«Real» – chempion. Madridga Ispaniyada raqobatchi topilmadi

Sport 09:55 / 05.05.2024 8368

«Real» Ispaniya chempionatida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi. Avvaliga jamoa uyda «Kadis»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (3:0), keyin esa «Barselona» «Jirona»ga yutqazdi (2:4) va mavsum yakuniga to‘rt tur qolganida Karlo Anchelotti jamoasini quvib yetadigan raqib qolmadi.

«Real»ning bu muvaffaqiyati raqamlarda.

Bu madridliklarning 36-chempionligi bo‘ldi. Ta’qibchilar ancha ortda qolib ketishgan: «Barselona»da 27, «Atletiko»da 11, boshqalarda – o‘ntadan kamroq. «Real» so‘nggi 12 mavsumda chempionatda to‘rt bor g‘olib chiqdi. Ammo 2007 va 2008 yillar mavsumidan buyon hozircha qatorasiga ikki chempionlikka erishilmagan – kelgusi mavsumda buning uchun navbatdagi urinish amalga oshiriladi.

«Real» o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha ajoyib mavsum o‘tkazdi – 34 o‘yinda atigi 22 bor. Quruq o‘yinlar soni – 18 ta, bu jami o‘yinlarning yarmidan ko‘proq. Jamoa so‘nggi bor bundan kamroq gol o‘tkazishi 1968/69 yillar mavsumida kuzatilgan – 21 gol, ammo o‘shanda o‘yinlar soni ham atigi 30 ta bo‘lgan.

Urilgan gollar soni bo‘yicha (hozircha 74) u qadar yuqori ko‘rsatkich qayd etilmayapti (masalan, 2011/12 yillar mavsumida 121 gol urilgandi), lekin «Real» mavsumdagi deyarli barcha o‘yinlarni golsiz tark etmagan. Faqat «Rayo Valekano» bilan o‘yin bundan mustasno (0:0). Jamoa yaqin tarixda ham ko‘p gol urmasdan chempionatda g‘olib bo‘la olgandi – 2019/20 yillar mavsumida 70 gol bilan.

«Real» – chempionatning eng tomoshabop o‘yin ko‘rsatgan jamoasi emas. Uning ishtirokidagi o‘yinlarda o‘rtacha 2,83 tadan gol urilgan, beshta jamoada esa bu ko‘rsatkich uchtadan yuqori.

«Real» faqat bitta o‘yinda yutqazdi – o‘tgan yil sentabrida «Atletiko»ga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida. Shundan keyin 28 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchralmadi. «Real» La Ligada mavsumni minimal miqdordagi mag‘lubiyat bilan o‘tkazishi so‘nggi bor 1989 yilda kuzatilgandi – o‘shanda faqat «Selta» bilan o‘yin boy berilgan.

«Real» uy o‘yinlarini kuchli o‘tkazdi – uy uchrashuvlarida yutqazmagan yagona jamoa 17 o‘yindan faqat ikkitasida ochko yo‘qotgan («Rayo Valekano» bilan 0:0, «Atletiko» bilan 1:1). Holbuki o‘tgan mavsumdagi uy o‘yinlari ancha qiyin kechgandi – 19 o‘yinda olti bor ochko yo‘qotilgan.

Qiziqarli ko‘rsatkichlardan biri «Real» – birinchi bo‘limlar bo‘yicha eng yaxshi jamoa emas. Bu borada «Atletik» yaqqol ustun. Ammo chempionlar tanaffusdan keyin o‘yinini kuchaytira olgan: 34 ta o‘yinning 26 tasida ikkinchi bo‘limlarda ustunlik qilgan.

Jamoaning uch futbolchisi la liga mavsumidagi gollar soni bo‘yicha o‘nlik nuqtadan o‘tgan – Rodrigoda 10, Vinisiusda 13, Jud Bellinghemda 18. Gol+pas bo‘yicha ham Jud yetakchi – u 18+4 ko‘rsatkichiga ega.

«Real» muxlislari «Barselona»ga qarshi prinsipial uchrashuvlar natijasidan mamnun – ularda ikki g‘alabaga erishilgan (Superkubokda esa yirik hisob qayd etilgan), ammo «Atletiko»ga qarshi o‘yinlar o‘xshamagan (olti imkoniyatdan faqat bir ochko olingan, Superkubokda 5:3 hisobida g‘alaba – ammo Kubok o‘yini erta tark etilgan).

Luka Modrich «Real» bilan 25-sovrinini qo‘lga kiritdi, Dani Karvaxal va Nacho – 24-, Toni Kroos – 21-sovrinni. Karlo Anchelottining murabbiylik faoliyatidagi sovrinlari soni – 27 titul. Florentino Peres 34 sovringa ega. Va bu «Real» prezidentlari orasidagi rekord.

La Liga, 34-tur
«Real» — «Kadis» 3:0
Gollar: Dias (51), Bellinghem (68), Xoselu (90+4).
«Real» – Kurtua, Karvaxal, Nacho, Militao, Fran Garsiya, Modrich, Seballos, Kamavinga (Valverde, 80), Dias (Vinisius, 73), Guler (Bellinghem, 66), Xoselu.
«Kadis» – Ledesma, Saldua (Karselen, 66), Fali Ximenes, Viktor Chust, Xavi, Navarro (Alexo, 84), Aleks Fernandes (Pires, 66), Alkaras, Eskalante, Ramos (Xuanmi, 75), Sobrino (Maksi Gomes, 75).
Ogohlantirish: Saldua (38).

«Jirona» — «Barselona» 4:2
Gollar:
Dovbik (4), Portu (65, 75), Gutiyerres (67) — Kristensen (3), Levandovski (45+1, penalti).
«Jirona» – Gassaniga, Erik Garsiya, Blind, David Lopes (Portu, 65), Migel Gutiyerres, Aleish Garsiya, Errera, Martin, Tsigankov (Yan Kouto, 65), Savio (Fernandes, 86), Dovbik.
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Kanselu, Serxi Roberto (Romeu, 79), Kristensen (Pedri, 69), Gundo‘g‘an, Lopes (Rafinya, 69), Yamal (Joau Feliks, 84), Levandovski (Ferran Torres, 79).
Ogohlantirishlar: Kunde (28), Arauxo (39), Roberto (43).

Ko‘proq yangiliklar: