FIFA futzal milliy jamoalarining reytingini yangiladi: O‘zbekiston jahonda 11-pog‘onaga ko‘tarildi

Sport 22:38 / 06.05.2024 5615

Unga ko‘ra, Xose Venansio Lopes boshchiligidagi O‘zbekiston futzal milliy jamoasi 1288,96 ochko jamg‘argan holda, 11-o‘rindan joy olgan. O‘zbekiston bungacha 2023 yilni jahon reytingida 25-o‘rinda yakunlagandi.

Braziliya FIFA reytingida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Amaldagi Jahon chempioni Portugaliya esa Ispaniyani ortda qoldirgan holda ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Osiyo chempioniga aylangan Eron 4-o‘rinda, Argentina esa kuchli beshlikdan o‘rin olgan. Qit’a chempionati finalchisi Tailand 9-o‘ringa ko‘tarilgan. O‘zbekiston futzal milliy jamoasi Osiyo jamoalari orasida Eron va Tailanddan keyingi 3-o‘rinni band etgan.

26 may kuni Samarqandda o‘tadigan jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimida ushbu besh jamoa va O‘zbekiston futzal milliy jamoasi 1-savatchaga joylashtiriladi.

2-savatchada esa Marokash, Qozog‘iston, Tailand, Fransiya, Ukraina va Paragvay jamoalari bo‘ladi. Shu tariqa, futzal bo‘yicha JCh-2024 ishtirokchilari FIFA reytingida egallagan o‘rinlariga qarab saralanadi va guruhlarga ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tailandda o‘tgan Osiyo kubogida Tojikistonni mag‘lub etib, 3-o‘rinni egallagandi. Qo‘shnilarimizdan Afg‘oniston 30-o‘rin, Tojikiston 34-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Qirg‘iziston 41-pog‘onada, Turkmaniston 66-o‘rinda bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: