Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi uch viloyat hissasiga to‘g‘ri kelyapti 

O‘zbekiston 08:25 / 04.05.2024 13744

O‘zbekistonda so‘nggi 1 oyda ayrim iste’molchilarning energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlari natijasida davlat manfaatlariga 58 milliard 846 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. 

“O‘zenergoinspeksiya” xabariga ko‘ra, Bosh prokuratura va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aprel oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 539 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.

Bunda 39 milliard 518 million so‘mlik elektr energiyasi (41 million 241 ming kilovatt-soat) va 19 milliard 328 million so‘mlik tabiiy gaz (12 million 883 ming metr kub) talon-toroj qilinishi natijasida davlat manfaatlariga keltirilgan jami 58 milliard 846 million so‘mlik zarar undirishga qaratildi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: