / Vida Press
Xarkiv bo‘ylab yo‘llangan aviazarba oqibatida jarohatlangan kishining evakuatsiyasi
Yakiv Liashenko / EPA / Scanpix / LETA
Ukraina prokuraturasi Xarkiv bo‘ylab yo‘llangan navbatdagi zarbadan keyin JK 438-moddasi, 1-qismi bo‘yicha (Urush qonunlari va urf-odatlarini buzish) jinoiy ish qo‘zg‘atgan
Anadolu / ddp / Vida Press

Ocheretino manzaralari

Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Ocheretino posyolkasini aprel oyi oxirida, deyarli qarshilikka uchramasdan qo‘lga kiritgandi. Ukraina nashrlarida yozilgan versiyalardan biriga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Ocheretinoni mudofaa qilgan ukrain bo‘linmalari rotatsiyasi vaqtida yuzaga kelgan xatolikdan foydalanib qolgan. Ocheretino hududida mudofaa yorib o‘tilishi Ukraina qurolli kuchlari butun Donetsk oblastida mag‘lubiyatga uchrashiga olib kelishi mumkin. 5 may kuni RF mudofaa vazirligi Ocheretino egallangani to‘g‘risida rasman xabar berdi.

The Associated Press nashri keng ko‘lamli urushga qadar uch mingdan ortiq kishi yashagan va hozirga kelib butun binosi qolmagan Ocheretinoning dron orqali olingan tasvirlarini namoyish etgan.

Kherson/Green / AP / Scanpix / LETA
Kherson/Green / AP / Scanpix / LETA
Kherson/Green / AP / Scanpix / LETA

Ukrainada Pasxa nishonlandi

2024 yilda xristianlar, jumladan pravoslavlar va yunon-katoliklar Pasxa bayramini 5 may kuni nishonladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bayramga bag‘ishlangan videomurojaatida Pasxa bayrami «inson qalbini yovuzlik va zulmat qulligidan ozod etish», shuningdek «ezgulik va adolat g‘alabasi, hayotning o‘lim ustidan tantanasi»ni anglatishini aytib o‘tdi. Zelenskiy urush ukrainlarni jipslashtirgani, «doimo og‘aligini ko‘rsatishga harakat qilgan sobiq qo‘shni» Rossiya esa endi ukrainlar uchun begonalashib ketganini qayd etgan.

Chernihiv oblastidagi Lukashovkada Pasxa nishonlanishi. Bu qishloq 2022 yil 9 martidan 30 martiga qadar Rossiya okkupatsiyasi ostida bo‘lgan. Qishloq markazida XX asr boshida qurilgan Voznesensk cherkovi janglar vaqtida jabrlangan, guvohlar «Gromadske» nashriga aytib berishicha, rossiyalik harbiylar uning atrofida odamlarni otib tashlagan. Hozirda Lukashovkadagi ibodatxonada yana diniy marosimlar o‘tkazilmoqda, jumladan Pasxa ibodati ham
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Chernihiv oblastidagi Krasnoye qishlog‘i aholisi pasxa korzinalari bilan (uning ichida kolbasa, salo, non, yog‘ va pishloq, shuningdek xoch, ikonalar, medalyonlar va turli tumorlar bo‘ladi. Korzina usti kashtagulli sochiq bilan yopiladi). Rossiya qo‘shini keng ko‘lamli bosqinning ilk davrida Ukrainaning ushbu regionini egallab olishga harakat qilgan, keyin chekinishga majbur bo‘lgan, ammo hozirga qadar region bo‘ylab kamikadze dronlar va raketalar bilan zarbalar berishda davom etmoqda
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Lvivda Klimentiy Sheptitskiy nomidagi Xalq me’morchiligi va turmush tarzi muzeyida Pasxa nishonlanishi
Olena Znak / Anadolu / ddp / Vida Press
Pasxani front chizig‘ida ham nishonlashdi. Fotoda bazasi Donetsk oblastida joylashgan qirol Daniil nomidagi 24-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi harbiylari bayram nonushtasi ustida
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainadagi urush — raqiblar pilotsiz qurilmadan bu qadar faollik bilan foydalanayotgan tarixdagi ilk urushdir. FPV-dronlar operatorlarga manzarani birinchi shaxsdan aniq ko‘rish va razvedka ishlari olib borish imkonini beradi, ular shuningdek portlovchi qurilmalar — yoki pasxa sovg‘alarini olib uchishi mumkin. Odessadagi hududiy mudofaa kuchlarining 126-alohida brigadasi aynan shunday yo‘l bilan Dniproning chap sohilidagi Krinki platsdarmini mudofaa qilayotgan ukrain harbiylarini bayram bilan tabrikladi
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu fevral oyidayoq RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Krinki «tozalangani» haqida ma’lum qilgandi. Ammo Ukraina tomoni bu bayonotni manipulyatsiya va faktlarning soxtalashtirilishi deb atagan. 126-brigada jangchilari Krinkidagi platsdarm himoyachilariga dron orqali pasxa sovg‘alari solingan qutilarni yuborgan
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Lviv oblastidagi Pustomiti qabristoni Pasxa vaqtida
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: