Andijonda Xitoy tajribasi asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari tashkil qilinadi

O‘zbekiston 09:41 / 03.05.2024 1842

“Andijon viloyati hududlarida Xitoy tajribasi asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Andijon viloyat hokimligining:

  • Xitoy tajribasi asosida har bir tumanda 5 gektarda 10 sotixli bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish;
  • tashkil qilingan issiqxona xo‘jaliklarini kambag‘al oilalarga tekin foydalanish uchun ijaraga berish;
  • issiqxona xo‘jaliklari uchun urug‘, ko‘chat va o‘g‘itlarni agregatorlar tomonidan yetkazib berilishini tashkil etish;
  • tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari uchun to‘liq agroservis xizmatlarini ko‘rsatish, malakali agronomlarni biriktirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Andijon viloyat hokimligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Oltinko‘l, Shahrixon, Baliqchi va Buloqboshi tuman hokimliklari zaxirasidan 10 sotixli issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun 5 gektardan yer maydonini qonunchilikda belgilangan tartibda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi balansiga ajratish choralarini ko‘radi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi loyiha doirasida:

a) kambag‘al oilani aniqlaydi, issiqxona xo‘jaliklarini qurish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash, tender o‘tkazish hamda quruvchi pudratchilar bilan shartnoma tuzadi;
issiqxona xo‘jaliklarini kambag‘al oilalarga 2 yil muddatga ijara huquqi asosida tekin foydalanishga topshiradi;
issiqxona xo‘jaliklarini o‘z balansida saqlaydi hamda ijara muddati tugaganidan so‘ng boshqa kambag‘al oilalarga topshiradi;
b) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Andijon viloyat hokimligi bilan birgalikda:

  • issiqxona xo‘jaliklariga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (jumladan gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortilishini ta’minlash;
  • loyiha-oldi va loyiha hujjatlarining (TIA, chizmalar va boshqalar) tayyorlanishi va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash;
  • issiqxona xo‘jaliklarini qurish, jihozlashga oid loyihalarning konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish choralarini ko‘radi;

v) kambag‘al oila:

  • issiqxona xo‘jaliklari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddatgacha tuzilgan shartnoma asosida issiqxona xo‘jaliklarida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi;
  • issiqxona xo‘jaliklarini 2 yil muddatga ijara huquqi asosida tekin foydalanish uchun qabul qilib oladi hamda kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlaydi.

Issiqxona xo‘jaliklarini qurish, jihozlash Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklariga agronomlarni biriktirib, limon, brokkoli, malina, eksportbop qalampir kabi yuqori daromadli ekinlar ekish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

Kambag‘al oilalarni daromad topishga o‘rgatish maqsadida belgilangan tumanlarda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan saqlanadigan 6 shtat birligidan iborat “Boshqaruv ofislari” tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: