O‘zbekiston-Hindiston oliy professional ta’lim akademiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston 11:31 / 06.05.2024 930

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Tamil Nadu shtatiga amaliy tashrifi doirasida Madras texnologiya instituti (Indian Institute of Technology Madras - IITM) direktori professor Vijinatan Kamakoti bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Tomonlar zamonaviy, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasi va salohiyatini yuksaltirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro almashuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Dastlabki bosqichda O‘zbekiston oliy bilim yurtlari va IITM mutaxassislari o‘rtasida onlayn shaklda muloqotlar o‘tkazish, hamkorlik shakllari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish, so‘ngra o‘zaro amaliy tashriflarni tashkil etish yuzasidan yakdil fikr bildirildi.

Vijinatan Kamakoti O‘zbekiston elchisi tomonidan respublika yetakchi texnika oliy bilim yurtlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston-Hindiston oliy professional ta’lim akademiyasini (Skill Academy) tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan taklifni qo‘llab quvvatladi. Mazkur oliy ta’lim muassasasida bakalavr va magistr darajalaridagi amaliyotchi mutaxassislar tayyorlash, PhD ilmiy unvonini olish uchun aspirantlar tahsili, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish jarayonini tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Uchrashuv chog‘ida Madras texnologiya instituti direktori, o‘z navbatida, IIT Madras Research Park va O‘zbekistonning manfaatdor innovatsion parklari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatishni taklif qildi.

Ko‘proq yangiliklar: