Isroil bosh vaziri mamlakatda Al Jazeera yopilishini tasdiqladi

Jahon 09:57 / 06.05.2024 3371

Qatarda joylashgan arab tilidagi Al Jazeera telekompaniyasi Isroilda yopiladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 5 may, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi

Isroil hukumati telekanalni yopish qaroriga bir yoqadan bosh chiqarib ovoz berdi, deya aniqlik kiritdi bosh vazir. Isroil Al Jazeera telekanalini mamlakat arab aholisini davlat va uning armiyasiga qarshi, ayniqsa, 7 oktyabr kuni HAMAS harakatining hujumidan keyin zo‘ravonlikka undaganlikda ayblaydi.

Netanyaxu o‘z murojaatida qayd etgan aloqa vaziri Shlomo Kari kanalni kabel va sun’iy yo‘ldosh provayderlari tarmog‘idan olib tashlash va uning veb-saytini bloklash to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. «Isroilda HAMAS uchun so‘z erkinligi bo‘lmaydi», - deya Karining so‘zlarini keltirgan AFP. 

Isroil «dushman OAVni» yopish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi 

1 aprel kuni Isroil parlamenti (Knesset) mamlakatda «dushman OAV»ni yopishga ruxsat beruvchi qonunni ma’qulladi. Hujjat «Al Jazeera qonuni» deb ataladi, chunki u ushbu telekanalga qarshi qaratilgan. 

Qonunga ko‘ra, Isroil aloqa vaziri, bosh vazirning roziligi bilan, agar bu haqiqatda davlat xavfsizligiga ziyon yetkazadigan bo‘lsa, Isroildan va Isroil hududida chet el kanali efirini to‘xtatishga buyruq berishi mumkin. Bundan tashqari, Aloqa vazirligi bunday ommaviy axborot vositalarining ofislarini yopish va ular veb-saytini bloklash haqida buyruq berishga haqli.

Oq uy agar Al Jazeera’ni yopish rejalari haqidagi xabarlar tasdiqlansa, bundan «bezovta» bo‘lishini ma’lum qildi, chunki Isroil rasmiylarining bu harakati so‘z erkinligini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish hisoblanadi.

Qonunning qabul qilinishiga asos

2023 yilning noyabrida Netanyahu hukumati Qatarning HAMAS bilan garovga olinganlar bo‘yicha davom etayotgan muzokaralarida vositachilik harakatlariga xalaqit berishi mumkinligidan tashvishlanib, qonun avvalgi tahririni to‘xtatib qo‘ydi, deya xabar beradi KNA. 

Isroil hukumati 2017 yil avgust oyida Al Jazeera jurnalistlarining akkreditatsiyasini bekor qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Isroil aloqa vaziri bo‘lib ishlagan Ayub Karaning so‘zlariga ko‘ra, kabel va sun’iy yo‘ldosh operatorlari Netanyahuning mojaroni yoritishda zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganlik bo‘yicha ayblovi ortidan Isroilda arab telekanali efirini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: